“Temir daftar” qanday ishlaydi?

    Fikr 15 Yanvar 2021 6284

    Bosh vazir oʻrinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov oʻz intervyusida pandemiya davrida olib borilgan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy siyosat mamlakatda kambagʻallikning koʻpayishiga olib kelmaganini eng katta natija sifatida baholadi.

    Uning fik­richa, aholining birorta qatlami qashshoqlikka tushmadi. Xususan, 2020-yilning yanvar oyida byudjet mablagʻlaridan ijtimoiy nafaqa olgan oilalar soni 600 mingta boʻlsa, dekabr oyida ular soni ikki baravar oshgan.

    Misol uchun, “Temir daftar”orqali hayit bayramida, bolalar maktabga borishi arafasida va boshqa vaqtlarda aholiga manzilli yordam koʻrsatildi.

    Shu oʻrinda “Temir daftar” degan atamaga aniqlik kiritib oʻtish joiz boʻladi.

    Mutasaddilarning fikricha, bu oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, ijtimoiy ahvoli hamda turmush sharoiti ogʻir boʻlgan oilalarni doimiy bandlik va daromad manbai bilan taʼminlash hamda ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha sektor rahbarlari tomonidan alohida nazoratga olingan oilalar qayd etiladigan “Saxovat.argos.uz” elektron dasturi hisoblanadi.

    Pandemiya sharoitida ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj, ish joyi va daromad manbaini yoʻqotgan fuqarolar, shuning­dek, nogironlar, yakka-yolgʻiz keksalar va kam taʼminlanganlik kabi mezonlarga asoslanib, unga kiritilgan oilalarning manzilli roʻyxati shakllantiriladi.

    Buning uchun sektor rahbari, tuman (shahar) xalq deputatlari kengashi vakili va mahalla oqsoqoli bilan birgalikda uyma-uy yurib, oilalarning moddiy va turmush sharoitini har tomonlama oʻrganadi. Shu asosda tuzilgan roʻyxat tuman xalq deputatlari kengashi tasdigʻidan oʻtgandan keyin “Saxovat.argos.uz” elektron bazasiga kiritiladi

    “Temir daftar”dan oʻrin olgan yordamga muhtoj boʻlgan fuqarolar bilan individual ishlash yoʻlga qoʻyiladi. Mehnatga layoqatli boʻlgan fuqarolar ishga joylashtirilib, bandligi taʼminlanadi yoki oʻzini oʻzi band qilish orqali ularning daromadini oshirishga erishiladi. Shundan soʻng fuqaroning arizasi va ishchi guruhning tavsiyasi asosida bu fuqaroni roʻyxatdan chiqarish xalq deputatlari tuman (shahar) kengashi qarori asosida hal qilinadi.

    Yurtimizdagi barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha “Temir daftar” tizimi joriy etildi. Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, oʻzini oʻzi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda koʻpgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaroning mehnat faoliyati qonuniy tarzda yoʻlga qoʻyilib, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard soʻm imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi. Bu, oʻz navbatida, qishloq aholisini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda yangi yoʻnalishga aylandi.

    Murojaatnomada ham bu borada amalga oshirilgan ishlar eʼtirof etilib, joriy yildagi vazifalar belgilab berildi. Eng avvalo, kambagʻallikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullar joriy etiladi. Faqatgina kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan bir qatorda taʼlim, sogʻliqni saqlash, kasb-hunarga oʻqitish, ichimlik suv, energiya va yoʻl infratuzilmasi bilan bogʻliq kompleks muammolar hal etib boriladi.

    Kelgusi yil 1-martdan boshlab, aholining minimal isteʼmol xarajatlari eʼlon qilinadi. Hukumat tomonidan ikki oy muddatda ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal meʼyorlar darajasida bosqichma-bosqich taʼminlash boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.

    Bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan. Davlatimiz rahbarining koʻrsatmalariga binoan, kambagʻallikni qisqartirishning aniq dastak va mexanizmlarini ishlab chiqish, xorijiy tajribani inobatga olgan holda, kambagʻallik darajasini aniqlash mezonlari va baholash uslubi, ijtimoiy taʼminotning minimal standartlari va meʼyoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning 14 nafar eksperti jalb qilinib, ular koʻmagida “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kambagʻallikni qisqartirish konsepsiyasi” lo­yihasi tayyorlangan.

    Murojaatnomada eʼtirof etilganidek, “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha “motivatsiya, koʻnikma va moliyaviy koʻmak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi. Kambagʻallikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil insonning intilishi, oʻz kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati boʻlishi kerak. Shu maqsadda joriy yilda mahallalarda aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi. Ularning har biri uchun 1 million soʻmgacha subsidiya berilib, davlat byudjetidan 100 milliard soʻm ajratiladi. Oʻquv kurslarini tamomlab, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar taqdim etiladi.

    Shu bilan birga, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratilishi, ehtiyojmand aholini ish oʻrinlari bilan taʼminlashga Bandlikka koʻmaklashish hamda Jamoat ishlari jamgʻarmalaridan 500 milliard soʻm yoʻnaltirilishi moʻljallanmoqda.

    Pandemiya sharoitida oʻz ishini yoʻqotgan aholini kambagʻallikka tushib qolishiga yoʻl qoʻymaslik uchun joriy yildan boshlab yangicha tizim joriy etiladi. Unga koʻra, vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar (223 ming soʻmdan 680 ming soʻmga) oshiriladi va bunda 6 ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartib bekor qilinadi. Bunda ham aynan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimidan foydalanish qoʻl kelishi mumkin.

    Prezidentimiz kambagʻallikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarning diqqat markazida turishi zarurligini qayd etdi. Umuman, har bir tuman va shahar hokimi bir oy muddatda oʻz hududida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi boʻ­yicha har chorakda mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borishi yoʻlga qoʻyiladi. Bu masalaga barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezon sifatida qaraladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi