Uning mavjud tuzumga qarshi biror bir asari, maqola yoxud chiqishlarini eslay olmaymiz. Biroq, shu bilan birga, sheʼrlaridagi nozik qochirimlarni, nasriy, ayniqsa, dramatik asarlaridagi hazil-mutoyibani, zaharxanda kulguni hech kim inkor eta olmaydi.
Adib ijodining oʻrganilishini ikki bosqichga ajratish mumkin.
Gʻafur Gʻulom merosining XX asrda va XXI asrda oʻrganilishi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: adib ijodini oʻrganishda bu ikki bosqich nimasi bilan farq qiladi?
Ochigʻi, uning ijodiy merosi XX asrda, hatto mustaqillik yillarida ham asosan bir yoqlama, oʻrganib kelindi. Xususan, murakkab shaxciyati, murakkab bir zamonda oʻziga xos ziddiyatli hayotni boshdan kechirgani inobatga olinmadi. Adib ijodini oʻrganish yangi davr XXI asr boʻsagʻasidan, yana ham toʻgʻrirogʻi, tavalludining 100-yilligi munosabati bilan boshlandi, desak xato boʻlmaydi. Shu sana munosabati bilan chop etilgan tadqiqotlarda yangicha bir yondashuvni, adibning biz bilmagan, bizga shu paytgacha qorongʻu boʻlib kelgan ziddiyatli tomonlarini kashf qilishga urinishlar boshlanganini koʻramiz.
Bu oʻrinda, ikki ustozimiz, akademik olimlar – Naim Karimov va Baxtiyor Nazarov tomonidan yaratilgan tadqiqotlarni alohida urgʻulab oʻtishni istardim.
Naim Karimovning kitobi “Gʻafur Gʻulom. Shoir hayoti va sheʼriy ijodiga bir nazar” deb nomlanadi. Naim Karimov kitob avvalida XIX asr oxiri XX asr boshiga xos boʻlgan tarixiy manzarani koʻz oldimizda gavdalantiradi va bu davrga baho berar ekan, quyidagilarni yozadi:
“Agar XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkiston Chor hukumatning mustamlakasi boʻlgan boʻlsa, 1917-yil Oktyabr toʻntarishidan soʻng, xalq va mamlakatning inon-ixtiyori bolsheviklar qoʻliga oʻtdi. Oʻzbek xalqining peshqadam siymolari qanchalik harakat qilishmasin, Fevral inqilobidan keyin paydo boʻlgan tarixiy imkoniyatlardan foydalana olmadilar: xalq va mamlakat taqdirida biror oʻzgarish boʻlmadi”.
Bu xulosalar nafaqat Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi jadid adabiyoti vakillarining, balki Gʻafur Gʻulomga oʻxshagan ijodkorlar adabiy merosini oʻrganishda muhim faktlardan biri deb oʻylayman.
Gʻafur Gʻulomning koʻplab ijod namunalarida shoʻro tuzumi siyosati tarannum etilgan boʻlsa-da, uning oʻz oʻrniga ega boʻlgan, oʻzbek adabiyotida yorqin iz qoldirgan katta bir ijodkor boʻlganini hech kim inkor eta olmaydi.
XX asr oʻzbek adabiyoti haqida gap ketganda, ustoz Naim Karimov aytganidek, shoʻro tuzumining qoʻrquv mashinasi oʻz ishini yaxshigina bajarganini, yuragida olov yongan ziyolilarimizning soʻnib, kulga aylanganini, ora-sira bu olov uchqunlari choʻgʻ aralash ular yaratgan asarlarda boʻy koʻrsatganlarini urgʻulab oʻtish joiz boʻladi.
Millat ziyolilari shoʻro inqilobidan soʻng mamlakatning ozod, erkin va farovon yashashini orzu qilmasin, bu orzular asta-sekin sarobga aylangan. Umidlari soʻngan, ayrimlari ochiqdan-ochiq bu tuzumga isyon qilgan boʻlsa, ayrimlari “oʻzgacha” uslubda, yaʼni qarashlarini asarlari orqali oʻquvchiga yetkazish payida boʻlgan.
Har bir ijodkor faoliyatida u tugʻilib oʻsgan makon muhim oʻrin tutadi. Gʻafur Gʻulom 1903-yilning 10-mayida Toshkent shahrining Qoʻrgʻontegi mahallasida tavallud topgan. Xadraga juda yaqin va turli kosib, hunarmand, baqqollar istiqomat qiladigan bu mahalla shaharning oʻziga yarasha markazi boʻlgan, hayot qaynagan. Shoirning oʻzi tugʻilib oʻsgan makonga, mahallaga mehri boʻlakcha edi. Shu bois sheʼrlarida, maqolalari, nasriy asarlarida bolaligi bilan bogʻliq xotiralar koʻp. Uning ijodkor boʻlib shakllanishida makon va oilaviy muhitning roli katta boʻlgan.
Gʻafur Gʻulom dastlab madrasada, keyinchalik “Oʻqchi”dagi jadidlar maktabida tahsil olgan. Shoʻro tuzumidan keyin kosibchilik, tunakasozlik, aravakashlik bilan kun oʻtkazgan shoir, maʼlum bir muddatdan soʻng muallimlar tayyorlash kursida taʼlim olib, maktabda oʻqituvchilik qila boshlaydi. U fors, rus tillaridan yaxshigina xabardor edi. Odamlarga xat yozishda koʻmaklashib, kotiblik qilgani ham oʻz davrining ziyolisi boʻlganidan dalolat beradi.
Adibdagi mumtoz adabiyotga muhabbat, hazil-mutoyibaga moyillik, donishmandlik birinchi galda ota-onasidan oʻtgan. Qolaversa, Gʻafur Gʻulomga oʻxshagan ijodkorlarni zamonning oʻzi, hayotning azob-uqubatlari ham tarbiyalagan. Yoshlik chogʻida avval otadan, soʻng onasidan ayrilishi, oilaning butun ogʻirligi akasi bilan uning zimmasiga tushgani va ular ming bir chigʻiriqdan oʻtganini asarlari orqali ham bilib olamiz.
Ijodkorning shoʻro davridagi biografiyasida hayotiga oid koʻpgina faktlar chetlab oʻtilgani, tarjimayi holidagi tuzum manfaatiga mos kelmaydigan koʻpgina faktlar oshkor etilmaganining guvohi boʻlamiz. Adibning yoshligida bir muddat jadidlar maktabida tahsil olgani, keyinchalik ham ular bilan aloqasi uzilib ketmagani, jumladan, Choʻlpondek shoir “Daryo boʻyida” degan sheʼrini unga bagʻishlagani, Fitrat aruz haqidagi ilmiy tadqiqotida aynan Gʻafur Gʻulom sheʼrlaridan misol olganini eslasak, koʻpgina holatlarga oydinlik kiritiladi. Eng muhimi, bir qarashda zamonsozlik qilib yozilgandek tuyulgan asarlarida ham mavjud tuzumga qarshi ichki isyon uchqulari yashirinini koʻrishimiz mumkin.
Akademik Baxtiyor Nazarov oʻz tadqiqotida “Gʻafur Gʻulom ijodiga munosabatda hozirgi tanqidchilikda ikki yoʻnalish koʻzga tashlanadi. Birida, uning shoʻroviy qarashlariga hamon urgʻu berilib, tanqid qilinsa, ikkinchisida shoirning mafkuraviy jihatlari xaspoʻshlanib, uni kimlardandir himoya qilish istagi seziladi”, degan fikrni bildiradi.
Shu faktning oʻziyoq Gʻafur Gʻulom ijodi har tomonlama, toʻlaqonli oʻrganilishi zarurligini urgʻulaydi.
1931-yildagi ilk va ikkinchi “Tirik qoʻshiqlar” sheʼriy toʻplamlari bilan bir qatorda yumoristik hikoyalardan tashkil topgan nasriy asarlarini ham ketma-ket eʼlon qilib borgan. Shunday boʻlsa-da, adib ijodining ilk bosqichida sheʼriy asarlar salmoqli oʻrin tutadi.
Mutaxassislar taʼkidlaganidek, Gʻafur Gʻulom sheʼrlarida shoʻro davri “qadriyat”lariga koʻproq oʻrin ajratilgan, koʻp holatlarda oʻz kuchini “oʻtin yorish”ga sarflashiga toʻgʻri kelgan boʻlsa-da, u hamisha yuksak talant egasi boʻlganini hech bir olim inkor etmaydi.
