Tarix tilsimlari tomon talpinayotgan qadamlar

    Turizm 2 Iyun 2023 2083

    Yaqinda turizm salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targʻib qilish yili boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

    Yigʻilishda “Oʻzbekiston tashrif qogʻozi”ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xalqaro telekanallar va internet platformalarida Oʻzbekiston haqidagi reklama roliklarini koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

    Shundan kelib chiqib, yurtimizdagi 11 ta oliy taʼlim muassasasi 31 ta tuman hamda 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumotlar majmuini yaratish va koʻmaklashishga biriktirildi.

    Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 60 talabasi amaliyot rahbarlari boshchiligida Rishton, Chust, Yangiqoʻrgʻon va Boysun tumanlarida turizm amaliyoti oʻtashdi. Bu orqali nafaqat turizm rivojiga hissa qoʻshish, balki koʻplab bilimga ega boʻlish mumkinligini anglab yetishgani yoshlarning hayajonga toʻla taassurotlaridan shundoqqina koʻrinib turibdi. Eʼtiboringizga havola etilayotgan kichik tadqiqotlar bilan tanishish asnosida siz ham buni his qilasiz, degan umiddamiz.

    Namanganga yoʻlingiz tushsa, Nanayni koʻrmay qaytmang!

    Markaziy Osiyoda I-IV asrlarda vujudga kelgan Kushon davlati tez rivojlandi. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Namangandagi hozirgi Yangiqoʻrgʻon tumani hududi ham Kushon saltanati tarkibida boʻlgan.

    Yangiqoʻrgʻon tumani nafaqat Namangan, balki Fargʻona vodiysining eng soʻlim goʻshalaridan biri. Tumandagi tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar, betakror tabiat kishini ohanrabodek oʻziga tortadi.

    Yangiqoʻrgʻon ziyoratgohlarida oʻzgacha goʻzallik va sokinlik bor. Hikoya qilmoqchi boʻlganimiz Abdulloh bir urugʻ ziyoratgohining paydo boʻlishi XIV-XV asrlarga toʻgʻri keladi. Rivoyatda aytilishicha, islom dinini targʻib qilish uchun kelgan Abdulloh bir urugʻi jangchilari mushriklar bilan boʻlgan jangda chekinib, shu yerdagi adirlik ustiga chiqib, “yoril gʻor”, deb xitob qilganlar. Shunda ular turgan adirlik poyida yer yorilib, gʻor paydo boʻlgan, Abdulloh bir urugʻlari shu gʻorga kirib, gʻoyib boʻlgan ekan. Hozir bu adirlik ostidan chiqayotgan buloq atrofi ziyoratgohga aylanib, koʻplab ziyoratchilar tashrif buyurishadi. Sayyohlarni chorlaydigan bu kabi manzillarni Yangiqoʻrgʻonda koʻplab topish mumkin. Amir, Aktam ota yodgorlik majmualari, Beshbuloq ansambli, Beshbuloq hammomi, Beshbuloq choyxonasi, Beshbuloq qabristoni, Beshbuloqboshi, Beshbuloqboshi soyi, Boboi Xandon jome masjidi, Boboi Xandon maqbarasi, Bogʻiston, Gaiston, Gʻaznon, Qandbuloq, Guldor masjidi, Darvozakoʻl va hokazolar shular jumlasidan.

    Ekspeditsiya Yangiqoʻrgʻon tumanining Nanay qishlogʻida ham boʻldi. Nanay tarixi XII-XIII asrlarga borib taqaladi. Qishloq hududidan topilgan qadimgi sopol idishlar, xum va koʻzalar, jang qurollari hamda koʻhna qabr toshlari qishloqning qadim tarixidan hikoya qiladi.

