Haqiqatan ham, maktablarda oʻqitish sifati juda past. Hatto haddan ziyod past, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Men bu xususda koʻp yozganman. Xususan, “Oʻtkan kunlar” romanini oʻqimagan ona tili va adabiyot oʻqituvchilarini ijtimoiy tarmoqlarda ayblaganman. Hozir ham oʻsha fikrlarimdan qaytmayman: darslikdan narini koʻrolmaydigan oʻqituvchiga farzandlarimiz taqdirini topshirish achinarli.
Lekin yana bir haqiqat borki, men achinarli deganim bilan nima oʻzgaradi? Filolog muallimning vijdoni qiynalib “Oʻtkan kunlar” yoki boshqa mumtoz asarlarni oʻqiydimi? Yoʻq, shaxsan men bunga ishonmayman. Bir viloyat malaka oshirish tizimidagi vaziyatni oʻn oy davomida kuzatib shunday xulosaga keldim. Demoqchimanki, mavjud muammolarni aytish, oʻqituvchini tanqid qilish orqali ijobiy natijaga erishish mushkul.
Mamlakatimizda taʼlim tizimiga yondashuv oʻzgarmas ekan, vaziyat oʻnglanmaydi!
Xoʻsh, yondashuv qanday boʻlishi kerak? Quyida mazkur masala boʻyicha mulohazalarimni bildiraman:
1. “Faqat bilimdonlar oliy oʻquv yurti talabasi boʻlishi lozim!” degan adolatli tamoyil hududlar boʻyicha oʻqituvchilar taqsimotini buzib yubordi. Masalan, qaysidir hududda ona tili va adabiyot oʻqituvchisi koʻp, boshqa joyda esa mazkur fan muallimiga ehtiyoj kuchli. Taqsimot notekis, vaziyat past-baland! Hammasiga sabab-hududlar kesimida mutaxassisga ehtiyojni avvaldan hisobga olinmagani. Ayni damda ham shu tamoyil taʼlim sohasiga aloqador qabul jarayonlarida hamon davom etmoqda. Shunday davom etilsa, maʼlum hududda oʻqituvchilar soni ortib boraveradi va ularni ish bilan taʼminlash muammo boʻlib qolaveradi. Oʻqituvchilarning aksariyati ayollar ekanini hisobga olsak, mutaxassislarni bir hududdan boshqasiga yoʻnaltirish amalda mumkin emas. Muammoning besh-oʻn yilni qamrab olguvchi vaqtinchalik yechimi bitiruvchilarni oliy oʻquv yurtlariga yoʻnaltirishni maktablar ixtiyoriga topshirish. Har bir maktabning barcha oʻqituvchi va oʻquvchilar, ota-onalar tan oladigan, eʼtirof etadigan aʼlochi bitiruvchilari boʻladi. Maktab kuzatuv kengashi qaroriga koʻra, ularni tegishli oliy oʻquv yurtlari birinchi kurslariga qabul qilinishi lozim. Bitiruvching 11 yil davomida maktabda qanday oʻqigani barchaga maʼlum. Shuning uchun kuzatuv kengashi qaror chiqarishda adolatsizlikka yoʻl qoʻyolmaydi. Maktab hayoti va u joylashgan hududda buning iloji yoʻq. Shu yoʻldan borilsa maktabning aʼlochi bitiruvchisi oʻsha maktabga bilimdon oʻqituvchi boʻlib qaytadi, taqsimot borasidagi notenglik ham yoʻqoladi. Qolaversa, bu yoʻl qabul jarayoni va imtihonlar bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytiradi, qancha ish vaqti tejaladi.
2. Pedagogik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlarida talabalarga qoʻyiladigan talablarni maktab oʻquv dasturlaridan kelib chiqib belgilanishi darkor. Men bu oʻrinda filologik yoʻnalish boʻyicha fikrimni aytaman. Davlatimiz rahbari kitobxonlikka alohida eʼtibor berayotgan bir pallada filologik yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalar oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari matni bilan tanishishi majburiy qoidaga aylantirilishi shart. Har bir filolog talaba “Alpomish”,”Qutadgʻu bilig”, “Xamsa”, “Boburnoma”, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Navoiy”, “Sarob”, “Shum bola”, “Mirzo Ulugʻbek”, “Abulfayzxon”, “Ulugʻbek xazinasi”, “Yulduzli tunlar”, “Ufq”, “Chinor”, “Ruhlar isyoni”, “Jannatga yoʻl”, “Urush va tinchlik”, “Yevgeniy Onegin”, “Zamonamiz qahramoni”, “Jinoyat va jazo”, “Don Kixot”, “Faust”, “Otello”, “Hamlet”, “Qizil va qora”, “Chol va dengiz” kabi nodir asarlar matni boʻyicha alohida-alohida sinov topshirib, muvaffaqiyatli oʻtsagina unga diplom berish tamoyili joriy etilsa, koʻzlangan maqsadga erishish mumkin. Agar filolog talaba toʻrt yil davomida adabiyotning poydevori boʻlgan asarlarni oʻqimasa yoki uni oʻqishga majbur qilinmasa, keyinchalik adabiy hayotda paydo boʻladigan yangi asarlarni oʻqib borish uning uchun odatga aylanmaydi. Bu — masalning bir jihati, xolos.