Bir umr oʻz ijodida shoʻro tuzumini alqab oʻtgan boʻlsa-da, oʻrni kelganda, shoir baʼzan hazil, baʼzan chin aralash, kuchli ironiya va kulgu orqali aynan shu tuzum ustidan zaharxandalik bilan kulgan. Shoir sheʼrning ikkinchi misrasida tugʻilgan paytdagi vaziyat, holat tamomila boshqacha boʻlganini, eslashga, xotirlashga, “Tashakkur deyishga arzigulik tong...” ekanini urgʻulamoqda.
“Turksib yoʻllarida”, “Sen yetim emassan” shoirni mashhur qilgan sheʼrlardir. Garchand, “Turksib yoʻllarida” zamon talabiga labbay shaklidagi javob tarzda yozilgan boʻlsa-da, bugun uni qayta baholash, qayta bir nigohdan oʻtkazish lozim boʻladi. Sheʼrning yakunidan:
“Bu qadim yoʻllar,
Bu qadim yoʻllar,
Ustiga bizdan obida,
Adabiy xotiraki,
Bundan toʻxtamay bir nafas,
Qon qatron hidimas,
Ozodlik shamoli esajak”.
Misralarning joy olishi tasodifiymikan? Mening nazarimda shoirning asl niyati ayni shu misralarda oʻz ifodasini topgan. Tarixdagi barcha mustabid tuzumlar kabi, bu tuzum ham yakun topishini va ellar ozod boʻlishini shoir baribir ich-ichidan his qilgan.
Zoʻr karvon yoʻlida yetim boʻtadek,
Intizor koʻzlarda xalqa-xalqa yosh.
Eng kichik zarradan Yupitergacha,
Oʻzing murabbiysan, xabar ber, Quyosh.
Naim Karimov ushbu misradagi Quyosh oʻrnida aslida Xudo soʻzi boʻlganini, oʻz zamonida bu soʻzni aytishga imkon boʻlmagani uchun ham Gʻafur Gʻulom oʻziga xos bir donishmandlik bilan Xudoga iltijo qilganini, qanchalik zamonasozlik qilmasin, oʻz sheʼrlarida nekbinlikni, umumbashriylikni, “kosa tagida nim kosa”ni berib ketishga harakat qilganini taʼkidlagan.
Mutaxassislar Gʻafur Gʻulom ijodida Bedilona donishmandlik, falsafiylik bilan birga, hajv, yumorning ustunligiga urgʻu beradi. Bu holat uning dastlabki “Kampirning hiylasi” sheʼridan tortib, koʻplab asarlariga xos ekanini aytish mumkin.
Adibning aksariyat nasriy asarlari syujeti hajvga qurilgan. Turkiy xalqlar orasida kulgu koʻp holatlarda Nasriddin Afandi nomi bilan bogʻlanadi. Gʻafur Gʻulom ham oʻzining ayrim asarlariga aynan shu obrazni asosiy qahramon qilib tanlaydi.
“Afandi oʻlmaydigan boʻldi”, “Mulla Nasriddin Afandi va Shayton alayhul laʼna” asarlarida Afandi asosiy qahramon sifatida ishtirok etadi. “Shum bola”da ham koʻpgina voqealar xalq latifalariga qurilganining guvohi boʻlamiz. Bu albatta, bejiz emas. Oʻtgan asrdagi talotoʻplardan soʻng yumorga katta ehtiyoj bor edi. Qolaversa, oʻz davriga oid muammolarni Afandiga bogʻlab aytish, eng beozor va toʻgʻri yoʻl edi. Gʻafur Gʻulom bundan unumli foydalangan.
Koʻplab ilmiy adabiyotlarda kulgu haqidagi yuzlab maʼlumotlar yuqoridagi fikrlar jahon xalqlarining deyarli barchasiga xosligini tasdiqlaydi. Kulgu yigʻi kabi koʻpgina xalq marosimlarining tarkibiy qismi yoki taqiqlangan elementi boʻlgan. Yaʼni, yozma adabiyotdagi kulgu yoxud yumor ildizlari bevosita folklorga borib bogʻlanadi.
Gʻafur Gʻulom buni yaxshi anglagan. Xalq ogʻzaki ijodining badiiy soʻz sanʼatiga taʼsiri masalasida adibning alohida maqolasi ham bor. Adib xotiralarida onasi xalq ijodi namunalarini yaxshi bilgani urgʻulanadi. Hajvga moyillik qonida boʻlgan adibning oʻzi ham koʻplab latifalar toʻqilishiga sababchi boʻlgan.