    Qadimgi mesopotamiyaliklar va bugungi yurtimiz hududida yashagan zardushtiylar unumdorlik ilohini Nanay deb atashgan. Shu bois boʻlsa kerak, bu qadimgi nom oʻzgarmay qolgan. Ekspeditsiya jarayonida bu yerning soʻlim va bahavoligi hamda serhosilligiga guvoh boʻldik, tarix va hozirgi zamon hamnafasligi, inson va tabiat oʻrtasidagi chambarchas bogʻliqlikni koʻrdik. Qisqasi, Nanayda oʻzingizni tabiatning bir parchasi sifatida his etasiz. Yurtimiz sayyohlariga “Namanganga yoʻlingiz tushsa, Nanayni koʻrmay qaytmang”, degan boʻlar edim.

    Shahnozabonu OʻTKIROVA,

    TDSHU talabasi

    Tilsimotlar maskani

    Boysunga kelishing bilan togʻning toza havosi dimoqqa uriladi. Tumanning turizm salohiyatini oʻrganishga kirishar ekanmiz, “Boysun soʻzining maʼnosi nima?”, degan savol tugʻiladi. Sayfullo Tursunovning “Boysun” kitobida yozilishicha, Chigʻatoy ulusi tarkibiga mansub koʻchmanchi turk qavmlari unga “Boysun” deb nom bergan va “Boysun” atamasining etimilogiyasi qadimgi turkiy tilga oid boʻlib, “boy” va “sin”dan olingan hamda “ulugʻ togʻ” yohud “katta togʻ” maʼnolarini anglatgan. Qadimiy turkiy qavmlar orasida togʻga sigʻinuvchilar ham boʻlib, togʻlar muqaddas sanalgan. Mahalliy aholi orasida ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yuruvchi rivoyatlarga koʻra, bu yerda qadimdan turkiy qavmlarning badavlat kishilari yashagan boʻlib, “Boysun” atamasi “boylar qishlogʻi” maʼnosini anglatadi.

    Qadimiy turkiy qavmlar orasida toqqa sigʻinuvchilar ham boʻlib, togʻlar muqaddas sanalgan. Mahalliy aholi orasida ogʻizdan ogʻizga koʻchib yuruvchi rivoyatlarga koʻra, bu yerda qadimdan turkiy qavmlarning badavlat kishilari yashagan boʻlib, “Boysun” atamasi “boylar qishlogʻi” maʼnosini anglatadi.

    Ekspeditsiya chogʻida koʻp eshitganimiz — yerli aholining mehmondoʻstlik fazilatiga guvoh boʻldik. Surxondaryoliklarga xos udum — mehmonni goʻsht bilan siylash Boysunda ham amal qiladi. Turli goʻshtli taomlar, ayniqsa, tandirda pishgan barra goʻsht bu yerlarning “tashrif qogʻozi” hisoblanadi. Tandir goʻshtidan quvvat olgan sayyohlar birin-ketin muqaddas qadamjolarga yoʻl oladi.

    Bibishirin maqbarasi Boysundagi muqaddas goʻshalardan biri boʻlib, balandligi 8 metr. Maqbara maxsus gʻisht va ganch bilan bezatilgan. Old qismi peshayvonli, gumbazsimon yopilgan. Ziyoratgoh yonida Domla Koʻlobiyga uning farzandlari tomonidan maqbara qurilgan. Shuningdek, Boysundagi Xoʻja Qoʻchqor ota, Kamari Aziz ziyoratgohi, Hazrati Sulton Valiy Balogardon va Xoʻjamayxona ziyoratgohlari ham ziyorat turizmi rivojlangan goʻshalar.

    Boysunga kelgan sayyohlar Padang qishlogʻining moʻjizasini ham kashf etadilar. Qishloqdan 8 kilometr narida joylashgan magnitli togʻ haqida eshitganmisiz? Olimlarning turli muhokamalarga sabab boʻlib kelayotgan gʻayritabiiy joyni mahalliy aholi magnitli joy, deb ataydi. Bir qaraganda, balandlikka chiqilayotgandek koʻrinadigan bu qiyalikda tezlik uzatmasi neytral holatga qoʻyilsa va tormoz bosilmasa, balandlikdan tushib kelayotgan mashina yana orqaga ketadi. Yoʻlga suv quyilsa, u ham tepaga qarab oqadi. Tabiatning bu moʻjizasidan hayratlanmaslikning iloji yoʻq.

