30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan umumxalq referendumini mamlakatimizda demokratiyani yanada mustahkamlash yoʻlidagi yangi sahifa, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Konstitutsiyamizga kiritilishi taklif qilinayotgan bir qator jiddiy oʻzgartirish va qoʻshimchalar siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va umuman, keng jamoatchilik eʼtiborini yaxshi maʼnoda oʻziga jalb etdi.
Quvonarli jihati, Oʻzbekiston hukumati konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga shaffof va inklyuziv yondashib, barcha ovozlar tinglanishini, taklif etilayotgan oʻzgartirishlar xalqning orzu-intilishlari va ehtiyojlarini aks ettirishini taʼminladi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida insonga, uning ijtimoiy himoyasiga eʼtibor hamda mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻprogʻini tashkil etuvchi yoshlarimizning bilimli va yaxshi fazilatlarga ega avlod boʻlib yetishishini taʼminlashga, ilm-fanni, taʼlimni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan qator moddalar aks ettirilgani ahamiyatga molikdir. Jumladan, hozirga qadar “bepul umumiy taʼlim olish” amalda boʻlsa, endilikda “bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olish” kafolatlanishi belgilanmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 51-moddasida “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli” ekani haqida ijtimoiy himoyaga yoʻnaltirilgan bandlar oʻrin olgan. Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bolalar uchun inklyuziv taʼlim-tarbiya taʼminlanishi mustahkamlanmoqda.
Konstitutsiyamizning yangi tahririda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalashning asosi sifatida eʼtirof etilayotgani kishini quvontiradi. Darhaqiqat, yoshlar kelajagi haqida qaygʻurish, ilm va kasb-hunar egasi boʻlishiga qaratilgan harakat davlatning, millatning ertasini taʼminlashga xizmat qilishini hayotning oʻzi isbotlagan. Qolaversa, taklif etilayotgan oʻzgarishlar xalqaro meʼyorlar va demokratik boshqaruv sohasidagi ilgʻor tajribalarga mos keladi. Bizning yanada inklyuziv jamiyat qurish yoʻlida qoʻygan bu muhim qadamimiz nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlmoqda.
Bosh qonunimizning yangi tahriridagi yana bir eʼtibor tortadigan jihat shundaki, u amaldagi Konstitutsiyada koʻzda tutilmagan taʼlim sohasiga oid bir necha moddalarni oʻz ichiga olgan. Misol uchun, yangilangan 44-moddani olaylik, unda “Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi” deb qatʼiy belgilangan.
Demak, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda nafaqat taʼlim sohasidagi normalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda, balki xalqimizning milliy urf-odat va anʼanalarini saqlash maqsadida ayrim moddalar ham sezilarli yangilanmoqda. Misol uchun, amaldagi Konstitutsiyamizning 49-moddasidagi “Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir” degan jumla oʻrniga “Tarixiy, maʼnaviy, madaniy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni himoya qilish, Oʻzbekiston xalqi maʼnaviy va madaniy merosining uzluksizligini taʼminlash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi” kabi keng qamrovli takliflar berilmoqda.
Xalq irodasi va orzu-intilishlarini oʻzida aks ettiruvchi yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizning referendumga qoʻyilgani, shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yangi bosqich, yangi davr boshlanganidan dalolat beradi. Ushbu referendumni shaffof va ishonchli oʻtkazish borasidagi saʼy-harakatlar mamlakatimizning demokratik poydevorini mustahkamlash orqali demokratik islohotlar sari yanada olgʻa siljishini taʼminlash bilangina cheklanib qolmay, fuqarolarning boshqaruv tizimi shaffofligiga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga ham xizmat qilishi turgan gap.
Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilishga bagʻishlangan referendum mamlakatda demokratik boshqaruv va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi yana bir muhim qadamdir. Ishonchimiz komilki, inson huquq va erkinliklari kafolati — Bosh qonunimiz yurtdoshlarimiz tomonidan yuksak eʼtirofga sazovor boʻladi va bizning manfaatlarimizga xizmat qiladi. Zero, hammamiz birgalikda yanada kuchli va obod Oʻzbekistonni barpo eta olamiz!
Rasul Rahmonov,
Toshkent shahridagi Vebster universitetining ijrochi direktori
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi. 2023-yil 13-aprel, 71-soni)