Tadbirkorlar tasodif, omad, sharoit, imkoniyat va tavakkal kabi so'zlarni ko'p ishlatishadi. Qaysidir tadbirkorning ishbilarmonlik taqdirida bu iboralar qandaydir o'ringa ega bo'lsa bordir, biroq biror mamlakat iqtisodiyoti ravnaqida tasodif muhim rol o'ynamagan.

Biznesni men xorijda savdo-sotiq yo'nalishida boshlaganman. Ishlar yurishib, oyoqqa turib olgach, O'zbekistonda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishni niyat qilib, hamkor axtardim. Bundan o'n besh yil muqaddam so'rab-surishtirib topgan hamkorimiz O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi Qobul Tursunov bo'ldi. U kishiga Navoiy shahrida pivo ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ochish rejasini bildirganimda, hududda to'qimachilik sanoati umuman yo'lga qo'yilmaganini aytib, bu borada o'zining aniq hisob-kitoblarini bayon etdi.

O'rganishlar bu fikrlar haqiqat ekanini tasdiqladi. To'qimachilik sohasida xususiy biznesga kelganda, uni yo'lga qo'yish nari tursin, ro'yxatdan o'tkazishning o'zi ne-ne mashaqqatlarni talab etishini yaxshi bilardik. Chunki o'sha davrda paxtani qayta ishlash oshkora va pinhona monopoliya bo'lib, unga faqat muayyan toifadagi kishilar yaqinlasha olardi.

Shunga qaramay, tavakkal qilib, 2006-yilda “Baxt-textile” MCHJ O'zbekiston - Lixtenshteyn qo'shma korxonasini tashkil etdik. Ming bir idora eshigini taqillata-taqillata valyutada kredit oldik. Uskunalarni keltirib o'rnatdik. 600 ga yaqin yangi ish o'rni yaratildi. Akademiyani tugallagan Qobul Tursunov korxonaga direktor etib tayinlandi. Dastlabki yillardayoq 10 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksporti ko'rsatkichiga chiqdik.

O'sha payt 2007-yil ekanini inobatga olsak, respublikada bu yillari birorta ham xususiy korxona mazkur hajmdagi mahsulot eksportiga erishmagan. Lekin bu o'z-o'zidan bo'lmasdi. Birgina paxta tolasini olish uchun kimdir viloyatda eksport rejasi barbod bo'lishini aytib, o'rtaga tushmasa, masala echimini topmasdi. Shuningdek, yigirilgan mahsulot - kalava ipni eksport qilishda ham yuz foizli oldindan to'lov, degan talab bor edi. Xudodan bekitmaganni bandasidan yashirib nima qilamiz, hammasining ilojini topish shart edi. Boshqacha aytganda, biznesimiz o'sha kezlar dorbozlikni eslatardi. Harakat qilaverasan, lekin oyog'ing qaltiraydi. To'xtasang, yiqilasan.

Har holda ishimiz rivojlandi. O'sha kezlari har yili 3000 tonnagacha mahsulot eksport qilardik. Ishtaha ovqat vaqtida ochiladi, deganlaridek, biznesimizni kengaytirish, tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarish rejalari tug'ildi.

2017-yil martida paxtachilik klasteriga asos soldik. Bu uzoq yillar mobaynida paxtaning yaqiniga ham yo'latilmagan tadbirkorlarga faqatgina ishonch emas, agrar tarmoq ertasiga, ming-minglab odamlar taqdiriga mas'ullikni ham yukladi.

Paxtachilik klasterimizga 24 684 gektar ekin maydoni ajratildi. Dastlabki yili hosildorlik 28 sentnerga etib, olingan foyda 40 milliard so'mni tashkil etdi. Birgina “Toshrabot-tekstil”da 250 nafar ayolning ish bilan ta'minlanishi 150 oilaning yillik daromadini 7 million 200 ming so'mga oshirish imkonini bermoqda. Shuningdek, Navoiy viloyatining Karmana, Andijon viloyatining Oltinko'l tumanlarida, Farg'ona viloyatining Farg'ona shahrida shu kabi korxonalarning ishga tushirilishi natijasida bugungi kunda 3000 nafar xotin-qizning bandligi ta'minlandi.

Bundan tashqari, paxta to'qimachilik klasteri negizida yangi korxona va fabrikalar tashkil qilindi. Bunga misol qilib Navoiy shahrida yangi texnologiyali pnevmatik va kompakt usulda kalava ip yigirish fabrikalari ishga tushirilgani, buning natijasida 800 ta yangi ish o'rni yaratilganini keltirsam bo'ladi.

Qishloq joylarda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida Karmana tumanida “Agro Baxt”, “Baxt-Madaniyat”, “Baxt-Jaloyir” tikuv fabrikalari tashkil qilindi. Natijada ularga 1200 nafar yigit-qiz ishga qabul qilindi. Eng quvonchlisi, korxonalar tayyor mahsulotlar eksporti hajmini bir necha barobar oshirishga erishdi. Jumladan, 2021-yilning sakkiz oyida Navoiy viloyatida 24 million hamda korxonaning boshqa viloyatlardagi filial va sho''ba korxonalarida 18 million AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.