    Magnitli togʻdan qaytishda Padangda mahalliy va xorijiy sayyohlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish mumkin. Zamonaviy sharoitlar, milliyligimizni namoyon etadigan oʻtov uylar ham sayyohlarning maroqli hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda. Hozirgacha agro, eko va ziyorat turizmi shaydolari uchun 3 ta zamonaviy kottej, 3 ta oʻtov va yengil konstruksiyali konteyner tipidagi yotoqjoy, yozgi hovuz, goʻzal tabiat qoʻynida dildan suhbat qurib, dam olish uchun tabiiy supalar, tadbirlarga moʻljallangan sahna barpo etilgan.

    Boysunga sayyohlarni eng koʻp jalb qiladigan yana bir makon — Omonxona. Surxondaryolik yoshi ulugʻlar yoshlarga turli gazli suv oʻrniga Omonxona suvidan ichishni maslahat berishadi. Yetti yuz yillik tarixga ega boʻlgan Omonxona qishlogʻi, undagi shifobaxsh buloq, tabiiy muzxona hisoblangan sehrli gʻor asrlar davomida insonlarni oʻziga chorlab kelmoqda. “Omonxona” atamasi ikki soʻz birikmasidan tashkil topgan. “Omon” – sogʻ-salomat, tinch maʼnolarini bildirsa, “xona” — joy, oʻrin, manzil, maskanni anglatadi. Omonxona bulogʻidan toza suv ichganlar doimo omon (sogʻ) boʻlishadi! Zero, bu shifobaxsh suv ichki aʼzolar faoliyatiga ham juda yaxshi taʼsir qiladi.

    Maktab darsliklarida Teshiktosh gʻoridan 9 yoshli neandertal bola va echki shoxlari, yovvoyi ot va leopard qoldiqlari topilgani haqida oʻqiganmiz Boysunda joylashgan Teshiktosh gʻori dengiz sathidan 1550 metr balandlikda boʻlib, mashaqqat bilan unga chiqishga erishganlar darsliklarda yozilgan topilmalar qazilgan chuqurlarni koʻradilar.

    “Boysun bahori” festivali. Boysunning dovrugʻini dunyoga tanitgan festival oʻtkaziladigan bahor oylarida togʻli makon, ayniqsa, betakror goʻzallashib ketadi.

    Festivalda koʻplab hunarmandlar qatori kashtachilar ham milliy kashta, va jandalarni namoyish qilishadi. Gaza mahallalik Feruza Xoliqova 15 yoshidan momosi va onasidan kashtachilik sirlarini oʻrgangan. Bugun oʻzi yuzdan ziyod shogirdga ustozlik qiladi. Mahallasida ustoz-shogird anʼanasini davom ettirish maqsadida “Feruza” hunarmandlik oʻquv markazini ochgan. Feruza opa va shogirdlari tayyorlagan qoʻl ishi namunalarini koʻrib, koʻzingiz quvnaydi.

    Boysun Feruza opadek hunarmand ayollar yurti. Tuman hunarmandlar markazi YUNESKO tomonidan shu yerlik aholi hunarmandlik anʼanalarini davom ettirishi uchun tashkil qilingan. Markazga kelganlar Sanobar opa boshchiligidagi hunarmandlarning kashta va janda toʻqish uskunalari hamda ish jarayon tomosha qilishlari mumkin.

    Markazga tashrifimiz chogʻi biz hunarmand Nilufar Joʻrayevaning yapon ayollariga kashta tikish sanʼatini onlayn tarzda oʻrgatayotganiga guvoh boʻldik.

