Bariga qoʻl siltab, boshqa ish qilmoqchi boʻldi. Ammo rejasidan tanish-bilishlar xabar topgan, endi eshitgan quloqqa yaxshimas. Yana boshlagan ishidan ortga chekinishga odatlanmagan. Oriyat ustida harakatdan toʻxtamadi. Masʼul rahbarlar qabuliga kirdi. Maqsadini tushuntirib, loyihasini taqdim etdi. Maʼqul koʻrildi.

Oradan koʻp oʻtmay, unga tayyor tokzorni berishga qaror qilindi. Buni eshitgan Farrux aka mamnun boʻldi. Demak, katta bogʻ ishonib topshirilar ekan, ishonchni oqlash lozim. Albatta, kelgusida tonnalab hosil yetishtirib, bogʻni yanada koʻrkam qiladi. Shu oʻyda hujjatlarni tayyorladi. Ish tezlashib ketdi.

Oradan ikki kun oʻtdi. “Farruxbek Turdiali ota nabirasi” fermer xoʻjaligi uchun bogʻ ajratildi. Qulay jihati bogʻ oʻzi voyaga yetgan Shahrisabz tumanining Qutchi qishlogʻi yaqinida edi. Xushxabardan koʻngli koʻtarilgan fermer dalaga yoʻl oldi. Ammo aytilgan yerga kelib, hayratdan yoqa ushladi. Adashdim shekilli, degan oʻyda qoʻlidagi hujjatga ilova qilingan xaritaga qaradi. Xuddi shu joy koʻrsatilgan. Afsuski, tokzordan asar yoʻq edi. Dalani koʻzdan kechirib, bir paytlar yashnagan tok oʻrnida quruq toʻnkalarni koʻrdi. Hafsalasiz bir ahvolda oʻtirib qoldi. Nima qilishni bilmasdi. Olamjahon orzusi bir daqiqada puchga chiqdi. Avvalroq surishtirganida baʼzilar bogʻ borligini aytgandi. Balki ular ham ancha oldin koʻrgan, hozirgi vaziyatdan bexabar boʻlsa kerak.

Ancha muddat tushkun kayfiyatda oʻtirdi. Oʻzicha chora izladi. Kimdan maslahat olishni oʻyladi. Ortga qaytishga esa andisha qildi. Oxiri: “Nima boʻlsa boʻlar, shu tashlandiq joyda bogʻ barpo etaman, koʻrganlar lol qolsin”, degan shahd bilan oʻrnidan turdi.

Shunday ishga kirishdi. Dastlab traktor olib kelib, maydonni tozalatdi. Eski bogʻdan qolgan shox-shabbalarni terib chiqdi. Bir hafta mehnat qilib, atrofni binoyidek holatga keltirdi. Endi yer haydab, daraxt ekishga hozirlik koʻradigan boʻldi. Maydonning bir qismida issiqxona qurib, limon ekishni rejalashtirdi. Bahor yaqinlashib qolgani bois, tezroq harakat qilish lozim edi. Farrux aka tinim bilmay ishladi. Nihol ekish mavsumigacha yer tayyor boʻldi. Tanishlaridan surishtirib, uzum, anor, gilos, olma va yongʻoq koʻchatlarini olib keldi. Oʻzi bosh boʻlib, farzandlari bilan birga ekdi. Hisoblab koʻrsa, 5000 ga yaqin koʻchat oʻtqazibdi. Endi buni koʻkartirish lozim, ammo oson boʻlmasligi aniq. Yaqin atrofdagilar ham bu yerda niholni koʻkartirish mushkul ekanini aytdi. Imkoni boʻlsa, bogʻ qilishga behuda vaqt sarflamaslikni maslahat berdi.

Bahor seryogʻin kelgani nihollar uchun yaxshi boʻldi. Saraton boshlangach, fermerning xavotiri ortdi. Qoʻliga chelak olib, suv tashishga kirishdi. Koʻchatlarning har birini erinmay sugʻordi. Erta tongdan tunga qadar suv tashish bilan vaqt oʻtkazdi. Har bir nihol bilan tillashib, hol-ahvolidan xabardor boʻldi. Jaziramadan talafotsiz oʻtib olgach, koʻngli xotirjam tortdi. Yashnab turgan nihollarga qarab, mashaqqati unutildi. Keyingi yilda esa ariq qazib suv keltirdi.

— Kishi maqsadi sari intilsa, har qanday ogʻir ishni ham uddalashi mumkin, — deydi Farrux Poʻlatov. — Bugun bogʻni koʻrgan kishi albatta qoyil qoladi. Toʻrt yil oldin ekilgan nihollar toʻliq hosilga kirdi. Shunga yarasha daromad keltirmoqda. Jumladan, oʻtgan yili birinchi hosilning oʻzidan 20 tonnaga yaqin uzum oldik. Besh tonna gilos, 4 tonna olxoʻri, 3 tonnaga yaqin anor, 2 tonna limon ­yetishtirdik. Umumiy hisobda 600 million soʻmga yaqin daromad topdik. Natijada bozorlarimizni obod qilishga, el dasturxoni toʻkin boʻlishiga hissa qoʻsha boshladik. Besh kishi doimiy ish bilan taʼminlandi. 50-60 kishini mavsumiy ishlarga jalb etyapmiz. Joriy yilda yangi loyihalarni ishga tushiryapmiz. Ayni paytda yana bir issiqxona qurdik. Unda asosan mandarin, apelsin kabi sitrus mevali koʻchatlar oʻtqazildi. Shu bilan birga, nihollar orasiga qulupnay ekdik. Kelgusi yilda yana bitta issiqxona qurish rejamizda bor.

Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari sifatida Farrux Poʻlatov tashlandiq yerda bogʻ barpo etib, oʻtgan yilning oʻzida 600 million, joriy yilda esa 800 million soʻmga yaqin mablagʻ ishlab topdi. Bundan tashqari, oʻtgan yildan boshlab asalari boqishni yoʻlga qoʻygan. Koʻchatchilik bilan ham shugʻullanyapti. Bu yil joriy kuzgi mavsumda 20 ming tup koʻchatni sotishga hozirlik koʻrmoqda.

— Bogʻdorchilikka bolaligimdan qiziqaman, — deydi fermer. — Shu sabab koʻchatchilikni ham yoʻlga qoʻydik. Har bir niholni oʻzim payvand qilib, koʻpaytiryapman. Ertaga oʻzim yetishtirgan nihollar turli joylarda meva berib, atrofni yashillikka burkasa, quvonaman.

Kitob oʻqigan, daraxt ekkan kishining qalbida ezgulik boʻladi. Faqat yaxshilik ulashishga intiladi. Yana bir gap. Farrux aka nafaqat dalada, balki tomorqasida ham bir qarich yerni boʻsh qoldirgani yoʻq. Olti sotixli hovlisida xurmo, anor, olma ekib yaxshigina hosil olmoqda. Hovlida yetishtirilgan mevalarning daromadi farzandlarining oʻqishi uchun ajratilgan. Bundan tashqari, fermer oʻz hisobidan qishloqdagi maktabning aʼlochi oʻquvchilari uchun oylik stipendiya ham joriy etgan. Bu esa yosh avlodning bilim olishga qiziqishini oshirmoqda. Oʻtgan yili Farrux Poʻlatov oilasi viloyat miqyosida “Eng namunali oila” sifatida eʼtirof etildi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri