90 yoshida Turkiyada vafot etgan oxirgi oʻzbek jadidi Usmon Xoʻjaning oʻgʻli Temur Xoʻja butun umri va kuchini turkiy xalqlar madaniyati va tarixi borasidagi izlanishlarga baxshida etgan. U turkiy xalqlar olami, Markaziy Osiyo madaniyati tarixi, jadidchilik, Shoʻro davri va mustaqillikdan keyin Markaziy Osiyo respublikalarida kechayotgan siyosiy oʻzgarishlar, demokratiya va diktatura mavzularida tinimsiz mehnat qilayotgan fidokor olimlardan biri.
Temur Xoʻja Turkistonning madaniy va siyosiy tarixiga bagʻishlangan yuzdan ortiq maqola yozgan. Ularning aksari turk va ingliz tillarida, Turkiya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Ovroʻpo mamlakatlari, Hindiston va Yaponiya kabi davlatlarda chop etilgan. Suhbatimiz avvalida olim koʻzida yosh bilan shunday dedi: “Tuzumlar baʼzi davrlarda ogʻir boʻlishi mumkin. Lekin, tuzumga qarab inson oʻz vatanidan yuz oʻgirmaydi. Men ham Oʻzbekistondan yuz oʻgirgan emasman, chunki Oʻzbekistonning kelajagiga, istiqboliga hamisha ishonganman. Menda har doim vatanimga qaytish orzusi bor.”
– Temur Xoʻja janoblari, yurtimizga xush kelibsiz! Kuni kecha Prezidentimizning “Jadidlar: Milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya qatnashchilariga yoʻllagan murojaatini katta hayajon bilan tingladik. Davlatimiz rahbari oʻz murojaatida shaxsan sizga mamlakatimiz tarixi va ajdodlarimiz merosiga bagʻishlangan qimmatli hujjatlarni taqdim etganingiz uchun minnatdorlik bildirdi. Keling, suhbatimiz avvalida ushbu noyob merosga toʻxtalib oʻtsak...
– Mazkur hujjatlar ichida Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va faoliyati bilan bogʻliq koʻplab maʼlumotlar bor. Jumladan, Mahmudxoʻja Behbudiyning 1907-yilda Rossiya dumasiga yoki Musulmonlar fraksiyasiga topshirgan “Turkiston madaniy muxtoriyati” deb nomlangan loyihasini oʻqib, moziydagi muhim voqeliklarga sababchi boʻlgan ijtimoiy-siyosiy sabablarni bilib olishimiz mumkin. Avvalo, Behbudiy oʻsha paytdagi Turkiston xalqlari uchun madaniy davlat – madaniy muxtoriyat talab qilgan. Loyihada qayd etilgan moddalarni oʻqiganimizda bilamizki, madaniy muxtoriyat bilan birga siyosiy muxtoriyat ham koʻzda tutilgan. Masalan, uning bir moddasida shunday yozilgan: “Turkistonga koʻchmanchilarning olib kirilishi toʻxtatilsin”. Bilasiz, Chor Rossiyasi zamonida Rossiya hududlaridan koʻplab dehqonlar Turkiston tuproqlariga olib kelinib joylashtirilgan. Shu bois Behbudiy shunday talab qoʻyadi. Yana bir talabi shundaki, “Turkistonning tuprogʻi va suv resurslaridan faqat Turkistondagi musulmonlar foydalansin”, deydi. Axir, Turkiston ham bir siyosiy muxtoriyat ekan, bu zaminning tuprogʻi, dehqonchiligi, suv resurslari Amudaryo, Sirdaryo va boshqa daryolardan faqat shu yerdagi musulmonlar foydalanishi kerak-da... Yana bu loyihada aytilyaptiki, “Turkistonliklar uchun diniy idoralar tuzilsin va bu idoralarni oʻzlari boshqarishsin, ishimizga boshqalar aralashmasin”. Ayni hujjatda taʼlim sohasi boʻyicha ham oʻziga xos mulohazalar bildirilgan. Masalan, “Turkistondagi maktablar ham mustaqil, erkin boʻlishi kerak”. Chunki oʻsha paytlarda Turkistonda asosan Chor Rossiyasi tomonidan rus-tuzem maktablari ochilib, bolalarga rus tilida saboqlar berilgan. Behbudiy “oʻgʻil-qizlarimiz oʻzimiz ochgan jadid maktablarida taʼlim-tarbiya olishi kerak”, deb yozgan.
