Taʼtilda dam olish maroqli boshlandi

    Ta'lim 4 Iyul 2023 2275

    Yurtimizda har bir fasl oʻz husnu tarovati, betakror goʻzalligi bilan ajralib turadi. Hayot tashvishlaridan uzoqda, bolalikning sehrli olamida yashayotgan samimiy va quvnoq bolajonlar uchun yoz faslining gashti oʻzgacha. Ular bu faslda oromgohlarda miriqib dam oladi.

    Zero, tabiat qoʻynida hordiq chiqarish, sport oʻyinlari va musobaqalar, yangi doʻstlar bilan muloqot, turli tanlovlarda ishtirok etish bolalarning iqtidorini yuzaga chiqaradi, dunyoqarashini boyitadi.

    Joriy yilgi bolalar dam olish va sogʻlomlashtirish mavsumi 2-iyundan boshlandi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 80 ta, shundan 11 tasi toʻliq rejimda ishlaydigan oromgoh, 69 tasi esa taʼlim muassasalari binolarida faoliyat olib boradigan sogʻlomlashtirish guruhlari sanaladi. Xususan, “Oq kema”, “Orol bolalari”, “Oq kabutar”, “Oydin yoʻl”, “Orol”, “Shunqor”, “Qaldirgʻoch”, “Turon”, “Rohat” oromgohlarida 1 241 nafar bola, shuningdek, tuman va shaharlarda tashkil etilgan 69 ta sogʻlomlashtirish guruhlarida 3 350 nafar bola dam olmoqda.

    — Barcha oromgohlarga bolalar yoʻl patrul xizmati xodimlari kuzatuvi ostida avtobuslarda xavfsiz yetkazildi. Oromgohlarga kirishdan oldin birlamchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va guruhlarga boʻlindi, — deydi Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamentining Qoraqalpogʻiston boshqarmasi boshligʻi Rahmon Madreimov. — Oromgohlar va ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek, bolalarning salomatligini taʼminlash va nazorat qilish maqsadida tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi yoʻlga qoʻyilgan. Departament qoshida mavsum davomida ishlaydigan respublika va hududiy shtablar tuzilib, bolalarning oromgohlarga qabul qilinishi, mavsumning borishi toʻgʻrisida kunlik tezkor maʼlumotlar yuritilmoqda hamda tegishli vazirliklarga taqdim etilmoqda.

    Ellikqalʼa tumanidagi moʻjizaviy “Aqchakoʻl” boʻyida joylashgan “Orol bolalari” yozgi bolalar oromgohida har yili 1 ming 200 nafardan ziyod bola dam oladi.

    — Oromgohimiz ikkinchi navbat uchun 240 nafar bolani oʻz quchogʻiga qabul qildi, — deydi mazkur bolalar dam olish va sogʻlomlashtirish markazi direktori Rashid Allambergenov. — Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlaridan kelgan bolajonlarning hordiq chiqarishiga yetarlicha sharoit yaratilgan. Ular boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun turli sport oʻyinlari, musobaqalar tashkil etilmoqda, kutubxona ishlab turibdi, shuningdek, koʻplab toʻgaraklar faoliyat koʻrsatyapti.

    Taxiatosh tumanidagi “Oydin yoʻl” bolalar sogʻlomlashtirish markazida 2023-yil mavsumida 750 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan.

    — Joriy yilda bolalarga belgilangan taomnoma asosida besh mahal sifatli ovqat berilmoqda. Sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari, shuningdek, toʻqimachilik, rasm chizish, kompyuter savodxonligi toʻgaraklari muntazam ishlab turibdi, — deydi ushbu markaz direktori Bekmurat Jumanazarov. — Bolalarning sogʻligʻini tiklash va mustahkamlashga Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasi shifokor va hamshiralari xizmat koʻrsatmoqda. Shuningdek, kichkintoylarning xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlar biriktirilgan. Bundan tashqari, muzey va tarixiy joylarga sayohatlar uyushtirilib, konsert dasturlari namoyish etilmoqda.

    Shu bilan birga, oromgohlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz hamda oʻz vaqtida yetkazib berish, malakali kadrlarni jalb etish, dam olish maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar farzandlarini, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini imtiyozli ravishda dam oldirib, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham katta eʼtibor qaratilgan.

    Beruniy tumanidagi “Rohat” bolalar yozgi dam olish oromgohida ham bolajonlarning vaqtini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan sport oʻyinlari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bolalar kutubxonada oʻzbek va jahon adabiyoti namunalaridan oʻqish, turli sport toʻgaraklarida ishtirok etish orqali vaqtlarini mazmunli oʻtkazmoqda.

    Joriy mavsumda Qoraqalpogʻistondagi jami oromgohlarda 23660 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan. Bir soʻz bilan aytganda, soʻlim tabiat qoʻynidagi bu hordiq onlari farzandlarimizning yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazishi, sogʻlom va ruhan tetik boʻlishiga xizmat qiladi.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri