Tatariston kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 24 Mart 2022 1361

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning mamlakatimiz hukumati va ishbilarmon doiralari bilan muzokaralar oʻtkazish uchun amaliy tashrif bilan kelgan Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv chogʻida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarining masalalari, shuningdek, Tatariston va Oʻzbekiston viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Oldin erishilgan kelishuvlar hayotga joriy etilayotganligi hamda ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirishning ulkan istiqbollari qayd etildi. Oʻzbekiston hududlari va Tatariston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sanoat, savdo, madaniyat, taʼlim, shaharlarni obodonlashtirish, yoshlar siyosati va sport kabi sohalarda jadal rivojlanmoqda.

    Avtomobilsozlik, maxsus texnika va avtomobil ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash, kam tonnajli kimyo va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar koʻrib chiqildi. Yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish uchun Tatariston kompaniyalari bilan muloqotni davom ettirishga kelishildi.

    Tomonlar Qozonning “Himgrad” texnopolisi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Chirchiq” kimyo-sanoat texnoparki qurilishi boshlanganini olqishlab, bu qadam sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikning katta yutugʻi ekanligini taʼkidladi. Maʼlum qilinishicha, hozirgi vaqtda boʻlajak investorlar 200 million dollarga yaqin loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar taqdim etishgan va texnopark hududida birinchi sanoat obyektlarning ishga tushirilishi joriy yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Tatariston investorlari va ishlab chiqaruvchilarini qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga jalb etishga qaratilgan “roud-shou” oʻtkazish maqsadida “Chirchiq” texnoparki rahbariyati delegatsiyasining Tataristonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlar va tashabbuslarning amaliy ijrosi boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.