Tarix xulosa chiqarishga undaydi

    Madaniyat 30 Avgust 2021 2763

    Darhaqiqat, har bir millat va elatning oʻz tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy oʻzlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuygʻusi mujassam.

    31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan bir guruh davlat xizmatlari markazlari xodimlari Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi muzey hamda Qoʻqon shahridagi “Buyuk allomalar muzeyi”da boʻldi. Davlat xizmatchilari muzeyda tashkil etilgan qatagʻon qurbonlari boʻlimida tarixga qaytdi. Oʻsha davr talotoʻplariga osori atiqalar yordamida bevosita guvoh boʻldi.

    Jamiyatni maʼnaviy yuksaltirishda, milliy gʻoyani mustahkamlashda, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muzeylarning alohida oʻrni bor. Muzeylarni bejiz tarix, maʼnaviyat va sanʼat xazinasi, deb taʼriflashmaydi. Ularda turli-tuman noyob va qimmatbaho ashyolar jamlanganki, xalqning oʻtmishi aks etgan bu ekspozitsiyalar bizni ajdodlar hayoti, kurashi va boy merosi bilan tanishtiradi. Muzeylarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizda bajaradigan vazifalaridan biri taʼlim va tarbiya oʻchogʻi ekanligidir.

    Maʼlumki, Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixida eng mashʼum fojialardan biri boʻldi. Sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan xalqlar qatori oʻzbekistonliklar ham fashizmga qarshi urushga jalb etildi. Ammo shunday ogʻir kunlarda ham sobiq sovet hokimiyatining qatagʻon siyosati toʻxtamadi. Yaponiya, Turkiya, Polsha kabi mamlakatlar bilan chegaradosh hududlarda yashovchi koreys, Qrim tatarlari, mesxeti turklari, polyaklar, Volga boʻyi nemislari va boshqa xalqlar mutlaqo asossiz, majburiy tarzda boshqa oʻlkalarga deportatsiya qilindi.

    Oʻzbekistonga 1937-yil oktyabr-noyabr oyida 74 ming 500 nafar koreys (16 307 oila), urush arafasida 35 000 nafar polyak, 1943-yil 2-noyabrdan boshlab Qorachoy avtonom viloyatidan 353 nafar qorachoylar, 1945-yilning boshida 538 nafar qalmiq, 1944-yilning qishi va bahorida 175 nafar chechen va 159 nafar ingush, 1944-yil 5-martda 419 nafar bolqor, 1944-yil 11-mayida 151 609 nafar Qrim tatarlari koʻchirib kelindi. 1945-yil boshida esa Oʻzbekistonga Gruziyadan olib kelinganlar (mesxeti turklari, kurdlar va xemshinlar) soni 53 827 kishiga yetdi.

    Oʻsha vaqtlarda oʻzbek xalqi tahqirlangan, vatanidan judo etilgan kishilarga beqiyos mehr-shafqat koʻrsatdi. Bu davrda xalqimizning bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik, mehribonlik, rahmdillik kabi ezgu fazilatlari yorqin namoyon boʻldi. Biroq ularning boshiga tushgan mana shunday qatagʻon siyosati oʻzbek maʼrifatparvar ziyolilari boshiga tushdi. Mustabid tuzum yillarida qatagʻonga uchragan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli hayoti va faoliyati, ilmiy ijodiy merosini chuqur oʻrganish yoshlarimiz qalbida ajdodlarimiz ruhiga ehtirom, ijtimoiy adolat tantanasiga ishonch, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuygʻularini uygʻotadi, albatta.

    Elyorjon Ehsonov, DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.