Ayrim o‘g‘il-qizlar yurtimizning so‘lim go‘shalarida joylashgan oromgohlarga yo‘l olgan. eng muhimi, 9 oy davomida bilim olgan bolalar endi hordiq chiqarmoqda. Mutaxassislar o‘sayotgan organizmning har tomonlama sog‘lom rivojlanishi uchun, albatta, maroqli dam olish kerakligini taʼkidlaydi. bu esa o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlashda, yangi o‘quv yiliga kuch yig‘ishda asqatadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda yosh avlodni jismonan sog‘lom, maʼnan yetuk shaxs etib tarbiyalash, ularning bilim olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar salmoqli natijalar bermoqda. Mamlakatimizda bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari yozgi mavsumdagina emas, butun yil davomida olib borilayotir. Buning natijasida turli hududlarda, xususan, chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi o‘g‘il-qizlar ham so‘lim oromgohlarda hordiq chiqarmoqda. Umumtaʼlim maktablari qoshida tashkil etilayotgan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 237-maktab qoshida tashkil etilgan “Quvnoq yoz” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi 2-mavsumda 100 dan ortiq o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga oldi. Bu yerda o‘quvchilar “Mohir qo‘llar”, “Happy English”, “Yosh sozanda”, “Ertaklar olamida”, mental arifmetika, tas viriy sanʼat, taekvondo, shashka-shaxmat, suzish, stol tennisi, gimnastika va raqs kabi to‘garakl arga jalb qilingan.
— Yozgi taʼtilda 4 mavsum davomida bolalarni qarshi olamiz, — deydi maktab direktori Feruza Sharipova. — Ilk mavsumda 100 dan ortiq o‘g‘il-qizni qabul qilgan bo‘lsak, ikkinchi mavsumda yana shuncha o‘quvchi dam olmoqda. Asosan, Oltin v odiy, Qumariq, Aviasozlar mahallalarida yashovchi bolalar kelyapti. Doimiy ishlaydigan ko‘plab ota-onalarning boshlang‘ich sinf yoshidagi bolalari uyda yolg‘iz, nazoratsiz qoladi. Tabiiyki, aksariyat bolajonlar bunday sharoitda televizor yoki kompyuter qarshisida o‘tirib vaqt o‘tkazadi. Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida esa o‘g‘il-qizlarimiz o‘z vaqtida o‘ynaydi, vaqtida dam oladi, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan band bo‘ladi.
Soya-salqin maktab hovlisi, zamonaviy sinf xonalar o‘g‘il-qizlar bilan gavjum. Ularda bolalar o‘z qiziqishiga qarab, to‘garaklarga jalb qilingan.
Kamola 11 yoshda. Uning aytishicha, 4-sinfni “yaxshi” baholarga bitiribdi. “Kelajakda shifokor bo‘lmoqchiman. Buning uchun yaxshi o‘qishim, sog‘lom bo‘lishim kerak. Kunimizning yarmi shu yerda o‘tadi, asosan, kitob o‘qiyman. Kutubxonamiz kitoblarga boy. Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Mark Tven kabi yozuvchilarning asarlarini, ensiklopediyalarni o‘qiymiz. Yana maktabimiz hovlisidagi hovuzda suzishni o‘rgandim”.
Ziyovuddin Sotvoldiyevga kompyuter savodxonligi to‘garagi maʼqul kelibdi. U kompyuterda samolyot maketini yasamoqda. Shakllar mutanosibligi,
rangini tanlashga ham alohida yondashmoqda. Ziyovuddin kelajakda uchuvchi bo‘lishni maqsad qilgan. Shuning uchun ham tasviriy sanʼat to‘garagida bo‘ladimi, mohir qo‘llar to‘garagidami — samolyot chizishni, yasashni yaxshi ko‘radi.
— Oyim aeroportda ishlaydi. Katta bo‘lsam men ham o‘sha yerda ishlashni xohlayman, — deydi bolakay. — Bu yerga ertalab barvaqt kelamiz. Har kuni badantarbiya mashg‘ulotlari bo‘ladi. “ Quvnoq startlar” o‘tkaziladi. Keyingi mavsumda ham mashg‘ulotlarga qatnashmoqchiman.
Yozgi sog‘lomlashtirish oromgohining yo‘lga qo‘yilishidan ota-onalar ham mamnun. Sababi, har bir ota-ona farzandining bolalar bilan muloqot qilishini, maqsadli mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishini istaydi. Uyda esa barcha ota-ona ham bolalar uchun to‘laqonli muhit yaratib bera olmaydi. Bundan tashqari, ota-ona ishda bo‘lgan paytda oromgoh bola uchun ishonchli joy.
— O‘g‘lim Abdusalim 1-sinfni aʼlo baholarga bitirdi. Tengdoshlari qatori ayni paytda yozgi sog‘lomlashtirish oromgohiga qatnamoqda, — deydi Venera Umarova. — “Ayollar daftari”ga kiritilganim bois, hozir davlatimiz ko‘magi bilan tikuvchilik kursida o‘qiyapman. Bolalar ulg‘ayyapti, ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad kerak. Hademay tikuv mashinalari olib berishmoqchi. Ertalabdan tushgacha darsda bo‘laman. O‘g‘lim uyda qolsa, kattalar nazorat qilgani bilan baribir zerikadi. Televizor ko‘rgisi, ko‘chaga chiqib o‘ynagisi keladi. Oromgohning tashkil etilishi unga vaqtini mazmunli o‘tkazish imkonini bermoqda. Bu yerda kinozalda qiziqarli film va multfilmlar tomosha qiladi. Jismoniy faol bo‘ladi. Turli to‘garaklarda vaqti qiziqarli o‘tadi. Shaxmatni, suzishni o‘rganyapti. Tushda, o‘qishdan qaytayotganda uni o‘zim bilan olib ketaman. 1-mavsumda ham mashg‘ulotlarga kelgandik. Eng maʼqul jihati, bu yerda vaqtini sinfdosh do‘stlari bilan birga o‘tkazadi.
Bolalarning vaqtini mazmunli tashkil etishda turli-tuman tanlovlar o‘tkazilishi samarali. Oromgohda “Men ham kuylay olaman”, “Sog‘ tanda — sog‘lom aql”, “Ertaklar — yaxshilikka yetaklar”, “Kichkina dizayner”, “Ajoyib sanʼat”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Mo‘yqalam sehri” kabi ko‘ngilochar tanlovlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Tanlovlarda bolalar yoshiga qarab alohida yoki guruhlarga bo‘lingan holda bellashadi. Bugungi kichkina tanlovlar ertaga xalqaro miqyosdagi katta musobaqalarga qo‘yilgan ilk odimlar sanaladi, aslida. Bu bolalar kelajakda mamlakat va millat sharafini himoya qiladi.
Maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Yusupovning taʼkidlashicha, ayni paytda bolalar 2-mavsum yopilishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 1-mavsumdan farqli o‘laroq, bu mavsum yopilishida deyarli bolalar tomonidan to‘garaklarda yasalgan bezaklardan foydalaniladi. Kuy-qo‘shiqlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari, yosh sportchilarning chiqishlari tashkil etiladi. Shuningdek, tanlov g‘oliblari ham shu kuni rag‘batlantiriladi. Keyingi mavsumda yanada qiziqarli mashg‘ulotlar bilan bolalar vaqtini mazmunli o‘tkazish reja qilingan.