Xalq ijodining bir janri sifatida latifalarga qisqalik, yechimning kutilmaganligi, oʻta kulguli, baʼzan faylasufona xulosalik xosdir. Yuzaki qaraganda, yengil va kulguli tuyulgan latifalarning ham oʻz tarixi bor, ularda maishiy turmush, falsafiy qarashlar ifodalangan. Latifa ijodkorlari jamiyatdagi turli xarakterlarni qisqa bir hikoyaga singdira olgan.
Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida adib “Netay”, “Tirik murda”, “Yodgor”, “Shum bola” kabi asarlarni yozadi. Bu asarlarning barchasini birlashtirib turadigan bir jihat – ularda voqeliklar hazil-mutoyiba, yumorga qurilgani. Toʻgʻri, “Tirik murda” esdalik xotiralarga asoslangan. “Netay” uchinchi shaxs tilidan, “Yodgor”, “Shum bola” bosh qahramon tilidan hikoya qilinadi. Bu asarlarning barchasida ijodkorning voqelikka satirik yondashuvi ustunlik qilib turadi.
“Shum bola” XX asr oʻzbek nasrining eng goʻzal namunalaridan biri. Asar oʻtgan asrning oʻttizinchi yillaridan soʻng yozilishida ham katta maʼno bor. Bu paytda zulm ijodkor ziyolilar boshida qatagʻon qilichini oʻynatib, oʻlimga hukm etayotgan bir davr edi.
Asarning boshi va yakuni eʼtiborni tortadi. Har qanday ijodkor moziyga murojaat etar ekan, tarixiy voqelik bilan birga oʻzi yashab turgan davr kechinmalarini ham uygʻunlashtirib yuboradi.
Asar boshidagi voqelikda xalq oʻz erkini qoʻldan boy berib boʻlgan boʻlsa-da, hali oʻz qadriyatlariga anchayin sodiq, hali bozorlardan rizq butunlay koʻtarilib ketmagani tasvirlanadi. Rastalar obodligi, bozorning toʻkin-sochinligi, atrofda milliy ohanglarning yangrab turishi, umuman hayotning anchayin zavqli tomoni voqelar rivojida shoʻrolar davri bilan solishtiriladi goʻyo. Yaʼni asar davomida bu tasvirlar xiralashib borganini, bu toʻkin-sochinlik oʻrnini, ochkoʻzlik, qashshoqlik egallay boshlaganini ilgʻash koʻp qiyin emas. Uning muqaddimasi bilan yakunini solishtirsak, yozuvchining “nima demoqchi”ligi yanada oydinlashadi.
Gʻafur Gʻulom boshqa asarlarda, jumladan, xalq ogʻzaki ijodidagi bozor qanday badiiy vazifa bajarib kelishini yaxshi bilgan. Shuning uchun ham bozor bu asarda voqelar zanjirida muhim oʻrin tutgan.
Asarda miltillab bir koʻrinib ketadigan ona va singil obrazini istisno qilganda, biror bir toʻlaqonli ijobiy xarakaterdagi obrazga duch kelmaymiz.
Badiiy asar qonuniyatlarini yaxshi bilgan akademik shoirning butun boshli asarni ijobiy qahramonlarsiz tasvirlashi qanchalik kulguga oʻralgan boʻlmasin, ichki bir iztirobining ifodasi ham edi.
Har bir qahramonning oʻz laqabi bor: Hoji Abdulaziz, Fargʻona yallachi, Asra kal, Oysha chevar, juft kaptar, Olim jinni, Eshon oyi, Xol parang va hokozo. Bosh qahramon – Qoravoyning oʻrtoqlari: Omon, It Obid, Bit Obid, Turabboy, Yoʻldosh, Husni, Solih, Abdulla Poʻlatxoʻja, Miraziz. Asarda etikdoʻz, yakanchi, kerosinfurush, qalʼa savdogari kabi koʻplab oʻtgan asr Toshkent shahri muhitiga xos kasblar nomi tilga olingan. Gʻafur Gʻulom bu obrazlar, bu tasvirlar orqali xalq kulgusining katta bir polotnosini yarata olgan.
