Azaldan yurtimizda yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari rivojlangan. Uning eng oliy namunasi insonning oʻziga ravo koʻrgan biror yaxshi narsa (quvonch, tansiq taom, daraxtning nishona hosili, roʻzgʻor va turmushdagi birorta ortiqcha buyum)ni qoʻshniga ilinishdir. Hatto ogʻir, sinovli kunlarda ham qoʻshnilar bir-biriga suyanadi, oʻz holiga tashlab qoʻymaydi.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning yaxshi qoʻshnichilik siyosatini xalqona udum va anʼanalarga sodiqlik namunasi deyishga yetarli asosimiz bor. Teng huquqli va doʻstona munosabatga asoslangan bunday siyosat xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilmoqda.
2016-yildan beri Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Ushbu yaqin hamkorlik tarixiy ildizlar, umumiy anʼana, din, til va madaniyatga asoslanadi, albatta. Davlatlarimiz oʻrtasida hamkorlikning yangi davri boshlangani bugun har qadamda koʻzga tashlanib, xalqlarimiz turmushida aks etyapti. Yillab bir-birini koʻrishga mushtoq boʻlgan qon-qarindoshlar endi bir-birining uyiga emin-erkin borib kelyapti.
Shu vaqtgacha, ochigʻi, bunday imkoniyat yoʻq edi. Chegaralarimiz yopilgan, qondosh, bir mintaqa xalqlari vizasiz chegaradan nariga yoki beriga oʻta olmasdi. Bunday yot qarash, begona koʻrish, avvalo, oddiy odamlar hayoti uchun muammo tugʻdirardi. Axir mana shu chegaradan oʻtish azobi tufayli ikki davlatda ajralib qolgan qarindoshlar toʻy-maʼrakalarda bir-birini yoʻqlay olmasdi. Bitta qoʻy yo echki chegaradan oʻtib ketgani yoqalashishgacha sabab boʻlgani ham Markaziy Osiyoning yaqin tarixidagi achchiq haqiqat. Bugun barchasi mutlaqo boshqacha. Hozir nafaqat toʻy va aza uchun, balki shunchaki sayohat uchun ham Markaziy Osiyo xalqlari bemalol bir-birinikida mehmon boʻlyapti.
Ayniqsa, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar tarixan yagona mintaqa doirasida shakllanib boryapti. Soʻnggi yillarda davlatlar oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar hamda diplomatik aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. Shuningdek, davlatlarimiz koʻplab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning faol aʼzolari.
Ikki mamlakat hamkorligi hozir huquqiy jihatdan mustahkam poydevorga ega. Davlat parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilingan 200 dan ortiq hujjat savdo, iqtisodiyot, fan, taʼlim, turizm, transport, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarni qamrab olgan. Muhim hujjatlar qatoriga Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma, Strategik hamkorlik, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlash deklaratsiyasi kiradi. Ushbu kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun zarur barcha sharoitlarni yaratadi.
— Oʻzbekiston va Qirgʻiziston madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni ham rivojlantirib bormoqda, — deydi Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro Issiqkoʻl forumi vitse-prezidenti Dinara Jumaboyeva. — Oʻzbekistonda 6 ta Qirgʻiz madaniy markazi va qirgʻiz tilida taʼlim beriladigan 50 dan ortiq maktab faoliyat yuritmoqda. Andijon davlat pedagogika institutida qirgʻiz filologiyasi fakulteti mavjud. Ikki davlat hukumatlari madaniyat va turizmni rivojlantirish maqsadida turli tadbirlar oʻtkazish va qoʻshma delegatsiyalar ishtirokini taʼminlashga katta eʼtibor qaratmoqda.
Umuman olganda, davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslanib, har tomonlama mustahkamlanmoqda. Davlatlar nafaqat hozirgi darajadagi doʻstona va strategik hamkorlikni saqlab qolishi, balki uni yanada rivojlantirishi davr talabidir.
