Teatr xalqni to'g'ri so'zlashga o'rgatadi

    "Bugun teatr san'atini rivojlantirish va ijodkorlar uchun qulayliklar yaratish borasida e'tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, teatrlarimizda adabiy tilga bo'lgan e'tibor susayib borayotganday nazarimda", deydi san'atshunoslik fanlari nomzodi Go'zal Xoliqulova

    Muhtaram Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni madaniyat va san'at sohasida katta ahamiyat kasb etdi. Madaniyat va san'atning hamma sohalarini qamrab olgan bu me'yoriy hujjatda respublikamizda faoliyat yuritayotgan teatrlarni yanada rivojlantirish borasidagi dolzarb islohotlar belgilanganligi birorta ham teatrshunos mutaxassislarni befarq qoldirmadi.

    Darhaqiqat, bugun teatr san'atini rivojlantirish va ijodkorlar uchun qulayliklar yaratish borasida e'tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shunga qaramay, teatrlarimizda adabiy tilga bo'lgan e'tibor susayib borayotganday nazarimda. Aktyorlarning nutqida sheva alomatlari hanuz mavjudligi, nutq texnikasidagi kamchiliklar, sahnada partnyorlarning bir-birini eshitmasligi, quruq emotsional nutqdan nariga o'tolmayotgani kishini ranjitadi. Teatrlardagi bunday holatlarga barham berish uchun nima qilishimiz kerak? Farg'ona viloyat musiqali drama teatri Bosh rejissyori Mahmud G'ulomov bilan ayni muhim jarayondagi muammolar borasida suhbatlashdik.

    – 2019 yil 21 oktyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Madaniyat vazirligida Davlat tilini rivojlantirish bo'yicha maslahatchi shtatining tashkil etilishi hammani birday quvontiradi. Demak, ona tilimizga bo'lgan e'tibor yanada kuchaytirildi. Siz ko'p yillardan buyon Farg'ona viloyat musiqali teatrida faoliyat ko'rsatib kelmoqdasiz. Men Farg'ona viloyat musiqali teatrda bugungi pandemiya sharoitida olib borilayotgan onlayn repetitsiyalarni doimiy kuzatib boryapman. Teatrda faoliyat olib borayotgan do'stlarim, shogirdlarim bilan muloqotlar chog'ida sizning adabiy tilga va sahna nutqiga bo'lgan talabchanligingiz haqidagi iliq fikrlarni eshitib quvonaman. Hozirgi kunda teatrlarda sahna nutqning nufuzinini ko'tarish eng dolzarb masalalardan biridir. Zero, bu jarayon o'zbek adabiy tilimizning qudratini yanada oshirishga katta ta'sir qiladi.

    – Avvalo aktyorlarning sahna nutqi ustidagi ish jarayonlari haqida to'xtalsam. Sahna nutqining go'zal bo'lishi dramaturgiyaga bog'liq. 1939 yilda To'xtasin Jalilov, Sobir Abdulla va Mamadali Haydarovlar “Tohir va Zuhra” musiqali dramasining instsenirovkasi ustida bir oy tinimsiz ishlaganlar. Rejissyor M. Haydarov obrazlarning tiliga nihoyatda katta ahamiyat berar edi. Har bir sahnaga hech bo'lmaganda bittadan ariya yozishni talab qilgan paytida, avvalo ariyaning so'zlariga quloq tutar edi. “Har bitta sahnaga yozilgan ariya uzukka ko'z qo'ygandek bo'lishi shart, ariyadagi har bir so'zning toshi bo'lsin”, degan fikrni takrorlayverardi. Spektakl` ustida ishlanayotgan paytda har bir sahnaning nomi ariyalar bilan atalgan bo'lib, S. Abdulla so'zlarga mas'uliyat bilan e'tibor bergan. Bunga “Suv kelar axta...”, “ey quyosh...” kabi sahnalarni misol qilib aytishim mumkin. Xorazm sahnasida xorazmga shevasiga xos bo'lgan ohangda aytiladigan ariyadan foydalangan. Bu uchlik bir-biri bilan so'z va uning sahnadagi ifodalanishi ustida shunaqangi tortishib ishlaganlarki, ularning bilimdonligiga, so'zga bo'lgan hurmatiga hammaning xavasi kelar edi. O'z navbatida bu hol boshqalarga ham namuna bo'lgan. Asar tili masalasi hal qilingach, keyin aktyorlarga rol` ko'chirishga ruxsat berilar edi.

