“Tarixiy yodgorliklarni saqlash — asosiy maqsadimiz!”

    Yоdingizda boʻlsa, yaqinda inshootlarning seysmik bardoshliligi boʻyicha muhandis, AQSHning Kaliforniya shtati Berkli shahridagi universitetning yetakchi mutaxassisi, Structures eksperimental laboratoriyasi mudiri SHahzod Tohirov bilan suhbat uyushtirgan edik.

    Muloqotimiz davomida suhbatdoshimiz yurtimizda yetuk muhandislarni tayyorlash uchun oʻz bilim va tajribalarini oʻrtoqlashish hamda Urganch davlat universitetida ikki hafta taʼlim va tadqiqotga oid maʼruzalar oʻqish hamda laboratoriya boʻyicha mashgʻulotlar oʻtish istagida ekanini aytgandi. Bugun suhbatimizni ana shu rejalar qay tarzda bajarilayotgani hamda tarixiy obidalarning seysmik bardoshliligi holati xususida aniqroq maʼlumot olish uchun Shahzod Tohirov bilan suhbatlashishga qaror qildik.

    — Shahzod aka, grand boʻyicha aynan Oʻzbekistonda faoliyatingizga doir turli loyihalar amalga oshirishingiz haqida aytgan edingiz. Koʻzlagan maqsadingizga qay darajada erishdingiz?

    — 2019-yilda AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi orqali mablagʻ olib yangi loyiha boshlagandim. Aynan oʻsha yili Urganch va Xiva shaharlariga safar uyushtirib, Oʻzbekistonning qadimiy yodgorliklarga boyligi va dunyo miqyosida noyobligiga tan bergandim. Shundan soʻng bu bebaho boyliklarimizni asrab-avaylash haqida oʻylay boshladim. Loyihamning mavzusini ham aynan shu oʻlkaning yodgorliklarini saqlashga yoʻnaltirdim.

    Oʻtgan yili Xivaga borganimda, doʻstim Bahodir Rahmonov hamda Urganch davlat universitetining qurilish kafedrasi professorlari bilan uchrashib, koʻhna binolarni qanday saqlab qolish haqida uzoq gaplashgan edik.

    Asosiy maqsadim Oʻzbekistonda ham zamonaviy muhandislarning yangi avlodini tarbiyalash va kasbimga oid muammolarning amaliy masalalarini yechishdan iborat. Qolaversa, ushbu loyiha orqali Oʻzbekiston muhandislarini dunyo miqyosida ishlatiladigan ilmiy usullar bilan tanishtirish va bu usullarni Xivadagi qadimgi yodgorliklardan birida qoʻllashni niyat qilgandim.

    2019-yilda ana shunday dolzarb mavzuga bagʻishlangan maʼruzada yuzdan ortiq oʻqituvchi va talaba qatnashdi. Maʼruzamning asosiy mazmuni AQSH va dunyo boʻylab qadimgi yodgorliklarni saqlab qolish borasida bajariladigan ishlar hamda ularning natijalari toʻgʻrisida boʻldi. Oʻqigan maʼruzalarim ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Koʻplab savol hamda muhokamalarga sabab boʻldi. Bu maʼruza asosida Urganch davlat universiteti professorlari va talabalari uchun universitet qoshida intensiv nazariy va amaliy darslar berish rejalashtirildi.

    — Qanday muhim tadbirlar uyushtirishga muvaffaq boʻldingiz va bu nechogʻlik oʻz samarasini koʻrsatmoqda?

    — Dastlab nazariy va amaliy darslar mahorat sabogʻi formatida oʻtkazilishi kerak edi. Afsuski, pandemiya sababli nazariy darslarni onlayn oʻtishga toʻgʻri keldi. Binolarning seymik zilzilabardoshligining zamonaviy va innovatsion usullari nazariyasiga oid maʼruza 12 ta onlayn darsga moʻljallangan edi. Har bir dars ikki soat atrofida davom etishi belgilandi. Biroq oʻzbekistonlik muhandislarning katta qiziqishini koʻrib, dars muddatini uzaytirdik. Savol-javoblar va munozaralar ham olib borildi.

    — Xivada lazerli skanerni qoʻllash ishlari boshlangan ekan. Bu jarayon qanday kechmoqda?

    — Odatda, berilgan nazariy bilimlar amaliy dars orqali oʻzlashtirilishi kerak. Urganch davlat universiteti professorlari bilan amaliy darsni Ichanqalʼadagi Juma masjidida sinab koʻrishga kelishgandik. Aynan shu amaliy mashgʻulotni oʻzim Xivaga borib oʻtkazmoqchi edim. Biroq pandemiya sababli Kaliforniya universiteti xalqaro safarlarni man qilgandi. Shu bois Toshkent shahridan lazerli skaner bilan ishlaydigan mutaxassislarni jalb etishga majbur boʻldim. Ular bilan koʻp yillardan buyon Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Toshkentda joylashgan qadimgi yodgorliklarni lazerli skanerlash masalasini oʻrganib chiqqanmiz. Jamlangan ishchi guruh bilan telegram orqali bogʻlanib, oʻz tavsiyalarimni berib, vaziyatni nazorat qilib turdim.