Demak, “Turkiston madaniy muxtoriyati” deb atalgan hujjat juda noyob hujjat boʻlib, uni diqqat bilan koʻrib chiqsak, Behbudiyning madaniy muxtoriyat uchungina emas, koʻproq siyosiy muxtoriyat uchun jon kuydirayotganiga guvoh boʻlasiz. Shu oʻrinda saovl tugʻiladi: Bu hujjat nima uchun muhim? Avvalo hujjat 1907-yilda taqdim etilganiga eʼtibor qaratsak, bu voqeadan 10-yil oʻtib birin-ketin muxtoriyatlar paydo boʻla boshlaydi. Demak, ular Mahmudxoʻja Behbudiyning loyihasi va undagi talablardan ilhom olishgan. Qrimda Qrim-tatar muxtoriyati, Qoʻqonda Turkiston muxtoriyati, Orenburgda Alashoʻrda muxtoriyati, Ufada Butunrusiya turk tatarlari muxtoriyati tuziladi. Va bu muxtoriyatlar qanday tugatilgani oʻzingizga maʼlum.
Keyinchalik esa jumhuriyatlar tuzila boshlaydi. Bokuda Mustaqil Ozarbayjon jumhuriyati, Buxoroda Buxoro xalq shoʻrolari jumhuriyati, Xorazmda Xorazm xalq shoʻrolari jumhuriyati barpo etiladi. 1923-yilga kelib esa Moskvada sovetlar kuchaya boshlaydi. Natijada Buxoroda Buxoro xalq sovet respublikasi, Xorazmda Xorazm xalq sovet respublikasi tuziladi. 1924-yilda yana mustamlakachilarning fikri oʻzgarib, Buxoro xalq sovet respublikasi va Xorazm xalq sovet respublikasi tugatilib, Buxoro sovet sotsialistik respublikasi va Xorazm sovet sotsialistik respublikasi barpo qilinadi. 1925-yilda bu qaror ham oʻzgartirilib ikkala respublika ham yoʻq qilinib, Oʻzbekiston sovet sotsialistik respublikasi tuziladi. U paytda Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston muxtor jumhuriyat edi. 1929-yilda Turkmaniston va Tojikiston, 1933-yilda esa Qozogʻiston va Qirgʻiziston sovet sotsialistik respublikasiga aylanadi. Sovetlarning respublikalari shunday paydo boʻlgan.
Sovet sotsialistik respublikalarining konstitutsiyasiga nazar tashlasak, ularning barchasida bir modda bor. Ushbu modda baʼzilarida 11-, baʼzilarida 12-modda deb qayd etilgan boʻlib, “Bu sovet sotsialistik respublikalari xohlaganida, parlamentlari qaror qilganida mustaqil boʻla oladilar, yaʼni sovetlarning tarkibidan ajralib chiqa oladilar”, deyilgan. Ammo Konstitutsiyalarida yana bir modda borki, faqat bu qarorga SSSR rozi boʻlishi kerakligi taʼkidlab oʻtilgan. Qarab turibsizki, bu ishlar barchasi siyosiy oʻyin boʻlgan.
– Gʻarbdagi davlatlar SSSRning statistikasini hamisha tekshirib turgan va yolgʻon xabarlardan hayratga tushgan, deyishadi. Bu borada bobo-buvilarimiz koʻp suhbatlashishar, biz esa bu gaplarni oʻsha paytlarda tushunmas edik...