Gʻafur Gʻulom asar davomida xalq latifalaridagi mavzuga takror va takror qaytaveradi. Jumladan, asardagi Yerning dumaloqligi, agar hamma bir tomonga qarab yursa, uning agʻdarilib ketishi yoki nonning hidiga toʻyish bilan bogʻliq kabi lavhalarda muallif xalq latifalaridan ustalik bilan foydalanganini koʻramiz. Xalq kulgusi bu yerda butun boshli yaxlit sahna tomoshasi darajasiga koʻtariladi. Uning mohiyatini anglash uchun eng kichik detalni ham eʼtiborda tutgan holda, butun boshli voqelik yaxlit bir manzara kasb etganini unutmaslik lozim.
Asar voqeligi qahramonning uyidan chiqib, turli-tuman sarguzashtlarni boshidan kechirib, yana uyiga qaytishiga bagʻishlangan. Dunyo adabiyotining eng nodir namunalarida qahramonning uydan ketib va yana qaytib kelishiga bagʻishlangan koʻplab asarlar bor. Aslida bu mavzu xalq ertaklari va dostonlaridagi eng yetakchi mavzulardan biri. Xalq ijodining epik namunalarida ham voqelik qahramonning sarguzashtlari oʻz makoni – oʻz olamidan chiqib, boshqa olamga sayohatidan boshlanadi hamda asar yakunida qahramon yana oʻz makoniga qaytadi. Endi u shunchaki qaytmaydi, yangi bir maqomat, yangi bir darajaga koʻtarilgan holda, tamomila boshqa bir odam qiyofasida qaytadi.
Gʻafur Gʻulom xalq ijodi va dunyo adabiyotiga xos boʻlgan ana shu safar mavzusini yangicha bir talqin bilan kitobxonga havola etgan. Shum bolaning har galgi yangidan yangi sarguzashtlari, yangi odamlar bilan tanishuvi asarning qiziqarliligini taʼminlab, uning dinamikasini ushlab turmaydi, balki xuddi xalq ertaklaridagi kabi qahramonning evrilish bosqichlarini ham ifodalab beradi.
Uydan chiqib ketayotgandagi Shum bola bilan uyiga qaytgan Qoravoy oʻrtasida juda katta farq koʻzga tashlanadi.
Qissa asar qahramoni tilidan hikoya qilinadi. Biroq, bu til oldingi asarlardan tamomila boshqacha. Bundagi roviyning tili yumorga moyil, har sahna va u bilan bogʻliq qahramon tilidan bayon etilgan jumlalar oʻquvchida kulgu uygʻotadi. Qahramonning nutqi uchun xalq ichidagi oddiy, jaydari soʻzlar tanlangan. Yozuvchi xalqning jonli tilini naqadar yaxshi bilganini koʻrsatadi. Xalq qoʻshiqlari orasida “Daryo toshqin”, deb boshlanuvchi qoʻshiq juda ham mashhur. Bu qoʻshiqda yor ishqida turli iztiroblarni boshdan kechirgan qahramonning ruhiy kechinmalari aks etgan.
“Shum bola”da bu xalq qoʻshigʻining ijrosi vaziyatdan kelib chiqqan holda, qoʻshiq matniga ramzlarning maʼno koʻlamlarini yanada kengaytirgan, qoʻshimcha maʼno yuklagan.
“Daryo toshqinligi”, “otning oriq”ligi, “manzil uzoq”ligi, bu shunchaki qahramon kechinmasi emas, balki, qoʻshiqni xirgoyi qilayotgan millatning dardi, iztirobiga aylangan. Ehtimol, boshqa bir asar fonida bu qoʻshiq bu qadar taʼsirli chiqmagan boʻlardi. Biroq, Qoravoyning boshidan kechirayotgan va ketma-ket ulangan voqealar zanjirida bu yanada taʼsirli chiqqan.
Yetimlik mavzusi Gʻafur Gʻulom asarlarida eng koʻp tilga olingan. Sheʼriyatida bu mavzu oʻzbekka xos xarakterni, bagʻrikenglik, odamiylik timsoli sifatida tasvirlansa, nasriy asarlari, shu jumladan, “Shum bola”da bu soʻzga yanada koʻproq maʼno yuklatilganini, yozuvchi maqsadi yumor qoplagan kulgu emas, “tagmatn”dagi fojiaga qaratilganini payqash mumkin.