    — Darslarimiz boshlanganiga 2 yil boʻldi. 1 yilda 4-5 ta kurs tashkil qilinadi. 2019-yilda Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan birinchi xalqaro hunarmandlik festivalida oʻlchami 110 kvadrat metr boʻlgan dunyodagi eng katta soʻzanamiz bilan qatnashdik. Oʻshanda avloddan avlodga oʻtib kelayotgan oilaviy hunarmandlikni rivojlantirish nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdik. Soʻzanamiz ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama boʻlib, dovrugʻi Yaponiyagacha yetib boribdi. Shundan keyin yapon ayollari biz bilan bogʻlanishib, aynan shu kashtachilikni oʻrgatishimizni soʻrashdi. Chunki bu soʻzanalardagi bezaklar boshqa soʻzanalardagidan butunlay boshqacha. Nima ham derdik, xursandmiz. Yapon ayollariga kashtachilik sirlarini masofadan boʻlsa-da, oʻrgatyapmiz, — deydi Nilufar Joʻrayeva.

    Ekspeditsiya uchun bir hafta ajratilgan edi. Ammo Boysunni kashf etishga oylar ham kamlik qilishini tushunib yetdik. Bejiz “Boysun — tilsimotlar maskani” deyilmas ekan.

    Shuning uchun u 2001-yilda YUNESKO tomonidan Insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy merosi durdonasi sifatida eʼtirof etilib, 2008-yilda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan ekan-da!

    Salohiddin SUYUNOV,

    TDSHU talabasi

    Kiyik shoxili, qoʻy qovurgʻali pichoqlar vatani

    Maʼlumotlarga koʻra, Chust qadimdan xalq tilida Tus, Tuss, Tuz va keyinchalik Chust deb atalgan. Chust soʻzi tez, oʻtkir, tekis, ravon, silliq degan maʼnolarni bildiradi. Chust Olmos-Varzik togʻ oldi tekisliklarida, Rezaksoy va Gʻovasoy oraligʻida, Chustoy atrofida dengiz sathidan 1200 metr balandda, viloyat markazi Namangandan 40 km uzoqda joylashgan. Qadimda mazkur hududdan Buyuk ipak yoʻli oʻtgan boʻlib, vodiyning eng katta bozorlaridan biri joylashgan.

    Hozirgi kunda ham Toshkent-Oʻsh magistral yoʻli oʻtgan Chust tumanining markazi va atrofidagi qishloqlarda turli davrlarga oid maʼlumotlar olish mumkin boʻlgan arxeologik obyektlar va meʼmoriy yodgorliklar mavjud. Buyuk ipak yoʻli oʻtgan mazkur hududda azaldan hunarmandlik rivojlangan, unda tikuvchilik, toʻquvchilik, koʻnchilik, kosiblik va boshqa qadimiy hunarlar hozirgi kungacha sayqal topib kelmoqda. 4 ming yillik tarixga ega Chust pichogʻi-yu, 2 ming yillik tarixli Chust doʻppisi haqiqiy brendga aylanib ulgurgan va sayyohlar uchun eng yaxshi esdalik sovgʻa hisoblanadi.

    Hududga kelgan har qanday inson uning qadimiyligiga guvoh boʻladi. Shahardagi tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar, shuningdek, takrorlanmas tabiat kishini ohanrabodek oʻziga chorlaydi.

    Mezbonlar mehmonlarni avvalo Mavlono Lutfulloh nomidagi madaniyat va istirohat bogʻiga taklif qilishadi. Nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi ham Mavlono Lutfulloh hazratlari qabrini ziyorat qiladi va Chustning mashhur oshidan yemay ketmaydi. Zero, bu oshning mazasini bilgan odam yana yegisi kelaveradi.

    Bogʻ shifobaxsh buloqlari, soʻlimligi bilan ham mashhur. Mart-oktyabr oylarida bu yer ziyoratchi va sayyohlarning sevimli maskaniga aylanadi. Choyxonalardagi soʻrilar mehmonlar bilan toʻladi. 22 ta choyxonaning har birida 20 ta, baʼzilarida 10 tadan qozon oʻrnatilgan boʻlib, har bir qozonda kuniga eng kamida 3-4-martadan osh damlanadi. Qoyilmisiz?