– Juda toʻgʻri aytdingiz, nafaqat xorijdagi uygʻoq qalbli insonlar, balki yurtimizda istiqomat qilib, barcha koʻrguliklarni ichiga yutib, indamay yashashga majbur boʻlgan ziyolilarimiz anchagina... Ular anglaganidek, Moskvada oʻtirib olgan mustamlakachilar Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻistonga birin-ketin gʻaroyib topshiriqlar beravergan, yolgʻon raqamlar bilan oʻyinlar ham davom etavergan. Maqsad nima qilib boʻlsa ham Markaziy Osiyo davlatlarini mustamlaka qilib ushlab turish boʻlgan. Bunday sharoitda mafiyalashish ham kuchayib borgan. Juda koʻp siyosiy davralarda shunday gap aylanardi: “Sovet Ittifoqi yemirilishi mumkin emas, chunki ularda yadro quroli bor!” Buni qarangki, yillar oʻtib yadro qurolining ham ahamiyati qolmadi. Chunki SSSR iqtisodiyoti nihoyatda nochorlashib qolgan edi. Sovetlar dunyo bozor iqtisodi sharoitiga oʻtganida bu narsa yaqqol namoyon boʻlib qoldi. Yasama qurilgan davlatning umri va yoʻli uzoqqa bormadi. Garchi jahonning eng katta yadro quroliga ega davlati boʻlsa-da... Biroq, afsuski, shu davrgacha butun Markaziy Osiyoning koʻplab maʼrifatparvar, bilimdon ziyolilari oʻldirib yuborildi. Oʻlimdan qutilib qolish uchun koʻplari xorijga chiqib ketdi. Oʻzbek adabiyoti esa butunlay senzuraga kirdi. Ammo millatimiz gʻanimlari har qancha harakat qilsalar ham jadidchilik ruhini yoʻq qila olmadilar.
Men Oybek, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarning ijodini kuzatganimda bu shoir va yozuvchilar sovet davrida jadid bobolarimiz gʻoyalarini davom ettirishganiga, ayni gʻoyalar bugungi kunimizga yetib kelishimizda katta xizmat koʻrsatganiga amin boʻlaman.
Hozirgi kunda Oʻzbekiston Prezidenti ham jadidchilik gʻoyalarini mamlakatning milliy gʻoyalariga aylantirishda jonbozlik koʻrsatyapti. Mustaqil boʻlgan jumhuriyatlar ichida eng avvalo Oʻzbekistonda jadidlar ilgari surgan gʻoyalarning katta toʻlqini yuzaga keldi. Oʻzbekiston ayni global dunyoda jadidchilikni davlatning milliy gʻoyasiga aylantirgani uchun biz ham juda minnadormiz. Biz bu kuchni chet elda turib kuzatganmiz. Oʻzbekistonda nima boʻlyapti? Qozogʻistonda qanday yangiliklar yuz beryapti? Qirgʻizistonda qanday voqealar sodir boʻlmoqda? Juda qiziqardik. Vaziyatni tahlil qilish uchun turli sharhlar va maqolalar yozganmiz.
Sovet davrida yurtimizga kelishning hech bir imkonim yoʻq edi. Va nihoyat 1990-yilda keldim. Oʻsha paytda Mixail Gorbachev boshchiligida qayta qurish reformalari davom etardi. U paytlardagi tahlika boshqa, ayni paytdagi Oʻzbekistonda yurib ozodlik zavqini his qilish boshqa!!! Shu kunlarga yetkazganiga shukr! Qarang, jadidlar merosi boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro konferensiya butun jahondagi eng mashhur jadidshunos olimlarni bir davraga jamladi. Har bir oʻqilgan maʼruzani koʻzda yoshimiz, qondagi qaynoq haroratimiz bilan tingladik.
Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan jadid bobolarimizning toʻxtab qolgan ishlarini davom ettirish asosiy vazifalarimizdan biri ekanligi taʼkidlandi. Qarang, bu juda katta gap. Davlat rahbari jadidlarning yarim yoʻlda qolgan ishini davom ettirib, Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoning eng ilgʻor demokratik davlatiga aylantirmoqchi! Bu gaplarni eshitganimda shu qadar toʻlqinlanib ketdimki, jadid Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev oʻz umrini tikkan gʻoyalar qanchalar salmoqli va yuksakligini yanada teran angladim. Oʻz otam bilan yanada qattiq faxrlandim!
– Albatta, bu voqeliklardan biz ham quvonyapmiz, gʻururlanyapmiz. Konferensiyaning ochilish marosimida soʻzlagan maʼruzangizda otangiz Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning eng oxirgi vasiyatlarini esladingiz. Shu oʻrinda otangizning Buxorodagi va chet ellardagi taraqqiyparvarlik faoliyati haqida toʻxtalib oʻtsangiz...
– Otam Usmonxoʻja juda katta boy boʻlgan. Bobomiz Poʻlatxoʻja qorakoʻl terisi savdosi bilan shugʻullanadigan savdogar edi. Otam Fayzulla Xoʻjayev bilan amakivachcha. Ularning Toshkentda, Samarqandda, Buxoroda, Oʻshda, Moskvada bir necha savdo doʻkonlari boʻlgan. Bobom Poʻlatxoʻja oʻz safarlaridan birida 3-4 yoshli Usmonxoʻjani Moskvaga olib ketgan. Dunyo qanday rivojlanib borayotganini, Moskva qanday shahar ekanligini oʻgʻliga koʻratishni istagan. Keyin Istanbulga, Berlinga, Bogʻchasaroyga ham borishgan. “Jahondagi taraqqiyotni kuzat, bu ishlarning barchasi ilm orqali yuzaga kelishini anglashingni xohlayman”, degan bobom. Buxoroga qaytib kelishgach, otam bizning ahvolimiz qanchalar nochor ekanligini tushunib yetgan. Shunday taassurotlar taʼsirida ulgʻaygan. Yigirma yoshga kirganida otam Oʻshga borib Dukchi eshon qoʻzgʻolonida qatnashadi. Oʻsha yerda otamni tutib olishadi. Biroq otasi mashhur savdogar Poʻlatxoʻjani tanishgani uchun oʻldirishmaydi, qoʻliga zanjir solib Buxoro amirligiga topshirishadi.
Otam “Yosh buxoroliklar” harakatida ham faol qatnashadi. Keyin Buxoro amirini agʻdarishgach, moliya vaziri vazifasiga tayinlanadi. Moliya vaziridan soʻng Buxoro respublikasining rahbari boʻladi. Oʻsha yerdagi turk ofitserlariga bizga kuchli armiya tuzishda yordam bering, deydi. Oʻsha tuzilgan armiya bilan Dushanbedagi bolsheviklar garnizoniga hujum qiladi. Ammo Toshkentdan boshqa kuchlar kelganida yarador boʻlib, Afgʻonistonga ketadi. Oʻsha paytda otam Usmonxoʻja 45 yoshda boʻlgan. 45-yil umri Turkistonda, 45-yili chet elda oʻtgan. Afgʻonistonda, Pokistonda, Polshada jadidlarning gʻoyalarini targʻib qiladigan gazeta va jurnallar chiqaradi. 1968-yilda 90 yoshida Istanbulda vafot etgan. Koʻplab jadidlarning mozori yoʻq, birgina jadid Usmon xoʻja Poʻlatxoʻjayevning mozori bor. Otam chet elda yurganida ham sovet ittifoqi josuslar yuborib uni oʻldirishga harakat qilgan. Biroq qoʻllaridan kelmagan. Jadidshunos olimlar mening otamni oxirgi jadid deb atashadi. U oʻlimidan bir kun oldin meni chaqirib shunday vasiyat qildi:
“Oʻgʻlim, men senga mol-mulk emas, Vatan hasratini, muhabbatini meros qoldiryapman. Yaqin yillar ichida bizning mamlakatimiz Turkiston ozod boʻladi. Ammo oʻsha kunlarni men koʻrolmayman. Sen albatta ozodligimizni koʻrasan. Oʻshanda Turkistonga borsang, ona yurtimga mening koʻzlarim bilan boq, oʻgʻlim! Sen u yerga borsang ular seni quchoqlab kutib olishadi”.