    Ustozimiz Nosir Otaboev rejissurasidagi eng noyob narsa tilga, nutqqa jiddiy e'tibor qaranganligi edi. Bunday deyishimning boisi, u kishi o'zbek adabiy tilining bilimdoni bo'lgan. Ayniqsa, “Baxtli gadolar” komediyasining instsenirovkasi ustida ishlash jarayonida SHahobiddin Nizomiddinov, O'zbekiston xalq artisti Jaloliddin Oxunov bilan har bir so'zga, jumlalarga sinchkovlik bilan yondashardi. Aktyorlar ham tushunmagan so'zining ma'nosini chaqib, keyin gapirishga odatlangan edi. Bu jarayonlarda qalami o'tkir, teatrning adabiy emakdoshi, O'zbekiston xalq artisti YAhyoxon Mamatxonovning ham o'rni juda katta bo'lgan. Zunnun Madaminov, Jo'ra Boboev, Holmat Ikromovlar xarakter yaratishda etakchi aktyorlar sifatida rollarni nihoyatda tabiiy ijro qilishga harakat qilar edi. Ularning nutqi ham chiroyli bo'lgan. Sahnaga chiqib, behudaga gapirganini hech ko'rmaganman.

    “O'tgan kunlar” spektaklidagi ijrolar-chi? Bu haqda juda ko'p gapirish mumkin. 1972 yilda Toshkentga ijodiy safarga borganimizda bir hafta davomida bu spektakl` anshlag bo'lgan. O'zbekiston xalq artistlari Murodjon Ahmedov, Isroilxon Sultonov, YOrqinoy Hotamova, Mavluda SHomurodavalar o'ynagan sahnalar tarixga muhrlangan. Ularning nutqi ravon, ovozlari juda chiroyli, sahnada ularni ko'rgan tomoshabin sevib qolar edi. Kumush rolini o'ynagan YOrqinoy Hotamovaning ovozi juda ta'sirchan, samimiy, rolni yurakdan ijro qilgan. Asli quvalik bo'lgan Isroilxon Sultonov Otabek rolini qiyomiga etkazib o'ynagan. Tomoshabin ularning ichki hissiyotlari bilan birga yashar, go'zal ovozlarini eshitib to'ymas edi, desam mubolag'a bo'lmaydi.

    Teatr tarixida aktyorlik san'ati borasida katta maktab qoldirgan ustoz san'atkorlarni hozirgi ba'zi aktyorlar bilmagani uchun ham har qanday gapni gapirib ketaveradi. Tilimizning hurmatini joyiga qo'ymaydi. So'zlarni qadrlamaydi. Men hozirgacha sahna nutqiga ahamiyat berish, so'zlarning tub ma'nosini yaxshi anglash lozimligini, aktyorlardan qattiq talab qilishga harakat qilaman. Aytganingizdek, hozir bu masalaga jiddiy e'tibor bermasak bo'lmaydi. SHoshma-shosharlikka sira yo'l qo'ymasligimiz, zamon tezlashib ketdi, deb spektaklning sifatiga putur etkazmasligimiz kerak. Axir shuncha harakatlar jonajon xalqimiz uchun qilinadi-ku!

    – Siz yuqorida tilga olgan asarlar haqiqatdan ham o'lmas asarlar edi. Musiqali dramalar ichida “Tohir va Zuhra” spektakli xalqimiz o'rtasida o'lmas asarga aylangan. Haligacha tomoshabinlar spektaklidagi ariya va duetlarni xirgoyi qilib yurishadi. Bugun musiqali dramalarni sahnalarda kam ko'ramiz. Balki tomoshabinni yana teatrga qiziqtirish, yoshlarimiz qalbiga o'zbek tili ohanglarini singdirish uchun teatrlarimizda musiqali spektakllarni ko'paytirishimiz kerakdir...

    – Bo'lmasam-chi, o'zbek xalqining yuragi musiqaga boy. U musiqasiz hayotini tasavvur qilolmaydi. Mehnatkash xalqimizga bu spektakllar kuch-quvvat bag'ishlaydi, hayotga bo'lgan qiziqishini oshiradi. Mahorat bilan yozilgan musiqali drama qiyin janr bo'lishiga qaramay ijodkorlarning hamkorligida, tinimsiz izlanishlari natijasida chiroyli spektakllar paydo bo'ladi. Musiqali dramadagi aktyorning mahorati juda muhim ahamiyatga ega. Bir misol keltirsam, 1982 yilda “Tohir va Zuhra” spektaklini qayta sahnalashtirgan edik. Andijonda o'tkazilgan xizmat safarida bu spektaklni olib borganmiz. Spektaklni ko'rib, Muhsin Qodirov menga, “YOshgina bo'lib katta asarga qo'l uribsiz. Zuhraga yoshroq aktrisa topmabsiz-da”, dedilar. Men ichimda “eh, attang, fikrimda qattiq tursam bo'lar ekan-a”, dedim. CHunki bu fikrni dirijyorga oldinroq aytgan edim-da. Muhsin akaning gapini teatr dirijyori, O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi Dehqon Jalilovga etkazdim. SHunda u kishi shunday dedi: “To'g'ri, Mahmudjon, bu fikrni menga oldin aytgan edingiz, ammo Zuhrani o'ynaydigan aktyor, birinchi navbatda, chiroyli ovozidan tashqari vokal tajribasiga ham ega bo'lishi kerak. Obrazning holati, uning dardini ifodalash bilan birga kerakli pardani ushlab turishi va partnyor bilan muloqotda bo'lishi kerak. Undan tashqari aktyor nutqi ham muhim, ariyadan keyin shu holatda gapirish, bularning barcha jamlamasini faqat YOrqinoy eplardi-da. Xalq muhabbatini qozonish eng muhim narsa. Bo'lmasa bu kontsert nomeri kimga kerak?!”. Dehqon akaning bu gapi mening rejissyorlik hayotimda juda katta tajriba bo'lgan, desam adashmayman. Musiqali dramalardagi kuy va ohanglar, so'zdagi kuch bilan xalqning qalbidan chuqur o'rin olishi mahoratli aktyor ijrosiga bog'liq ekanligini anglaganman.

    SHu o'rinda bir narsani ta'kidlab o'tmoqchiman, hali biz rejissyorlar o'zbek dramaturgiyasida yaratilgan asarlardan unumli foydalanganimizcha yo'q. Turob To'la, O'lmas Umarbekov, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, SHukrullo, SHarof Boshbekov kabi adiblarimiz asarlariga murojaat qilishdan to'xtamasligimiz kerak.

    – 2015 yilda Britaniya Kengashining O'zbekistondagi vakolatxonasi ko'magida amalga oshirilgan loyiha dasturi doirasida “Globus” teatrining ijodiy safari O'zbekistonda ham o'tkazildi. Spektakl` O'zbek Milliy akademik teatrida ham namoyish qilindi. Teatr ijodkorlari bilan O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti teatr san'ati fakul`teti professor-o'qituvchilari va talabalari bilan ijodiy uchrashuv tashkil qilindi. SHuningdek, interaktiv metodlar asosida aktyorlar, pedagoglar va ingliz mutaxassislarining o'tkazgan trening mashg'ulotlari biz uchun katta yangilik bo'ldi.

    Muloqot chog'ida men “Globus” teatri rejissyori Maykl Kerriga bir savol bilan murojaat qildim: “Angliya teatri sahnasida adabiy tilga e'tibor berish holati qanaqa? Rejissyorlar aktyorlardan tilga bo'lgan e'tiborni talab qiladimi yoki yo'qmi?” Mening asl maqsadim, bu savol orqali adabiy tilga e'tibor qanchalik muhim ekanligini talabalarga ham bildirish edi. Maykl Kerri miyig'ida kulib, “Men uchun iliq savol berdingiz. Dunyoda uch ming xildan ortiq til mavjud. Bu tilning sheva (dialekt)larini ham hisobga oladigan bo'lsak, er yuzidagi tillarning umumiy soni besh mingdan ham ortib ketsa kerak. SHulardan mukammal va ulug' tillar juda ham ko'p emas. SHuningdek, sahnada bir asar bir necha tillarda ijro etilishi mumkin. Lekin bu ijro mukammal tilda bo'lishi kerak. Albatta, men birinchi navbatda aktyorlardan toza ingliz tilini talab qilaman. Masalan, haqiqiy irlandiya tilining qanaqaligini faqat teatrga kelib, aktyorning nutqi va ovoz intonatsiyalarini tinglash orqali bilish mumkin. Men o'zbek tilini juda boy til, deb hisoblayman. O'zbek tilining o'ziga xos xususiyatlarini o'z qulog'im bilan eshitgim keladi. ertaga teatringizga borib spektakl` ko'raman, o'zbek tilini jonli eshitaman. Bu men uchun juda qiziq va katta baxt. O'zbek tilini eshitishning o'zi men uchun orzu bo'lgan edi. Hayotda hamma har xil shevada gapirib ketaveradi. Jamiyatni faqat teatrgina haqiqiy tilga o'rgatadi. Aslida professional sahna nutqi orqali millat tilining xususiyatini aytish aktyordan, eshitib rohatlanish tomoshabindan. Teatr aslida shuning uchun kerak!”, dedi. Mayklning bu fikri hammaga yoqdi, tinglovchilarda g'urur ham paydo qildi, ular o'rinlaridan turib qarsak chalib yuborishdi.

