Senatorlar yalpi majlis kun tartibi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitdi. Ushbu masala yuzasidan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov maʼruza qildi.
Qayd etilganidek, Tashqi ishlar vazirligi oʻz faoliyatini milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib, dunyoning yetakchi davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish, hamkor mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, davlatimiz rahbari tashabbuslarini xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ilgari surishga hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga yoʻnaltirib kelmoqda.
2021-yilda 150 ga yaqin oliy darajadagi tashrif, uchrashuv, onlayn va telefon muloqotlar tashkillashtirildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8 marotaba xorijiy mamlakatlarga (Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Rossiya hamda Koreyaga) amaliy va ishchi tashriflari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanganligi bois, oʻtgan yilda 100 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi tadbirlar amalga oshirildi va qator salmoqli vazifalar bajarildi.
Muhokama chogʻida Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha Oʻzbekistonning siyosati va tashabbuslariga xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baho berilgani alohida taʼkidlandi.
Senat yalpi majlisi davom etmoqda.