Oʻsha paytda dadamga ha yaxshi dedim, lekin ichimda meni kim ham tanirdi u yoqlarda, degan gaplar koʻnglimdan oʻtgan. Mana bugun Oʻzbekistonga kelsam oʻzbeklar, Qozogʻistonga kelsam qozoqlar, Qirgʻizistonga kelsam qirgʻizlar meni koʻrishi bilan quchoqlab olishyapti. Dadam rahmatli toʻgʻri gapirgan ekan. Otamga, jadidchilarga boʻlgan hurmatlarini menga koʻrsatishyapti. Izzat-ikrom qilishyapti. Yaratganga ming qatla shukr!
– Siz ilmiy tadqiqotlaringiz jarayonida oʻzbek xotin-qizlarining hayoti va jamiyatdagi oʻrni haqida ham izlanishlar olib borgan ekansiz. Mana shu jarayondagi mulohazalaringiz va xulosalaringiz bizni qiziqtiradi.
– Ayni mavzudagi maqolamning debochasiga Leninning soʻzlarini epigraf qilib keltirganman. Moskvada Sharq xotin-qizlari konferensiyasi boʻlgan. Lenin bu konferensiyada qatnashmagan boʻlsa-da, tabriknoma yuborgan. Unda shunday soʻzlar bor edi: “Ayollar jahonning koʻplab davlatlarida qiynalib, zulm va zoʻravonlik ostida yashab kelmoqda. Sharqdagi ayollar esa ulardan ham koʻproq ezilgan. Biz bolsheviklar erkaklar va ayollar tengligini olib keldik”. Men oʻz tahliliy maqolamda erkaklar va ayollar tengligini bolsheviklar emas, jadidlar olib kelgan deb yozdim va bu soʻzlarimni tahlil qilib berdim. Choʻlponning “Oʻzbek qiziga” degan sheʼri bor. U sheʼrida aytyaptiki:
Boshqada qanot bor, koʻkka uchadir,
Shoxlargʻa qoʻnadir, bogʻda yayraydir.
Soʻzlari sadafdek, tovushi naydek
Kuyini har yerda elga sayraydir...
Kulgan boshqalardir, yigʻlagʻan menmen...
Jadidlar turk xotin-qizlari ilm olishini, baxtli boʻlishini istagan. Ular paranji tashlashlari uchun avvalo erkaklarimizga taʼlim berishimiz, ularning dunyoqarashini oʻzgartirishimiz kerak, deyishgan. Ammo Moskva nima qildi? Bir kuni barcha ayollarni bir maydonga yigʻib, ularning paranjilarini oʻtga tashlab kuydirdi. Bu voqeada ishtirok etgan xotin-qizlarning otasi, eri, aka-ukasi bu isnodga chiday olmay ularni oʻldirdi. Tarixga nazar tashlasak, Amir Temur davrida paranji boʻlmagan-ku. Mirzo Ulugʻbek ham oʻzi qurdirgan rasadxona devorlariga “Ilm olish har bir erkak va ayol uchun farzdir”, deya bejiz yozdirmagan boʻlsa kerak. Demak, ayollarning ham maktabga borishga, ilm olishga haqqi bor edi. Buxoro amirligi Chor Rossiyasida esa barcha xotin-qizlar emas, faqatgina otinlargina bordi oʻqishga. Maktab-madrasalarda esa faqat erkaklar taʼlim olishdi.