Yaqinda Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat yetakchilarining Xoʻjandda boʻlib oʻtgan uch tomonlama uchrashuvi mamlakatlarimiz totuvligi ramzi, taraqqiyot pillapoyalaridan ildamroq odimlash yoʻlidagi zalvorli qadam, katta tarixiy ahamiyatga ega voqea sifatida eʼtirof etildi. Shu yil 31-mart kuni uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan joyda qad rostlagan Doʻstlik stelasi esa abadiy doʻstligimiz nishonasi sifatida bugungi tarixiy voqealar uzoq yillar unutilmasligiga zamin yaratadi.
* * *
Shu kunlarda yurtimizda Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi delegatsiyasi mehmon boʻlib turibdi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 26-27-yanvar kunlari ushbu mamlakatga davlat tashrifi chogʻida koʻplab kelishuvlarga erishilgan edi. Ular orasida madaniy aloqalar alohida oʻrin tutadi. Zero, adabiyot va sanʼat dillarni dillarga bogʻlaydi. Shu bois, kelishuvlar ijrosini taʼminlash uchun “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Qirgʻiz ijodkorlarining tashrifi ana shu vazifalar ijrosi doirasida uyushtirildi. Kun tartibidan oʻrin olgan adabiy-maʼrifiy tadbirlar xalqlarimizning maqsadi, ezgu niyati, adabiyoti va tili mushtarak ekanini yana bir bor namoyish qildi.
Dastlab mehmonlar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetidagi “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” doimiy ekspozitsiyasi bilan tanishtirildi. Soʻng “Chingiz Aytmatov — turkiy olamning umumiy iftixori” xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi.
Xalqimiz buyuk adib Chingiz Aytmatovning Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan hissasini doim yodda saqlaydi. Zero, yirik jamoat arbobi, ulugʻ yozuvchi xalqlarimiz oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni saqlash, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, adabiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga beqiyos hissa qoʻshgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yildagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining
90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan, adib yubileyini oʻzbekistonliklar ham qirgʻiz xalqi kabi koʻtarinki kayfiyatda nishonlagani, poytaxtimiz markaziy koʻchalaridan biriga nomi berilib, haykali oʻrnatilgani ham adibga yuksak ehtirom namunasidir.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2022-yilda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etdi va Oʻzbekiston Chingiz Aytmatov nomzodini ushbu mukofotga koʻrsatdi. Shu tariqa ulugʻ yozuvchi xalqaro mukofotning birinchi sovrindori boʻldi. Buning barchasi ikki xalq doʻstligining yana bir isbotidir.
Jahonda asarlari eng koʻp oʻqiladigan adibning porloq xotirasiga bagʻishlangan anjumanda ikki xalq oʻrtasidagi adabiy aloqalar tobora keng tus olayotgani, Chingiz Aytmatov ijodi xalqlarimiz doʻstligi va hamjihatlik timsoli ekani alohida eʼtirof etildi. Uning asarlarida tarannum etilgan ezgulik gʻoyasi umrboqiy, adib yaratgan xalqchil adabiy qahramonlar obrazi butun turkiy xalqlar dunyoqarashi va xarakteri uchun xos ekani taʼkidlandi.
Anjumanda ishtirokchilar tomonidan Chingiz Aytmatov tavalludining 100-yilligini jahon miqyosida nishonlash va 2028-yilni “Chingiz Aytmatov yili” deb atash boʻyicha BMTga taklif joʻnatishga kelishib olindi.
Shuningdek, nufuzli anjuman doirasida Roza Aytmatovaning “Xat keldi”, Qanibek Imonaliyevning “Qirgʻiznoma” kitoblarining oʻzbekcha nashri taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Chingiz ogʻaning singlisi Roza Aytmatova “Xat keldi” kitobida Aytmatovlar oilasining yana bir vakili — adibning ukasi Ilgiz Aytmatovning oʻsmirlik yillari haqida hikoya qiladi. Unda atoqli yozuvchining yoshlik yillari haqida qimmatli maʼlumotlar keltirilgan.
Qanibek Imonaliyevning kitobi qirgʻiz xalqi mentaliteti, xarakterini ochib beradigan qisqa hayotiy hikoyalardan iborat. Adib bu asar orqali qirgʻiz xalqi boshidan kechirgan tarixiy jarayonlarni haqqoniy tasvirlab, ularga insoniy, ruhiy va falsafiy nuqtayi nazardan yondashgan. Muallif oʻz kitobida tarixiy voqealarni ijodiy qayta ishlab, zamonaviy oʻquvchi dunyosiga yaqinlashtirgan.
