Taʼlimsiz taraqqiyot, ilm-fansiz yuksalish boʻlmaydi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 15-yanvar sonida Samarqand davlat universiteti professori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinovning “Taʼlimsiz taraqqiyot, ilm-fansiz yuksalish boʻlmaydi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha eʼlon qilingan “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori oʻquv dargohimiz professoroʻqituvchilari, talabalari tomonidan qizgʻin kutib olindi.

    Samarqand davlat universiteti azaldan katta ilmiy salohiyatga egaligi, xalqaro darajada tan olingan ilmiy maktablari, dunyoda eʼtirof etilgan zabardast olimlari bilan maʼlum va mashhur. Jumladan, bu oliy taʼlim muassasasi Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Saʼdiy, Vohid Abdullayev, Usmon Nosir, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor, Gʻaybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Omon Matjon, Nuriddin Shukurov, Rahmatulla Qoʻngʻurov, Xudoyberdi Doniyorov kabi yuzlab ulugʻ olim va adiblarni kamolotga yetkazgani barchamizda faxr-iftixor uygʻotadi.

    Yarim asrdan ziyod umrini oliy taʼlim tizimiga bagʻishlagan olim sifatida sohaga hech qachon bu qadar eʼtibor qaratilmaganini ayta olaman. Bir paytlar Toshkentdan keyin eng koʻp oliy taʼlim muassasasi Samarqandda joylashgan edi. Oʻshanda viloyatda bor-yoʻgʻi toʻrtta oliy oʻquv muassasasi mavjud edi. Hozir ularning soni yigirmaga yaqinlashdi. Bu saʼy-harakatlar shunchalik shiddat bilan rivojlanyaptiki, odam baʼzan eshitib ulgurolmayotir.

    Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga binoan, Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomining berilishi juda oʻrinli va munosib ish boʻldi. Chunki atoqli davlat arbobi 1937–1941-yillarda Samarqand davlat universitetida oʻqigan. Katta hayotga yoʻllanmani ham aynan mana shu tabarruk dargohdan olgan. Ikkinchi jahon urushidan qaytgan Sharof Rashidov avval viloyat gazetasida, keyinchalik yuqori rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. Shundan boʻlsa kerak, bu ulugʻ inson bir umr Samarqand davlat universitetini qadrladi, eʼzozladi. Oʻzi tahsil olgan ilm dargohini, ustoz va doʻstlarini unutmadi. Oliy taʼlim muassasasining yubiley sanalarida ishtirok etdi. Uni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatladi.

    Qarorda universitet qoshida Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi hamda Muhandislik fizikasi institutlari, shuningdek, Samarqand davlat universitetining Urgut filiali ochilishi belgilangan. Bu juda katta tarixiy voqea. Bugun dunyoda zamonaviy ilm-fan tushunchasi mavjud. Bu ehtiyoj va talabni hisobga olib, yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish, shakllantirishni oʻz ichiga oladi. 2016-yildan boshlab Samarqand davlat universitetida ham bir necha yangi fakultet ochildi. Xalqaro taʼlim dasturlari, agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, inson resurslari, raqamli texnologiyalar fakultetlari shular jumlasidan. Bundan tashqari, universitetning Oʻzbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti, Kattaqoʻrgʻon filiali faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi ham oliy taʼlim tizimidagi islohotlar natijasidir.

    Universitetimizda yillar davomida toʻplangan bilim va tajribani yanada ommalashtirish, maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichini oshirish maqsadida qator ijobiy ishlar qilinmoqda. Aholi sonining muntazam ortishi bilan oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli ham oshmoqda. Bu mazkur global muammoni zudlik bilan hal etishni, sohaga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etishni taqozo qiladi. Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti ham bu borada qoʻyilgan oʻta muhim qadam. Universitetning agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti oʻzining qisqa faoliyati davomida qator amaliy ishlarni bajarishga erishdi. Dunyoning oʻnlab nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan oʻrnatilgan aloqalar, kelishuvlar fikrimizga dalil boʻla oladi.

    Endi institut darajasida koʻlam bundan-da kengayadi. U nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda oʻz oʻrni, salohiyatiga ega muassasa boʻlishi uchun barcha imkoniyat mavjud. Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutining tashkil etilishi ham mantiqiy ahamiyatga ega. Zero, universitetning fizika fakultetida oʻtgan davrlarda bir necha ilmiy maktablar yaratilgan va dong taratgan. Mazkur fakultetni bitirganlar orasidan oʻnga yaqin akademiklar yetishib chiqqani ham fikrimizni isbotlaydi. Akademik Akbar Otaxoʻjayevning optika, akademik Tolib Moʻminovning yadro fizikasi maktabi shular jumlasidan. Mubolagʻasiz mazkur maktablarning nomi xalqaro doiralarda tan olinadi va eʼtirof etiladi.

    Bugun ham ushbu dargohda professorlar Obloqul Quvondiqovning elektromagnetizm, Abduvohid Jumaboyevning optika va spektroskopiya, Neʼmat Nizomovning molekulyar lyuminisensiya, Leonard Sobirovning lazer fizikasi, Rustam Ibodovning nazariy fizika, Bahrom Mahmudovning kosmik nurlar fizikasi, dotsent Eshquvvat Arziqulovning qattiq jismlar fizikasi ilmiy maktablari mavjud boʻlib, mazkur yoʻnalishlarda keng koʻlamli tadqiqotlar olib borilmoqda.

    Urgut tumanida tugʻilganman. Hududni va ahlini juda yaxshi bilaman. Ular bagʻrikeng va mard, dunyoqarashi, fikrlash tarzi butunlay boshqacha. Urgutliklar qadimdan tadbirkor, ishbilarmon, yangilikka intiluvchan, bunyodkor, tanti, qisqasi, zamon bilan hamnafas, hamqadam. Bu tuman nafaqat Samarqand viloyatining, balki mamlakatimizning iqtisodi jadal rivojlanayotgan hududlaridan. Unga bitta ziyo maskani, oliy taʼlim muassasasi yetishmayotgan edi. Qarang, Prezidentimiz qarori bilan mana shu boʻshliq toʻladigan boʻldi. Urgut endi faqat iqtisodi rivojlangan tuman emas, balki maʼrifat va maʼnaviyat markazlaridan biriga ham aylanadi. Xuddi Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz, Kattaqoʻrgʻon, Gʻijduvondek gullab yashnaydi.

    Prezidentimiz qarori biz, olimlar zimmasiga juda katta masʼuliyat yuklashini bilamiz. Bu ishonchga, eʼtiborga, gʻamxoʻrlikka amaliy ishlarimiz bilan javob qaytaramiz. Jonajon universitetimiz yanada taraqqiy etadi. Chunki taʼlimsiz taraqqiyot, ilm-fansiz yuksalish boʻlmaydi.