    Yana bir muqaddas qadamjo — Koʻktoʻnli ota ziyoratgohiga ham koʻplab ziyoratchilar keladi. Koʻktoʻnli ota Jizzax tomonlarda tugʻilgan boʻlib, Chustda dafn etilgani aytiladi. Rivoyatlarga koʻra, Koʻktoʻnli ota vazir Sohib Zabonboyning oʻgʻli, tariqat peshvosi (pir) Muhammad Zabonboy boʻlib, u, baʼzi taxminlarga koʻra, 109-yil, baʼzilariga koʻra esa 120-yil umr koʻrgan va 1267-yilda vafot etgan.

    Koʻktoʻnli ota, yaʼni Muhammad Zabonboy Xoja Ahmad Yassaviy bilan hamsuhbat boʻlgan, hatto uning shogirdi sanalgan, degan taxminlar ham bor.

    Xoʻjaobod mahallasi boylaridan biri Vorisboy koʻkyoʻtal kasalidan shu zoti sharifga ixlos qilib sogʻaygani iddaosida uning qabri oldiga 1888-yilda masjid qurdirgan.

    Sobiq ittifoqi davrida masjid hovlisining asosiy qismidan sil kasalliklari dispanseri va poliklinika sifatida foydalanib kelingan. Hozirgi kunda hashar yoʻli bilan qayta taʼmirlangan.

    Guruhimiz bilan pichoqchi usta Rahimjon Ubaydullayev xonadonida boʻldik. Rahimjon aka ustachilik bilan shugʻullanib kelayotgan 7-avlod vakili ekan. Ustaxonasi uyida boʻlgani uchun mehmonlar pichoq yasash jarayonini koʻrishlari mumkin. Bir dona pichoq qanchada tayyor boʻladi, degan savolimizga Rahimjon aka jilmaygancha, “biz birvarakayiga 14-15 ta pichoqni tayyorlay boshlaymiz, Har bir pichoq 76 ta jarayondan oʻtib, 2 haftada tayyor boʻladi”, deya javob berdi.

    Ustaxonada kiyik shoxidan, qoʻy qovurgʻasidan tayyorlangan va yana shunga oʻxshash ajoyibu gʻaroyib pichoqlarni koʻrdik. Ustaning oʻgʻillari pichoqchilik bilan shugʻullanayotgan 8-avlod vakillaridir.

    Chust doʻppisini tikayotgan hunarmandlar xonadonida boʻlmagan boʻlsak-da, har bir chustlik ayol bu doʻppini oʻz qoʻli bilan tikib, turmush oʻrtogʻi, otasi, aka-ukalariga kiydirib qoʻyishi kerakligini bilib oldik.

    Hunarmand ayollarning maʼlumot berishicha, bitta doʻppi oʻrtacha 7-14 kunda tayyor boʻladi. Ular doʻppining andijonnusxa, namangannusxa va hatto oʻrisnusxa (Rossiyadan koʻchib kelgan Valya opa yaratgan uslubda) kabi turlari, kuyovdoʻppi, bolalar doʻppilari kabi 10 dan ortiq turini tikishadi.

    Jayrona NAMOZOVA,

    TDSHU talabasi

    Rishton brendga aylana oldi(mi)?

    Rishton — Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Fargʻona vodiysi qadimiy shaharlaridan biri. Rishtonliklar samimiyligi, odamshinavandaligi bilan yuragingizga kiradi. Qisqa aytganda, bu hudud hunarni sanʼat darajasiga chiqara olgan tanti insonlar yurti.

    Rishton nafaqat kulolligi, balki ziyoratgohlari, ulugʻ qadamjolari bilan ham mashhur.

    Maʼlumotlarga koʻra, har yili Xoʻja Rushnoiy ziyoratgohiga oʻrtacha 120 ming, Xoʻjailgʻorga 100 ming, Sohibi Hidoyaga 50 ming, Mulla Ismatulloh qori ziyoratgohiga 25 ming ziyoratchi keladi. Xususan, musulmon davlatlardan keluvchi sayyohlar va ziyoratchilar safi yil sayin ortib bormoqda.

    Rishton nomini Zahiriddin Muhammad Bobur, Muqimiy kabi adibu allomalar asarlarida tilga olgan. Burhoniddin Margʻinoniy, Mirzaabdulla Boqiy singari ilm ahllari, koʻplab fan arboblari, taniqli shaxslarga beshik boʻlgan bu tumanda bugun ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, yangi korxonalar ish boshlagan, zamonaviy bino-inshootlar qad rostlagan.