    – Ana ko'rdingizmi, millat tilini saqlash, aktyor nutqida uni jaranglatish qanchalar muhim narsa. SHaxsan men sizni aynan sahna nutqi bo'yicha tadqiqot olib borayotganingizdan juda xursandman. Teatrimizda tarix uchun yoziladigan jarayonlar juda ko'p. Ulug' aktyorlarning jamiyat rivoji uchun qilgan xizmatlarini o'rganib, hozirgi kunda ham xalqimiz xohlagan spektakllarni sahnalashtirsak arziydi. Bunga qurbimiz ham etadi. Tomoshabinlarni teatrga qiziqtirishni ko'proq o'ylashimiz kerak.

    – Menimcha, tomoshabin engil-elpi shoularga, bo'lar-bo'lmas tomosha ko'rsatayotgan guruhlar orqasidan ergashib ketmoqda. Ba'zida bu guruhlarning sahnadan turib millatimiz sha'niga to'g'ri kelmaydigan behayo qiliqlariyu o'zbek tili obro'siga putur etkazadigan gaplarini eshitib, qochishga joy topolmay qolasan kishi. Kechagina institutning aktyorlik yo'nalishini, hattoki magistratura mutaxassisligini bitirgan yoshlarimiz bugun ana shunaqa guruhlarda bachkana qiliqlar bilan band bo'lib yurganini ko'rib achinib ham ketasan. Bu ham etmagandan ularning bachkana “manera”lari professional teatr aktyorlarida takrorlanishi ajablanarli hol. Menimcha, tomosha va spektakllar ilmiy yondashuvlarga, tahlillarga muhtoj. Teatrshunoslar, san'atshunoslar jarayonlarni kuzatib borishi, tanqidiy fikrlarini ommaviy axborot vositalarida yoki muhokamalarda o'z vaqtida aytishi zarur.

    – Albatta, ayb o'zimizda. Tomoshabin hozir turli jamoalarning tomoshalariga yopirilib tushishmoqda. Teatrga esa tomoshabinni majburlab olib kiryapmiz. Tomoshabin teatrga o'zi xohlab kelishi kerak. Aktyorlikni chidaganga chiqargan. Kezi kelsa uchta odamga gap uqtirib bo'lmay qoldi. Aktyor besh yuzta odamni o'ziga qaratishi kerak. Bu osonmi? Buning uchun qancha mehnat qilish kerak, chidam, matonat bilan p`esa ustida bosh qotirish kerak. Bu jarayonlarga hamma yoshlar ham chidagisi kelmaydi. Teatrga kelgan aktyor bir, ikki yilda ko'zga ko'rinib ketavermaydi-da. Xalq muhabbatini qozonish o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydiku. Yillar davomida tajriba orttiriladi. Aktyor sabrli, bardoshli bo'lishi kerak. YAxshi aktyor engil-elpi tomoshalarda chiqib, manfaati yo'lida og'ziga kelgan gaplarni aytib ketaverishni o'ziga ep ko'rmaydi. Bugun yaratilayotgan sharoitlarni suiste'mol qilish aktyor uchun uyat. SHukur Burhonov, Soyib Xo'jaev, Abror Hidoyatov, Sora eshonto'raeva, Lutfixon Sarimsoqova, Amin Turdiev, Qudrat Xo'jaev kabi buyuk aktyorlar ham darrov mashhur bo'lib qolmagan, sharoit nihoyatda og'ir bo'lgan paytlarda teatrda yillar davomida ishlagan, mehnat qilgan, insonlarga yaxshilik urug'ini ekkan.

    – Ayni paytda teatringiz jamoasi O'zbekiston Qahramoni Lola Murotova hayoti va mehnat faoliyatiga bag'ishlangan enaxon Siddiqovaning “Barxanlarda qolgan gul” nomli asari asosida sahnalashtirilayotgan spektaklning stol ustidagi ish jarayonlari bilan band. Kundalik repetitsiyalarni onlayn kuzatib boryapman. Aktyorlar juda jiddiy, partnyorlar bilan onlayt tarzda sidqidildan ishlashmoqda. Sizni va sizning safdoshlaringiz Obidjon Abdullaev, Sayidali Odilovlar ham astoyidil mehnat qilishyapti. Zamon qahramonini kuylovchi bu spektakl` ishiga muvaffaqiyat tilayman. Samimiy mulohazalaringiz uchun rahmat!

    San'atshunoslik fanlari nomzodi

    Go'zal XOLIQULOVA suhbatlashdi.