    Mashgʻulot natijasida dunyoda ilk bor Xiva shahrida lazerli skaner amaliyoti qoʻllandi. Skaner orqali Juma masjidining nuqtalari katta aniqlik bilan oʻlchandi. Bu texnologiya boʻyicha lazer nurining chiqish va qaytish vaqti boʻyicha koordinatasi olinadi. Shu kalkulyatsiyada polyar va azimutal burchaklar ishlatiladi. Skaner lazer nurining yoʻnalishini oʻzgartirib, atrofdagi barcha nuqtalarni oʻlchab chiqadi. Yigʻilgan nuqtalar “nuqtalar buluti” deyiladi. Skanerning har bir turgan joyi stansiya deb ataladi. Har xil stansiyalardan yigʻilgan nuqta bulutlari oʻzaro solishtiriladi va biriktiriladi. Bu roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni deb ataladi. Natijada obyektning tashqi va ichki sirti bitta uch oʻlchamli obyekt shaklida kompyuterda saqlanadi.

    Zamonaviy texnologiya asosida obyektning raqamli egizagi yaratiladi. Skaner kamerasi yordamida sirtning hayotdagi ranglari uch oʻlchamli modelga beriladi. Aynan bunday innovatsion texnologiya yordamida madaniy merosimizni saqlab qolish mumkin. Negaki oʻz chizmalariga ega boʻlmagan obyekt boʻyicha barcha maʼlumotlarni uch oʻlchamda saqlab qolishga erishamiz. Hammasi boʻlib nuqtalar bulutlari oʻn bir stansiyada yigʻildi. Bu texnologiya muloqotsiz oʻlchaydigan xususiyatga ega boʻlgani sababli qadimiy milliy inshootlarni taʼmirlash borasida eng kerakli uskuna deb hisoblayman.

    — Qoʻllangan texnologiyalar yosh mutaxassislarimizga qanday natijalar keltirishi mumkin?

    — Avvalo, Urganch davlat universiteti professor oʻqituvchilari va talabalari zamonaviy innovatsion uskunani ishlatishga muvaffaq boʻldi. Ikkinchidan, ilk marotaba lazerli skaner orqali Juma masjidining yuqori aniqlikda olingan uch oʻlchamli raqamli egizagi mavjud. Bu qadimiy milliy obidalarimizni saqlab qolish yoʻlida juda muhim jarayondir. Uchinchidan, obyektning anomaliyaga uchragan joylarini uch oʻlchamda olishga muvaffaq boʻldik. Masalan, minoraning vertikal qiyshaygani oʻlchandi va oldingi oʻlchamlarga solishtirildi. Masjidning ogʻishi yillar davomida kuchayayotgani yuqori aniqlikda isbotlandi. Uning oʻzgarishi monitorda batafsil koʻrsatildi. Oʻzbekistonda ham xuddi Italiyadagi Piza minorasiga oʻxshash minora borligi sayyohlarni koʻproq jalb etishi maʼlum. Piza minorasining qiyshayishi 4 gradusga teng. Bizning oʻlchamlarimiz natijasida Juma masjidining minorasi 2,2 gradusga qiyshaygani koʻrsatildi. Qiyshayishni toʻxtatish uchun obidaning konstruktiv mustahkamligini taʼminlashimiz kerak. Amaliy ish natijasida tayyorlagan maqolamiz Portugaliyada oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyada katta qiziqish bilan qabul qilindi. Bu konferensiyada dunyo boʻylab konstruktiv monitoring boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimot qilinadi va xalqaro munozaralar boʻlib oʻtadi.

    Endi lazerli skaner orqali olingan oʻlchamlar Juma masjidining matematik modelini yaratishda ishlatilmokda. Birinchi bosqichda minora modelini yaratish lozim. Qolaversa, uning statik va dinamik kuchlarga bardoshliligi oʻrganilyapti. Modelning geometriyasi yuqori aniqlik bilan olingan minoraning nuqtalar bulutidan yaratilgan. Qadimgi gʻishtlar tadqiqotlar yordamida oʻrganilib, minoraning fiziologik xususiyati topilgan va ular ushbu modelga kiritilgan. Shu tariqa tuzilgan model orqali minorani konstruktiv tomonlama kuchaytirish mumkin.

    — Kelajakdagi rejalaringiz bilan ham oʻrtoqlashsangiz…

    — Yaqin orada yaratilgan matematik modelni real obyektga yaqinlashtirish uchun Juma masjidini boshqa zamonaviy uskunalar yordamida oʻrganish rejalashtirilgan. Bu loyihaning ikkinchi amaliy darsi davrida bajarilishi koʻzda tutilmoqda. Quvonarlisi, amaliy darsning sharofati bilan dunyo miqyosida ishlatiladigan oʻlchov uskunalari qoʻllanadi. Dars vaqtida Juma masjidining uskuna qoʻyilgan joylaridagi tezlanishi va nisbiy siljishlari oʻlchanadi. Siljishlarning ob-havo haroratiga qarab oʻzgarishi tekshiriladi. Bu amaliy dars shu yilning bahorida oʻtkazilishi moʻljallangan.

    — Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

    Sevara ABDULLAYEVA suhbatlashdi.