    Tumanda 71 ta mahalla fuqarolar yigʻini bor. Qishloq xoʻjaligi bogʻdorchilik, tokchilikka ixtisoslashgan. Mashhur Rishton qandak oʻriklari, Choʻngʻara devzirasi yetishtiriladi. Turli sohadagi yuzdan ortiq sanoat korxonasi ishlab turibdi.

    Amaliyotimiz davomida 12 ta kulollik mahallasi va qator muqaddas ziyoratgohlar bilan tanishdik. Haqiqiy qoʻl mehnati sehrini his qila oladigan muhitda — Rishton xalqaro kulollik markazida 20 ta kulol oilasi bilan bir hafta davomida birga yashab, oz boʻlsa-da, kulollik sirlarini oʻrgandik.

    Jumladan, usta kulol Shokir Ahmadjonovning “Mingboshi keramik” oilaviy korxonasi bilan tanishib, Rishtonning ishbilarmon insonlaridan yana birini oʻzimiz uchun kashf qildik. 33 yoshli Shokir usta boshchiligidagi korxona bugungi kunda AQSH, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston, Kanada, Latviya, Litva, Estoniya, Turkiya kabi davlatlarga sopol buyumlar eksport qiladi. Hali yosh boʻlishiga qaramay, 102 nafar doimiy ishchi va 3000 dan ortiq kasanachini ish bilan taʼminlagan.

    — Rishtonda tugʻilib oʻsganimdan faxrlanaman. Bir umr shu hunar bilan birgamiz. Sopol buyumlarimizning dunyoga chiqayotgani, sayyohlar qiziqish bilan ishlarimizni koʻrish uchun kelayotgani bizga quvonch bagʻishlaydi, albatta. Kasbimiz turizm bilan uzviy bogʻliq. Sayyohlar bizdan sotib olgan sovgʻalarini boshqalarga ham koʻrsatishadi. Albatta, ularda ham mahsulotlarimizga qiziqish ortadi. Qolaversa, xalqaro koʻrgazmalar, yarmarkalarda qatnashamiz. Umuman, turizm rivojlanishiga oz boʻlsa-da hissa qoʻshishga harakat qilyapmiz, — deydi Shokir Ahmadjonov.

    Amaliyotimiz davomida nafaqat Rishtonning turizm salohiyati, balki turizmni rivojlantirish uchun zarur jihatlari bilan ham qiziqdik. Masalan, kulollik mahallalari, ziyoratgoh va agroturizm mavjud boʻlgan hududlardagi ijtimoiy-maishiy infratuzilmalar (mehmonxona, hostel va uy mehmonxonalar, transport, kafe, restoran va choyxonalar, doʻkon va bozorlar, bank va bankomatlar, yoʻl, tez yordam xizmati va kasalxonalar…) holatlarini oʻrganib, turpaketlarga tavsiyalar kiritishga harakat qildik.

    Rishtonga safarimizdan xulosa shu boʻldiki, tuman sopol va chinni buyumlari, qantak oʻriklari, palovi va muqaddas ziyoratgohlari bilan “Rishton brendi”ni yaratmoqda.

    Sevara BAHODIROVA,

    TDSHU talabasi

    ***

    Talabalarimizning kichik tadqiqotlari haqidagi maqolalarini tahrir qilar ekanmiz, toʻgʻrisi, oʻzbek turizmining ertasi uchun oʻz vaqtida juda kerakli faoliyatga kirishilganini angladik. Birinchi qadamlarning oʻzidayoq yoshlardan kutilayotgan ulkan natijalarning uchqunlari chirsillagandek. Oʻylaymizki, bu boradagi samaradorlik boshqa masʼul oliygohlarda ham yoʻlga qoʻyilishi va muntazam davom etishi, albatta, turizm salohiyatimiz rivojiga xizmat qiladi.

    Nilufar XOʻJAYEVA,

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kafedra mudiri