Kun davomida mehmonlar Abdulla Qodiriy ijod maktabida adibning “Oʻtkan kunlar” romani qirgʻizcha nashri taqdimotida ishtirok etdi. Shuningdek, Abdulla Qodiriy uy-muzeyi, adib yashagan muhit bilan tanishdi, ijodxonasida hayoti va ijodi haqida suhbat qurdi.
Qirgʻizistonlik adiblar Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham boʻlishi koʻzda tutilgan.
* * *
2019-yili Toshkentda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Qirgʻiziston Milliy Yozuvchilar uyushmasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ikki tomonlama adabiy aloqalar rivojiga xizmat qilayotgan hujjat doirasida qator uchrashuv, muloqot va tashriflar amalga oshirilmoqda.
2022-yilda nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildli asarlar majmuasining 9 jildi qirgʻiz adabiyotiga bagʻishlangan. Buni qirgʻiz ijodkorlari oʻzlariga yuksak hurmat namunasi sifatida qabul qildi. Toʻplamda qirgʻiz adabiyotining mumtoz vakillariyu hozir ijod bilan shugʻullanayotgan shoir va yozuvchilariga alohida eʼtibor berilgan. Tugalboy Sidiqbekovning “Koʻk yalov”, Toʻlan Joʻldoʻshiyevning “Manas”, Qosim Sulaymonovning “Vahshiylar saltanati” romanlari majmua uchun maxsus tarjima qilingan.
— Oʻzbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo davlatlarini yaqinlashtirishga qaratilgan siyosati nafaqat xalq diplomatiyasi, balki mintaqa yetakchilari oʻrtasidagi hamkorlik strategiyasining mazmunini belgilab bermoqda, — deydi Qirgʻiz Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat arbobi, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmalari aʼzosi Begijon Ahmedov. — Bu gʻoya mintaqa xalqlari tomonidan ham chin qalbdan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ushbu jarayonda ziyolilar — ijodkorlar, olimlar, mutafakkirlar, jurnalistlar, teatr va kino arboblari eng muhim maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarishi kerak. Shunday boʻlyapti ham. Chingiz Aytmatov, Toʻlagan Qosimbekov, Mar Boyjiyev, Murza Gʻaparov singari iqtidorli qirgʻiz yozuvchilari asarlari oʻzbek doʻstlarimiz tomonidan sevib oʻqilgani ham ruhiyatimiz, qarashlarimiz yaqinligi belgisi. Oʻtgan yili atoqli yozuvchi, davlat va jamoat, madaniyat arbobi, mohir diplomat Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar”i oʻzbek tilida chop etilgani ham fikrimizni isbotlaydi
Darvoqe, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy aʼzosi Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi haqida alohida toʻxtalmasak boʻlmas.
— Mamlakatimizda “Adabiy doʻstlik — abadiy doʻstlik” degan gʻoya yuksak maqomga koʻtarildi, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Oʻtgan qisqa muddatda turkiy davlatlarning yozuvchilar uyushmasi tuzilmalari bilan keng koʻlamli hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Dunyo miqyosida tanilgan adib Sulton Rayev chin maʼnoda oʻzbek xalqining ham yozuvchisidir. Uning oʻzbek tilida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi adabiyotimiz xazinasidan mustahkam oʻrin oladi.
Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar”i Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop qilingan boʻlib, unga adibning “Toʻfon” romani, “Quyosh tutilgan kunda” nomli qissasi, beshta sahna asari, oʻnga yaqin hikoyasi kiritilgan. Asarlarni qirgʻiz tilidan Ahmadjon Meliboyev, Zuhriddin Isomiddinov, Jabbor Eshonqul, Avliyoxon Eshon, Dilfuza Qarshiboyeva, Hilola Abdusalomova, Erkin Boynazarov, Abdugʻani Abdugʻafurov kabi adib va tarjimonlar ona tilimizga oʻgirgan.
— Qirgʻiz yurtida oʻzbeklar orasida ulgʻayganman, — degan edi kitob taqdimoti marosimida Sulton Rayev. — Oʻzbek tili menga ona suti bilan kirgan tildir. Bugun Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olamshumul oʻzgarishlar yuz bermoqda. Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlar bu mamlakatda kechayotgan ulkan yangilanish jarayonlarining amaliy natijasi. Oʻzbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari bilan boʻylashmoqda. Buyuk Sohibqiron Amir Temur davrida bu diyor qanchalik shon-shavkatga burkangan boʻlsa, hozir ham Oʻzbekiston shunchalik yuksakka intilmoqda. Bularning zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning adabiyot, maʼnaviyat, maʼrifatga boʻlgan eʼtibori turibdi. Bugun men uchun quvonarli kun. Kitobim Alisher Navoiy tilida chop etildi. Kamtarona mehnatlarimning yuksak eʼtirofi uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Turkiy xalqlarning faxri va iftixori boʻlgan Chingiz Aytmatov oʻz vaqtida odamzodni insoniylik maqomiga qaytarish bugunning hal qiluvchi vazifasidir, deb bong urgan. Taqdimotda oʻzbek adiblari tomonidan Sulton Rayev oʻz ustozining mohiyati tobora ortib borayotgan mana shu oʻgitini qalbiga jo etgan holda, noyob insoniy tuygʻularni baland pardalarda tarannum etib, zamonamizning yer yuzini, odamzod qalbini maʼnaviy toʻfonlardan asrash uchun mehr-oqibat, yaxshilik, muhabbat va adolat, odob va or-nomus kabi azaliy qadriyatlarni qatʼiyat bilan himoya qilib kelayotgan zabardast adibi ekani taʼkidlandi.
* * *
Qirgʻiz xalqi bilan madaniy aloqalarimiz, madaniyat kunlarining ahamiyati haqidagi fikrlarimizni bir maqolaga sigʻdirib boʻlmaydi. Shu oʻrinda Chingiz Aytmatovning quyidagi fikrlarini keltirsak: “Qadimiy oʻzbek madaniyati oʻzining ajoyib yutuqlari bilan azaldan ham mashhur. Oʻzbeklar Oʻrta Osiyoda tengi yoʻq irrigator, dehqon sifatida tanilgan. Oʻzbek meʼmorlari fusunkor Samarqand, Buxoroni bunyod etdilar. Oʻzbek xalqi orasidan oʻrta asrning mashhur astronom olimi Ulugʻbek, shoir Alisher Navoiy yetishib chiqdi... Vizantiya madaniyati rivojida rimliklar qanday rol oʻynagan boʻlsalar, oʻzbeklar ham Oʻrta Osiyo xalqlari madaniyatiga ana shunday taʼsir oʻtkazdilar”.
Bugun Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari tarixiy jihatdan chuqur ildiz otib, ikki xalqning madaniy, iqtisodiy va siyosiy hayotining ajralmas qismiga aylandi. Madaniyat, sanʼat, adabiyot, taʼlim va turizm sohasidagi aloqalarimiz davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishning muhim poydevori boʻlib qolaveradi.
Shunday oʻylar bilan ishga kelayotganimda yoʻlimni yoshi oltmishdan oshgan kishi toʻsdi. Yonida oʻzi tengqur ayol. Yelkaga osib olgan safarxaltasi va yuz-koʻzidan ularning mehmon ekanini bilish qiyin emasdi. Boyagi kishi menga juda tanish suxan bilan Amir Temur muzeyi va xiyoboni qayerda ekanini soʻradi. Ularga yoʻl koʻrsatib, qayerdan ekani bilan qiziqdim. Taxmin qilganimdek, qoʻshni Qirgʻiz Respublikasidan kelgan sayyohlar ekan. Chol-kampir keksayganda bir sayohat qilaylik debdi. Bahonada Amir Temur muzeyini tomosha qilish, uning mahobatli haykalini oʻz koʻzlari bilan koʻrish maqsadida ekan. Mehmonlarga yoʻl koʻrsatib, ishxona tomon kelarkanman, xayolimdan shunday oʻy oʻtdi: “Dunyo qanchalik turlanib-tuslanmasin, oʻqildizlar oʻzgarmaydi. Markaziy Osiyo ruhi Samarqand ruhini qayta uygʻotadi. Dunyo xalqlari esa Temur bobomizday ulugʻlarimizni yoʻqlab kelaveradi”.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