Bugungi kunda Polsha, Rossiya, Turkiya, Belarus, Eron va Xitoy tayyor mahsulotlarimizning asosiy xaridorlari hisoblanadi. Yevropa bozorlariga chiqishni kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettiryapmiz.

Rossiyaning Moskva shahrida korxonalarimizda trikotaj va gazlama mahsulotlaridan ishlab chiqariladigan tayyor kiyim-kechaklar sotish maqsadida “Aziya invest bank” va “Baxt-textile” guruhi hamkorligida qo'shma loyiha ishga tushirildi va savdo logistika markazi tashkil etildi.

Agrar sohaga yangi texnologiyalar olib kirdik. Gidroponika uslubida qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydik. Karmana tumanida 11 gektarli, Navoiy shahrida 3 gektarli, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida 17 gektarli issiqxonalar tashkil qildik. Hozirgi kunda xalqimiz dasturxoniga ekologik toza pomidor va bodring yetkazib beryapmiz.

Biznesni kengaytirishga qaratilgan katta rejalarimiz bor. Ayni damda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida yiliga 10 ming tonna paxta tolasidan kalava ip yigirish fabrikasini quryapmiz. Buning natijasida 600 nafar yigit-qiz ishli bo'ladi. Fabrika 2022-yilning birinchi choragida o'z faoliyatini boshlaydi.

Paxtachi tumanida esa 800 ish o'rinli tikuv fabrikasini qurib bitkazish arafasida turibmiz. Chet eldan yuqori malakali mutaxassislarni taklif qilib, yoshlarni o'qitib, ularga kasb o'rgatyapmiz.

Shu bilan birga, kelgusi yilda Navoiy viloyatida qiymati 1,3 trillion so'mlik, yiliga 25,9 ming tonna kalava ip va matoni bo'yash loyihasi amalga oshiriladi. Uning hisobidan 1500 ta yangi ish joyi yaratiladi. Qiymati 163,3 milliard so'mlik, 4200 ta yirik va 5000 bosh mayda shoxli mol boqishga ixtisoslashgan chorvachilik kompleksi ishga tushirilishi esa 150 dan ortiq yangi ish joyini kafolatlaydi.

Yengil sanoat sohasi kam mablag' sarflab, ko'p ish o'rni tashkil etishning eng yaxshi yo'nalishlardan biridir. Shuning uchun asosiy e'tiborimiz kambag'allikni qisqartirish va ehtiyojmand oilalarning daromadini yaxshilashga ko'maklashish, qolaversa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar uchun ish joylari ochishga qaratilgan.

Bugunga qadar 5,1 mingdan ortiq kishining bandligini ta'minlagan bo'lsak, kelgusida loyihalarimiz ishga tushirilishi natijasida yana 3,5 ming yangi ish o'rni tashkil etishni maqsad qilganmiz.

Albatta, biznesda ishlarning doimiy barqarorligi kafolatlanmagan. Chunonchi, o'ta kuchli tashqi va ichki raqobat muhiti, texnologik yangilanishlar, dunyodagi globallashuv jarayonlarining shiddati har doim tadbirkor oldiga o'z shartlarini qo'yib turadi, muammolarni keltirib chiqaradi.

Shu jihatdan biz tadbirkorlarga keyingi paytda ishbilarmonlik muhitini ravnaq toptirish yo'lida taqdim etgan yengilliklari biz uchun taraqqiyotning yangi muzaffar tonglari sari yetaklayapti. Men ushbu imtiyoz va imkoniyatlar samarasini xomcho't qilib ko'rsam, klasterimizning o'zi buning samarasida 100 milliard so'mga yaqin foyda ko'rar ekan.

Bundan tashqari, bir qator to'siqlar olib tashlaganini aytmaysizmi?! Albatta, biz taqdim etilayotgan yengilliklardan olgan foydamizni hududimiz infratuzilmasini yaxshilash, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, yangi korxona va fabrikalar ochish, qishloq aholisining ma'naviy va ma'rifiy hayotini yuksaltirishga yo'naltiramiz.

Bugungi kun rejalari saxovat yoki muruvvat deb emas, balki mamlakatning ertangi kunini belgilovchi, aniq-hisob kitoblarga asoslagan loyihalar, deb bilaman. Albatta, bu omil tadbirkorlik yo'nalishidagi yangi muvaffaqqiyatlarga erishishda faoliyatimizgaga kuch-quvvat, shiddat va yangicha mazmun-mohiyat baxsh etadi.

Bahritdin MO'MINOV,

Navoiy viloyatidagi “Baxt textile” guruhi rahbari