Yigʻilishda tomonlar tegishli maʼlumotlarni tahlil qilishdi hamda yuzaga kelgan muammolarni hamkorlikda oʻrganib chiqishdi.

Kompaniyalar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, uglevodorod xomashyolarini chuqur qayta ishlash boʻyicha istiqbolli ikkita kam tonnajli gazkimyo loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari oʻrganib chiqilyapti.

Dastlabki muzokaralarda “Benzol, toluol va ksilol mahsulotlarini ishlab chiqarish” , “Buten-1 va geksen-1 ishlab chiqarish” loyihalarni iqtisodiy va texnik jihatlari muhokama qilindi. Ayni paytda ushbu loyihalarning dastlabki texnik iqtisodiy asosnomalarini (TIA) hamkorlikda ishlab chiqilyapti.

Shuningdek, yigʻilishda xorijlik hamkorlarga “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan respublikamizda mavjud xomashyo bazalari, ularning kimyoviy tarkibi, fizik-kimyoviy xossalari va hajmlari haqida maʼlumotlar yetkazildi.

Keyingi bosqichda texnik iqtisodiy asosnomalar natijalariga koʻra, ijobiy bahoga ega boʻlgan loyiha asosida Respublikamiz hududida qoʻshma korxona sifatida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Shuni taʼkidlash joizki, kam tonnajli loyihalar respublikamizning iqtisodiy koʻrsatkichlarini yuksaltiradigan asosiy drayverlaridan biri boʻlib hisoblanadi. Olib borilayotgan muzokaralar, kelajakda yuqori talabga ega boʻlgan yangi turdagi neft va gaz kimyosi mahsulotlarini ishlab chiqarishni koʻzda tutadigan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali respublikamizning eksport salohiyatini oʻsishiga taʼsir etuvchi omil boʻlib xizmat qiladi.