Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tarkibidagi yozgi bolalar oromgohlarining masʼullari, xodimlari va mavsum tashkilotchilari uchun seminar tashkil etildi.
Kombinat masʼullari, tibbiyot, xalq taʼlimi, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, milliy gvardiya sohalari xodimlari ishtirokidagi seminarda statsionar turdagi oromgohlarda bolalarning dam olishlarini mazmunli tashkil etish, sogʻlomlashtirish maydonchalari faoliyatini takomillashtirish istiqbollari, yozgi bolalar oromgohlarida sanitariya qoida va meʼyorlari talablari, bolalarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish kabi mavzularda atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, yongʻin xavfsizligini taʼminlash kabi masalalar ham muhokama markazida boʻldi.
Bundan tashqari, yozgi bolalar dam olish oromgohlarida maʼnaviy-madaniy tadbirlar, sport musobaqalarini tashkil etish, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi tartibiga rioya qilish kabi masalalar batafsil tushuntirildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, kombinat tasarrufida Piskent tumanida joylashgan “Tong”, Boʻstonliq tumanida joylashgan “Metallurg”, “Gulzor”, Jizzax viloyatining Zomin tumanida joylashgan “Istiqlol” hamda Surxondaryo viloyatida joylashgan “Xondiza-Parvoz” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari faoliyat yuritib keladi.
Yurtimizda mavsum 6-iyundan boshlandi, 161 ta oromgohda jami 47 ming 381 nafar bolalarning sogʻlomlashtirilishi rejalashtirilgan. Kombinat oromgohlarida esa mavsum 10-iyundan boshlanib, 2-avgustga qadar davom etadi.
Umida Jalilova,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ xodimlari
kasaba uyushmasi yetakchi mutaxassisi