Filolog talaba toʻrt yil davomida xatosiz yozish va matn tuzish hadisini ham olishi zarur. Hozir bu borada ona tili va adabiyot oʻqituvchilari maqtanisholmaydi. “Repetitor” tahririyatiga ona tili va adabiyot oʻqituvchilari tomonidan yuborilayotgan yuzlab maqolalarni oʻqigan kishining figʻoni falakka chiqishi tabiiy. Ular oliy oʻquv yurtida nimani oʻrganishgan oʻzi? Yozishni, matn tuzishni bilishmasa, sara badiiy asarlarni oʻqimagan boʻlsa, toʻrt yil davomida ular oliy oʻquv yurtida nima ish bilan mashgʻul boʻlgan? “Repetitor” tahririyatida oʻqituvchi va oʻquvchilarni xatosiz yozish, matn tuzishga yoʻnaltiruvchi bir qancha tajriba toʻplangan. Fikrimcha, boshqa mutaxassislarda ham mazkur muammo yechimi boʻyicha aniq va joʻyali takliflar bor. Ulari oʻrganib, umumlashtirib oliy oʻquv yurtlari oʻquv dasturlariga tatbiq qilish vaqti keldi.
Men faqat filologik yoʻnalish boʻyicha takliflarimni oʻrtaga tashladim. Oʻylaymanki, boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham mutaxassislar orasida shunday takliflar mavjud. Hamma gap- oʻsha takliflarni eshitishda, ularga quloq solishda!
Kezi kelganda taʼkidlash joiz: men grammatik qonun-qoidalarni oʻrgatish tarafdoriman. Faqat maktab ona tili oʻquv dasturida, iloji boricha, qonun-qoidalar maydalashtirilib va mavhumlashtirilib yuborilmagani maʼqul. Bu jarayonda eʼtibor qaratiladigan jihat — matn tuzish mexanizmini bosqichma-bosqich oʻrgatish. Hozir maktab ona tili darsliklarida matn tuzish mexanizmi va uning bosqichlari yoritilmagan.
3. Bugun maktablarda vaziyat shu darajada murakkabki, bitiruvchisi oliy taʼlim muassasasiga kirmagan maktab byudjetini qisqartirish va ushlab qolingan mablagʻni bitiruvchisi oliy oʻquv yurti talabasiga aylangan maktab hisobiga oʻtkazish mutlaqo oʻzini oqlamaydi, ayniqsa pandemiya paytida. Qaysidir maktab bitiruvchisi bu yil oliy oʻquv yurtiga kirmagan boʻlsa, shu yilning oʻzida oʻsha maktab oʻqituvchilarini ayblash nooʻrin. Yana kamida bir yil vaqt bermasdan turib, moliyaviy jazo usulini qoʻllash oʻqituvchining sabr kosasini toʻldirib yuboradi. Boz ustiga, ayb faqat oʻqituvchining oʻzida ham emas. U sinfda barcha oʻquvchiga masʼul. Agar uning zimmasiga aʼlochi oʻquvchilarni oliy oʻquv yurtiga kiritish majburiyati yuklansa, yaʼni ayni shu jihatga koʻra uning maoshi oshiriladigan boʻlsa, yana kim oʻzar poygasi boshlanadi,aksariyat oʻquvchilar eʼtibordan chetda qolib faqat aʼlochilar haqida oʻylanadi. Ochigʻi, bugun maktab oʻqituvchisidan repetitor amalga oshirayotgan ishni talab qilish mantiqqa zid. Chunki repetitor oʻzi oʻqishni xohlovchi va buning uchun pul toʻlovchi oʻquvchilar bilan ishlaydi. Maktab oʻqituvchisida esa bunday imkoniyat yoʻq. U sinfdagi har bir oʻquvchi bilan ishlashga majbur. Sinfdagi oʻquvchilarning 50-60 foizi esa oʻqish-yozishda noʻnoq. Bilim haqida gapirish ortiqcha. Aniqrogʻi, oʻqituvchining oʻzi repetitorga muhtoj. U oliy taʼlimdagi maktab hayotidan uzoq oʻquv dasturi sabab shu holga tushgan. Unga yordam berish — ilgʻor ziyolilarning burchi. Lekin qachonki talabalikka yoʻllash maktab ixtiyorida boʻlmas ekan, bu muammoni oxirigacha hal etish mushkul.
4. ikki yil avval maktab direktorlarini saylash va bu jarayonni kuzatuv kengashlari ixtiyoriga topshirish masalasi koʻtarilgandi. Afsuski, bu jarayon hayotga toʻliq tatbiq etilmadi. Bizda eng oddiy haqiqat va mantiq esdan chiqyapti. Unutmaylikki, har bir maktab va u joylashgan hudud aholisi qaysi oʻqituvchi direktorlikka munosib ekanligini taʼlim mutasaddilaridan koʻra yaxshi farqlaydi. Farzandlari taqdirini qaysi oʻqituvchi yoki direktorga topshirish ixtiyori aholiga berilsa, xalq zarur rahbar va oʻqituvchini oʻzi tanlaydi, bunda deyarli adashmaydi. Jamoatchilik tomonidan saylangan direktor esa xalqqa yoqadigan, Prezident orzularini roʻyobga chiqaradigan pedagogik jamoani shakllantiradi. Pedagogik jamoani shakllantirishda u erkin boʻlishni istaydi. Yuqori tashkilotdan buyruq yoki yoʻllanma olib kelgan istalgan oʻqituvchini ishga olish uning imkoniyatlarini chegaralaydi, obroʻyini tushiradi. U - maktab direktori! Shunday ekan, maktabga oʻqituvchini tanlab olishga va bu borada kuzatuv kengashiga suyanishga haqli. Oliy oʻquv yurtini bir amallab tamomlagan diplomli, ammo saviyasiz mutaxassisni u ishga ololmaydi! Yosh mutaxassisni saviyasizligi sababli ishga olmasa, maktab direktorini ayblamaylik. U oʻsha “mutaxassis”ni ishga olmayotgan paytda oʻzini emas, balki kelajak avlod taqdirini oʻylayotgan boʻladi.
5. Taʼlim muammolarining yana bir jihati darsliklar saviyasi bilan aloqador. Deylik, boshlangʻich sinf “Oʻqish kitobi” darsliklarida, asosan, yil fasllari tarannum etilgan matnlar beriladi. Umuman olganda, “Oʻqish kitobi” darsliklari yil fasllari bilan bogʻliq konsepsiya asosida yoziladi. Mutlaqo eskicha yondashuv! Biz XXI asrda yashayapmiz. Bugun axborot texnologiyalari zamoni. Oʻquvchiga Stiv Jobs, Bill Gyots, Oleg Durov, Mark Sukurberg haqidagi badiiy matnlarni yetkazish davri. Oʻquvchi shunday taraqqiyot sari intilmoqda. Oʻqituvchi va darslik mualliflari esa hayotdan orqada. Agar darsliklarni yozish konsepsiyasi mutlaqo oʻzgartirilmas ekan, bizning orzularimiz taraqqiyot odimlariga yutqazadi! Men faqat boshlangʻich sinf “Oʻqish kitobi” haqida eslatdim. Holbuki boshqa darsliklarda ham ahvol haminqadar. Shunday xulosa uchun darslik yozishga mehnat va vaqt sarflagan mualliflardan uzr soʻrayman! Xulosalarim ularga ogʻir botadi. Biroq shunday istihola ichra qachongacha oʻzimizni, farzandlarimizni aldaymiz?!
Yuqoridagi mulohazalarni oʻqigach, “Vaziyat shunday ekan, yangilanishni kimlar amalga oshiradi?” degan savol tugʻilishi aniq. Xavotirlar oʻrinsiz. Taʼlim tizimini, darsliklarni yangilashga qodir avlod bizda allaqachon voyaga yetgan. Faqat ularni asosiy maqsad sari yoʻnaltirilmayapti, aniqrogʻi, mutasaddilar va ularni koʻrinmas toʻsiq ajratib turibdi. Jamiyat mana shu koʻzga koʻrinmas toʻsiqlarni olib tashlab, oʻzini namoyon etolmayotgan asl kuchlarga quchoq ochsa, yangi Oʻzbekiston barpo boʻlishi muqarrar!
Muhammad VALI