“Shumbola” ustoz adabiyotshunoslarimiz taʼkidlaganidek, satirik asar. Biroq, Gʻafur Gʻulomning mahorati shundaki, millat ziyolilari boshida qatagʻon qilichi oʻynab turgan bir paytda millat dardini, millat fojiasini satira orqali tavsirlab bera olgan.
Oʻz davrida Gʻafur Gʻulom bilan bogʻliq hujjatlarda uning jadidlar maktabida tahsil olgani hech bir oʻrinda qayd etilmagan, adib biror bir maqolasida ham bu borada fikrlarni ochiq bildirmagan. Oʻrni kelganda ularni qoralagandek koʻringan boʻlsa-da, ichdan jadidlar ilgari surgan gʻoya tarafdori. Millat fojiasi uning uquvsizligi, omiligi, savodsizligi, dinni mutaasiblik deb tushunishda. Najot ilmu maʼrifat bilan bogʻliq ekani “Shum bola”da Hoji bobo va uning atrofidagi murshidlari obrazi orqali ham kulgili, ham fojiali tarzda ifodalab berilgan.
Millatning oldi “guli” boʻlgan bu “ziyoli”larning davrasida ham Shum bola oʻzini ularga begona his qiladi. Ich-ichidan ularning naqadar tuban, ikkiyuzlamachi, ochkoʻz va oʻgʻri ekanini anglab yetadi. Hoji bobo bilan bogʻliq tasvirlar adibning oʻz zamoni ustidan xulosasi edi.
Millat fojiasi aslida shaxsning oʻzini jamiyatga begonaligini sezishidan boshlanadi. Shaxsning evrilishi ham bu fojialarga teran nigoh bilan qarashi, uni “hazm” qila olmasligidadir.
Tili boshqayu, soʻzi boshqa boʻlgan, ilmu maʼrifatdan yiroq boʻla turib, olimlikni daʼvo qilgan, dinning mohiyatiga tushunmay turib, fatvo berish huquqiga egaman deb oʻylagan, oʻziga, eliga har daqiqada xiyonat qilishga tayyor, oʻz nafsining quli boʻlgan bunday kimsalar, aslida millat boʻynida kishan turishining asosiy sababchilaridir.
Qoravoy kulib turib tasvirlagan voqealar oʻz davri uchun tabiiy, uni qalamga tushirgan adib uchun dard va iztirob edi. Qahramon kulgusi tagida butun boshli millat qaygʻusi aks etganini zukko kitobxon ilgʻab olishi u qadar qiyin emas.
Xulosa qilib aytganda, “Shum bola”ni oʻqimishli qilgan uning sodda, ravon tili yoki kulgu uygʻotuvchi sahnalar koʻpligi uchungina emas. Shaxs fojiasi, ijtimoiy illat, millat fojiasiga koʻtarilgani bilan oʻqishlidir. Koʻpgina badiiy asarlarda biz koʻnikkan voqelik kulguga oʻrab berilganining guvohi boʻlamiz. Darhaqiqat, Gʻafur Gʻulom realizmi, bu – kulgu ortiga yashirilgan shafqatsiz realizm.
“Shum bola” asari ijodkorning davrga nisbatan dardli munosabati, chor hukumati hukmronligi paytidagi zulm, adolatsizlik, jaholatning shoʻro tuzumi davrida ham oʻzgarmaganini ich-ichidan sezgan, anglagan, biroq bu dardini ochiq oshkor eta olmagan Gʻafur Gʻulomning iztiroblaridir. Shuning uchun ham bu asar satirik asargina emas, balki, mazmuniga koʻra xalqning azaliy qaygʻusi aks etgan tragik asar darajasiga koʻtarilgan.
Adib oʻz sheʼrlarida aytganidek: “Tashakkur deyishga arzigulik tong”da tugʻilgan, yoʻrgaklangan tana”ning “mushti” bekorga tugilmaganini katta bir mahorat bilan, Gʻafur Gʻulomga xos donishmandlik, xalqona kulgu kinoya bilan chiroyli tasvirlab bera olgan.
Asardagi har bir obraz, xarakter, badiiy tasvir vositalari ana shu maqsadni amalga oshirishga xizmat qiladi. Ulkan ijodkorning mahorat bilan yozilgan asarlari nafaqat milliy, shu bilan birga jahon adabiyoti namunalari qatorida eʼtirof etilishi esa barchamizda faxr uygʻotadi.
Jabbor ESHONQULOV,
OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor