Muzokaralarda Oʻzbekistonning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, Tatariston idoralari va yirik kompaniyalarining rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik doirasida qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi muhokama qilindi va ularni ilgari surish boʻyicha tadbirlar kelishib olindi. Kimyo, neft-gaz, avtomobilsozlik, tibbiyot uskunalari va robototexnika, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, ilmiy-texnik va innovatsion sohadagi hamkorlik yoʻnalishlarida keng koʻlamli loyihalarni hayotga joriy etish bilan bogʻliq barcha masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Muhokama yakunida mutasaddi rahbarlarga tilga olingan masalalarni hal etish va tegishli loyihalarning amaliy ijrosini jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.
Tomonlar munosabatlarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikning barcha jihatlari yuzasidan kelishib olish maqsadida yaqin kelajakda Tatariston Respublikasi Sanoat va savdo vazirligi hamda yirik kompaniyalar rahbariyati bilan manzilli muzokaralar olib borish uchun uning Oʻzbekiston hududlariga tashrifini tashkil etish borasida yakdil fikrga keldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish hamda Tatariston va Oʻzbekiston Respublikasi hududlari oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish maqsadida koʻrib chiqilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida muntazam muloqotni faollashtirish taklifini qoʻllab-quvvatladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.