Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo'lib o'tgan yig'ilishda aynan bunday holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan “Moddiy madaniy meros ob'ektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda qayd etilishicha. mamlakatimizda 8210 ta moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk ob'ekti davlat muhofazasiga olingan bo'lsa-da, so'nggi yillarda tarixiy obidalarni ruxsatsiz yoki o'z bilganicha ta'mirlash-tiklash ishlari ko'paygan. Natijada ularning tarixiy va badiiy qimmatiga jiddiy zarar etkazilgan. Bosh prokuratura tomonidan mamlakat bo'yicha so'nggi uch yilda 320 ta moddiy madaniy meros ob'ektida amalga oshirilgan ta'mirlash-tiklash ishlari hujjatlari o'rganilgan va ko'plab qonun buzilish holatlariga yo'l qo'yilgani aniqlangan. Jumladan, birgina Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari noto'g'ri olib borilgani natijasida uning badiiy bezaklari, naqsh, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd. so'mlik zarar etkazilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko'ra, Madaniy meros departamenti Ilmiy ekspertlik kengashining ruxsatisiz madaniy meros ob'ektlarida biron-bir restavratsiya yoki ta'mirlash ishlarini amalga oshirish mumkin emas. Lekin ekspertlar kengashi ruxsatisiz 14 ta ob'ektda jami 12 454,9 mln. so'mlik ta'mirlash-tiklash ishlari bajarilgan.

Ayrim shaxslar tomonidan, hatto mansabdorlar ruxsati bilan ming yillik tarixga ega obidalarimizga tiklab bo'lmas darajada zarar etkazilgan. Amaldagi Jinoyat kodeksi 132-moddasiga ko'ra, bu ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi va ushbu modda bilan 2017-2021 yillarda jami 14 ta jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Qonun loyihasida moddiy madaniy meros ob'ektlariga zarar etkazgan shaxslarga nisbatan jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda. SHuningdek, mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilayotgan bunday jinoyatlarni tergov qilish vakolatini prokuratura organlari tergovchilariga o'tkazish taklif qilinmoqda. CHunki tahlillarga ko'ra, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2017-2021 yillarda huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo'yicha kiritilgan 486 ta ko'rsatma va taqdimnomalarning 179 tasi bajarilmagan.

Loyihada sohada davlat nazoratini to'liq ta'minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalarining bajarilishi majburiy bo'lgan ko'rsatma yoki taqdimnomalarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, bir yil davomida takror sodir etilsa, etti baravarigacha miqdorda jarima solinishi nazarda tutilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.