Yangihayotda yozgi taʼtil qanday oʻtadi?

    Bo'sh vaqtda 30 May 2022 2884

    Bugun Yangihayot tuman hokimligi tomonidan 332-maktabda jurnalist va blogerlar uchun navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda yozgi taʼtil davrida yoshlarning, xususan, maktab oʻquvchilarining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berildi.

    Bugungi kunda Yangihayot tumanida 16 ta maktab mavjud. Matbuot anjumanida xabar qilinganidek, joriy yilning 3-iyunidan 26-iyuliga qadar tumandagi 5 ta maktabda yozgi oromgohlarni, qolgan 10 ta umumtaʼlim maktablarida sogʻlomlashtirish maydonchalari tashkil etilib, 5 tashabbus doirasida toʻgaraklar faoliyat yuritadi.

    Shuningdek, 419 nafardan ortiq kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 123 nafar oila farzandlarini yozgi oromgohlarda sogʻlomlashtirilishi, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan 20 nafar otaliqqa olingan voyaga yetmaganlar uchun tuman prokuraturasi tashabbusi bilan sport sogʻlomlashtirish oromgohlariga qamrab olinishi rejalashtirilgan.

    Mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari doirasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida tuman mahallarida istiqomat qiluvchi yoshlar oʻrtasida sportning futbol, mini futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari boʻyicha musobaqalarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

    Tumanda 30 mahalla kesimida mahalla binolarida, umumtaʼlim maktablarida sportning shaxmat-shashka, “streetworkout” turi boʻyicha 3 bosqichli (mahalla, sektor, tuman) “Yoshlar yetakchisi kubogi” oʻyinlari tashkil etiladi.

    Bundan tashqari sportning suzish turi boʻyicha 3 bosqichli (mahalla, sektor, tuman) “hokim kubogi” musobaqasini, 30 ta MFY kesimida sportning mini futbol turi boʻyicha 3 bosqichli (mahalla, sektor, tuman) “prokuror kubogi” musobaqasini tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

    Matbuot anjumani soʻnggida tumandagi 332-sonli maktab misolida yozgi oromgohlarda yaratilgan shart-sharoitlar jurnalist va blogerlarga tanishtirilib, hokimlik masʼullari tomonidan barcha savollarga javob berildi.