Televizion  do'konlarining yuqori darajada mashhurligining asosiy sababi bitta — bu qulaylik.   Go'yoki keltirilgan narxlar bir qarashda arzondek va siz istalgan vaqtda, o'zingiz xohlagan mahsulotni uyni o'zidanoq buyurtma qilishingiz mumkin.

Mamlakatimizning bir qancha telekanallarida “onlayn teledo'kon”lardan chiqishlar  kuniga bir necha bor takror-takror namoyish etiladi.  Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning o'tgan davrida taniqli teledo'konlardan biri “Hop shop”ga e'tiroz bildirib murojaatlar qilingan.  Agentlikka tushgan 90 dan ortiq murojaatlar o'rganilganda, jami zarar miqdori 51 milion so'mdan ortiqni tashkil etgani  ma'lum bo'ldi. Aslida tovarlarni o'rganish uchun fursat yo'qligi sabab iste'molchilar ko'pincha yetkazib berilgandan keyin unga achinib qoladilar. Buyurtma  aynan  iste'molchi kutganidek, ya'ni televizorda ko'rganidan butunlay  boshqacha  bo'lib chiqqani uchun  unga nisbatan e'tiroz bildirishadi.

Boshlovchilar turli-tuman mahsulotlarning yuqori sifati va narxi barchani qoniqtirishi mumkinligini maqtab ta'rif beradilar. Ajablanarlisi, mazkur reklamalarda chegirmalar faqat namoyishlar vaqtida bo'lishi taklif qilinadi! Telekanalda mahsulot juda sifatli va narxi arzonlashtirilgan deb  ta'rif beriladi. Ana shu faol reklama qilinayotgan davrda iste'molchi beixtiyor ayyorona marketing tuzog'iga ilinib qoladi. Ustiga-ustak rolik so'nggida zudlik bilan ko'rsatilgan raqamlarga qo'ng'iroq qilish va mahsulotni xarid qilish taklif etiladi! Iste'molchi bunday holatni payqamay qolib, buyurtma qilishga shoshiladi.

Qonunga muvofiq, agar tovar haqida noto'g'ri yoki etarli darajada to'liq bo'lmagan ma'lumot berilgani, zarur iste'mol xossalariga ega bo'lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo'lsa, iste'molchi shartnomani bekor qilishga va o'ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;

Iste'molchining tovar haqidagi noto'g'ri yoki yetarli darajada to'liq bo'lmagan ma'lumot tufayli etkazilgan zararni qoplash to'g'risidagi talablari sotib olingan tovarning xossalari va jihatlari haqida iste'molchi maxsus bilimga ega emas, degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.

Noto'g'ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to'liq hajmda qoplanishi lozim.

Hurmatli iste'molchilar, “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunda iste'molchi nuqsonli tovar sotilganda iste'molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o'tilmagan bo'lsa, o'z xohishiga qarab  iste'molchi quyidagi beshta  huquqlaridan birini talab qilishga haqli ekanligini aytib o'tish lozim. Bular tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste'molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish va shartnomani bekor qilib, ko'rilgan zararni qoplashdan iboratdir.  Iste'molchi mazkur huquqlaridan kafolat muddati davomida tovarning nuqsonlari aniqlangan taqdirdagina foydalanadi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlarining sa'y-harakatlari tufayli barcha iste'molchilar murojaatlari ijobiy hal etilmoqda. Nuqsonli tovar xarid qilingan yoki reklamada berilgan xususiyatlarga ega bo'lmagan tovarni albatta qaytarish huquqiga egasiz.