Yana bir mulohazam. Sovet davrida xotinlarga ikkita yuk qoʻyildi. Birinchidan, ayollar eng ogʻir sohalarda ham faliyat olib bordi. Qurilishda, zavodlarda va dalalarda ishladi. Traktor haydagan Tursunoylar ibrat qilib koʻrsatildi. Ikkinchidan, ish tugagach uyiga borib yana koʻp vazifalarni bajarishi shart qilib qoʻyildi. Ikki yoqlama zulm emasmi bu. Shu bois xotin-qizlar oʻzini oʻzi yoqa boshladi. Dunyoning hech bir yerida ayollar qurilish ishlarida ishlamagan-ku. Ayollar muallim boʻlsin, toza va shinam ofislarda ishlasin, lekin ogʻir sharoitlarda ishlashi kerak emas-da...
Yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz yana bir xayrli ishni amalga oshirdi. Buni ham, albatta, eʼtirof etishim kerak. Men Oʻzbekistonga 1990-yilning oktyabrida kelgan edim. Paxta terish mavsumida butun bir universitetlar, maktablar koʻz oʻngimda yopildi. Yosh bolalar, talabalar, oʻqituvchilar paxta dalalarida qish oylarigacha paxta terishga jalb qilindi. Keyin men televizorda bir lavha koʻrdim: dalalarda ishlayotgan ayollar maza qilib paxta teryapmiz, deyaptiyu tinmay yoʻtalyapti. Chunki ularning tepasidan zaharli dori sepib turgan edi samolyotlar. Mana endi paxta qulligiga Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan butunlay chek qoʻyildi. Bu millat ravnaqi, maʼrifati, maʼnaviyati, siyosati yoʻlida qilingan juda katta ish.
Meni yana bir narsa quvontiradi. Saida xonim Mirziyoyeva oʻzbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish borasida juda koʻp chiqishlar qilyapti, ularni qoʻllab-quvvatlayapti. Keyingi paytda xotin-qizlarga nisbatan kuch ishlatish va zoʻravonliklar koʻpayib ketayotgan edi. Ana shu jarayonda oʻz takliflari va qatʼiy qadamlari bilan Saida xonim barchaga oʻrnak boʻldi. Biz otam bilan suhbatlashgan kezlarimizda bir gapni koʻp takrorlar edi: “Turkistonning farzandlarini boshi pahmoq, qoʻli toʻqmoq ayollar emas, ziyoli, maʼrifatli va latofatli onalar tarbiyalashlari lozim.”
— Chindan ham jadid bobolarimiz millat maʼrifati, maʼnaviyatini birinchi oʻringa qoʻygan, xotin-qizlar qadrini ulugʻlagan peshqadam insonlar boʻlishgan. Otangiz Usmonxoʻja Poʻlatov tugʻilib oʻsgan hovlida Xalqaro jadidlar muzeyi tashkil qilinayotgan ekan...
— Uch-toʻrt oy oldin Buxorodagi bir shaxsga sotilgan otamning hovlisi davlat tomonidan olinib, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev uy-muzeyi tashkil qilina boshladi. Men Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev uy-muzeyi emas, Usmonxoʻja nomidagi jadidlar muzeyi boʻlsin deb taklif qildim. Muzeyda Jadidlar kutubxonasi va ilmiy–tadqiqot faoliyati uchun sharoitlar ham yaratiladi. Istanbulda mening turli tilda nashr etilgan 18 ming kitob va qoʻlyozmalardan iborat katta kutubxonam bor. Men ham oʻsha kutubxonani muzeyga sovgʻa qilishga vaʼda berdim. Bu kitoblar va qoʻlyozmalardan jadidlar borasida tadqiqotlar olib borayotgan olimlar istagancha foydalanishlari mumkin. Jadidlarning ezgu gʻoyalariga, otam Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning porloq xotirasiga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va izzat-ikromdan boshim koʻkka yetdi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan juda minnatdorman. Bu ulugʻ inson boshlagan ishlarga zarracha hissam qoʻshilsa, oʻzimni dunyodagi eng baxtli inson deb bilaman. Oʻzbekistonga koʻz tegmasin!
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi