Taʼqiqlandi, ammo davom etyapti

    Fikr 27 Oktabr 2021 2714

    Bugungi globallashuv davrida har qanday sohani tahlil qilish va tegishli xulosalar chiqarish uchun bevosita statistik raqamlarga murojaat qilish oʻrinli.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil mart oyidagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining 4-bandiga asosan, 2021-yil 1-iyundan boshlab, davlat organlari va tashkilotlariga 18 turdagi maʼlumot va hujjatlarni fuqaroning oʻzidan bevosita talab qilish rasman bekor qilingan edi.

    Bular qanday hujjatlar?

    Idoralar va tashkilotlarga yumushlar bilan borilganda ruhiy kasalliklar va narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi, sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik), manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish, fuqarolarning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yoʻqligi, fuqaro turar joyining maydoni, soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi, soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligi, pensiya va nafaqa miqdori, pensiya va nafaqa oluvchilar roʻyxatida mavjud yoki mavjud emasligi, nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi, shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalarini bevosita talab qilish hamda mehnat daftarchalari va ularning nusxalari, ish haqi va ish stajini tasdiqlovchi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalar, kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilib olish tartibi bekor qilingan.

    Biroq bu tartib deyarli barcha tashkilot va idoralarda oʻz amaliy ifodasini topgani yoʻq. Bir soʻz bilan aytganda, qoʻyilgan talab deyarli “ishlamayapti”.

    Qonun buzilish holatlarini qanday isbotlash mumkin?

    Birgina Fargʻona viloyati misolida oladigan boʻlsak, 2021-yilning sentyabr-oktyabr oylari davomida viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 13 ming 913 ta shu turdagi maʼlumotlar va hujjatlarni berish yuzasidan davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Bu esa ayni damlarda ham tashkilot, korxona va idoralar vakillari fuqarolarning oʻzidan bevosita ana shu 18 turdagi hujjat va maʼlumotnomalarni talab qilayotganidan dalolat. Buni esa ochiqdan ochiq qonun talablarini bajarmaslik deyish mumkin. Aniq tahlillarga oʻtamiz:

    Davlat xizmatlari markazlariga kelayotgan fuqarolarning aytishicha, aholi va tadbirkorlik subyektlari ushbu turdagi hujjat va maʼlumotlar soʻralgan tashkilotlarga taqdim etish maqsadida markazlarga murojaat qilishga majbur boʻlgan.

    Masalan, murojaatlarning mazmuniga koʻra, ushbu turdagi maʼlumotlar va hujjatlarni 1983 tasi tibbiyot birlashmalariga, 1435 tasi ichki ishlar organlariga, 1143 tasi mudofaa organlariga, 912 tasi mahalliy hokimiyat organlariga, 886 tasi xalq taʼlimi muassasalariga, 805 tasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tizimidagi muassasalariga, 699 tasi xususiy faoliyat koʻrsatuvchi notariuslarga, 337 tasi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlimlariga, 586 tasi bandlik va mehnat munosabatlari organlariga, 538 tasi elchixonalarga, 442 tasi soliq organlariga, 234 tasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga, 226 tasi Yoshlar ishlari agentligi boʻlimlariga, 226 tasi tijorat banklarga, 203 tasi qurilish organlariga, 145 tasi Kadastr agentligi hududiy boshqarmasiga,
    82 tasi maktabgacha taʼlim muassasalariga va 3 031 tasi boshqa mikrokredit va xususiy tashkilotlarga taqdim etishga zaruriyat boʻlganligini bayon qilgan.

    Holbuki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-sonli “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonga muvofiq, ushbu maʼlumotlar va hujjatlar masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinishi belgilangan.

    Talablar bajarilmagan taqdirda qonunan javobgarlik belgilanganmi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi
    “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish hamda ushbu sohadagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish Davlat xizmatlari agentligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Shuning uchun Farmonda koʻrsatilgan hujjat yoki maʼlumotlarni aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilingan holat aniqlangan taqdirda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanib, masʼul shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 2155-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilishlari kerak.

    Bu kabi salbiy oqibatlarga barham berish maqsadida ushbu masala DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi rahbariyati tomonidan joriy yil 15-oktyabrda boʻlib oʻtgan Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining navbatdagi 36-sessiyasiga ham olib chiqildi. Unda bugungi kunning eng dolzarb 9 ta masalalari bilan birgalikda bugungi kunda davlat xizmatlari markazlari bilan hamkorlikda ishlayotgan tashkilotlarning integratsiyalashuvi, bu borada sohada uchrayotgan muammolar va takliflar haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Maʼruza davomida davlat xizmatlarini koʻrsatishda hamkor tashkilotlarda uchrayotgan talay muammolarga aniq takliflar bildirilib, yechim yoʻllari koʻrsatib oʻtildi. Davlat xizmatlari koʻrsatilishi holati yuzasidan fuqarolardan kelib tushadigan ariza va shikoyatlarda koʻtarilayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha deputatlik soʻrovi institutidan keng foydalanish va har oyda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirlarni monitoring qilgan holda oʻrganib borish, natijalarini mahalliy Kengashlarning tegishli doimiy komissiyalari yigʻilishlari hamda Kengash sessiyalarida muhokama etib borish takliflari bildirildi.

    Shu bilan birgalikda, Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga Farmonda koʻrsatilgan hujjat yoki maʼlumotlarni aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilingan taqdirda maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirish xatlari kiritilyapti.

    Bundan tashqari, Davlat xizmatlari markazlariga yuridik va jismoniy shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatishi chogʻida ushbu turdagi maʼlumot va hujjatlarni talab etgan tashkilotlarning roʻyxati yuritilishi hamda boshqarmaga “Maxsus xabar” berish vazifasi yuklangan.

    Hayotga tatbiq etilayotgan har bir Qaror va Farmonlarda inson haq huquqlari, qadr qimmati va ularga yaratilajak sharoit va imkoniyatlar mujassam. Shunday ekan, ana shu qonunchilikka xalq vakillari sifatida har bir idora va tashkilot rahbarlari hamda xodimlari teng ravishda amal qilishlari ertangi kunda fuqarolarimizning ogʻirini yengil qilishlariga yana bir qadam boʻladi.

    Farxod Nugmanov,

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi

    boʻlim boshligʻi.

    No date selected
    mart, 2024
    1
    2
    3
    4
    5
    6
    7
    8
    9
    10
    11
    12
    13
    14
    15
    16
    17
    18
    19
    20
    21
    22
    23
    24
    25
    26
    27
    28
    29
    30
    31
    Use cursor keys to navigate calendar dates