Markaziy Osiyo hududida, ayniqsa, temuriylar davlatida ilm, fan, madaniyat hamda sanʼatning yuqori darajada rivojlanishiga katta ahamiyat berilib, kerakli sharoitlar yaratilgan edi. Amir Temur ulkan va qudratli saltanat barpo etib, maʼnaviyat va madaniyatning yuksalishi, gullab-yashnashi, oʻtmishdagi ajoyib anʼanalarning yangi tarixiy vaziyatda qayta tiklanishi uchun sharoit yaratdi. Sohibqiron ijtimoiy faoliyatining ana shu buyuk yuksalish xususiyati badiiy madaniyat sohasida yaqqol namoyon boʻldi. Hozirgi Oʻzbekiston hududidan Buyuk ipak yoʻli boʻylab necha asrlar davomida qatnagan karvonlar orqali Sharq va Gʻarbga bir qator buyumlar olib oʻtilgan. Bular orasida hunarmandlar tomonidan yaratilgan goʻzal namunalar ham bor edi. XV asr oxiri va XVI asr boshlarida hunarmandchilikning turli tarmoqlari rivoj topib, isteʼmol mollarini ishlab chiqarish gʻoyat koʻpaydi. Bu davrda Movarounnahrning Samarqand, Buxoro, Toshkent, Shoxruxiya, Andijon, Termiz, Shahrisabz, Qarshi va boshqa koʻpgina shaharlari oʻzining topografik qiyofasi, aholisining kasb-kori, ichki va tashqi aloqalari bilan oʻrta asr Sharqining hunarmandchilik va gavjum savdo markazlariga aylandi.
Shaharlarda hunarmandchilik mahallalarining soni ortib, kasb-hunar bilan bogʻliq boʻlgan yangi-yangi guzarlar, koʻchalar, bozor rastalari vujudga keladi. Hunarmandchilik sohasida toʻqimachilik, kulolchilik, kandakorlik, yogʻoch oʻymakorligi, tosh oʻymakorligi, gilamdoʻzlik va binokorlik yuksak darajada rivojlangan edi. Bu davrda shahar va qishloq aholisi oʻrtasida toʻqimachilik mahsulotlariga talab gʻoyat yuqori boʻlgan. Shaharlarda ip, ipak, jun, zigʻir va kanop tolasidan turli rangdor, guldor hamda nafis va dagʻal gazmollar toʻqib chiqarilgan. Mahalliy va chetdan keltirilgan ipakdan turli nav shoyi gazlamalar toʻqish keng yoʻlga qoʻyilgan. Manbalarda atlas, kimxob, banoras va duxobalar qatorida tovlanuvchan, yaltiroq xoro, nafis va guldor debo kabi shoyidan toʻqilgan gazmollarning nomlari uchraydi. Gazlamalar sifati va bezagiga qarab ayni shu matodan kiyim kiygan shaxslarning ijtimoiy jihatdan qaysi tabaqaga mansubligini aniqlash mumkin boʻlgan. Bu davrda jundan har xil gulli, qalin patli va taqir gilamlar, paloslar ham toʻqilar, namatlar bosilar edi. Namat uy-roʻzgʻorda faqat toʻshama sifatida emas, balki harbiy kiyim-boshlar tayyorlashda ham keng ishlatilgan. Gilam, palos va namatlar shaharlik hunarmandlardan tashqari, qishloq aholisi, xususan, chorvadorlar tomonidan ham tayyorlangan. Sirkor kulolchilik rivojidagi beqiyos yuksalish ham XIV asr oxiri — XV asr boshlariga toʻgʻri keladi. Amir Temur va temuriylar davrida kulolchilikning yangi turi — mahalliy koshindan foydalanish asosida Xitoydan keltirilgan chinniga taqlid paydo boʻldi.
Amir Temur va temuriylar davri sopol buyumlarining farqi ranglar uygʻunligida, bezak lar majmuida va texnologik usullarda oʻz ifodasini topgan. Rangiga koʻra idishlar monoxrom va polixrom turlarga boʻlinadi. Monoxrom turida idish asosan koʻk rangda naqshlanadi, bu eng ommaviy tur hisoblangan yoki qora rang bilan naqshlangan idish ustidan havorang sir berilib, u kam uchraydi. Polixrom turida koʻk, toʻq jigarrang va havorang boʻyoqlar yetakchilik qiladi. Temuriylar davriga kelib kulolchilik madaniyatida katta oʻzgarishlar roʻy berdi, eski uslubdan voz kechildi. Shu bilan birga yangi uslub, shakl, ranglarga oʻtildi. Shu kungacha saqlanib qolgan moviy rang temuriylar davridan buyon sevimli rangga aylanib qolganki, u uy-roʻzgʻor sopol buyumlarida hanuz ishlatiladi. Ushbu davrda metallga badiiy ishlov berish sanʼati ham nihoyatda rivoj topdi. Movarounnahr va Xuroson shaharlari oltin, kumush va bronzadan yasalgan xilma-xil idishlar, misdan tayyorlangan uy-roʻzgʻor jihozlari, qurol, harbiy anjomlar, turli zargarlik ziynatlari va ibodat bilan bogʻliq buyumlar ishlab chiqaradigan markazlar edi. Movarounnahrda bronza va misdan yasalgan buyumlarga kumush tolalar qadab naqsh tushirish texnikasi, shuningdek, oltin va kumushdan yasalgan saroy asbob-anjomlarini qimmatbaho toshlar bilan bezatish boshlandi.
Amir Temur va temuriylar davrida zargarlik buyumlari hamda qurol-yarogʻ yasash metallga badiiy ishlov berishning maxsus tarmogʻi edi. Zargarlar ayol taqinchoqlari, ot abzali va harbiy anjom qismlari ishlab chiqarishda oltin, kumush, mis, bronza va jezdan foydalanardi. Ularga zumrad, feruza, chaqmoqtosh, marmar, marvarid, laʼl, billur yoki shishadan koʻz qoʻyilardi. Yogʻoch, suyak, shisha, marmar, nefrit, aqiq bilan bogʻliq hunarmandchilik turlari ham ushbu davrda nihoyatda rivoj topdi. Yogʻoch, nefrit va marmar ham maishiy buyumlar, ham meʼmorchilik jihozlarining qismlari boʻlmish ustun, eshik, sagʻana kabilarni yasashda keng qoʻllangan.
Poytaxtimizning goʻzal maskanlaridan birida joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyida aynan Amir Temur va temuriylar davriga oid hunarmandchilik buyumlari talaygina. Yillar oʻtgani sa yin muzey ekspozitsiyasi va fondlaridagi ashyolar soni bir necha barobar koʻpa yib bormoqda. Muzeydagi har bir eksponat oʻzining noyobligi va betakrorligi bilan qiziqarlidir. Muzeyda saqlanib kelinayotgan, temuriylar davriga oid hunarmandchilik buyumlaridan Shoxruxiya qalʼa-shahridagi arxeologik qazishmalardan topilgan sopol buyumlar, Samarqand shahridan topilgan bronza buyumlar, qush, nilufar guli tasviri aks etgan sopol laganlar, shamdon, Shahrisabz shahridagi Oqsaroy, Samarqanddagi Bibixonim masjidi va Ulugʻbek madrasasidan topilgan meʼmoriy qoplamalar va boshqa bir qator eksponatlar eʼtiborga loyiq. Bugungi kunda muzey kolleksiyasida ushbu davrga oid 55 dan ziyod kandakorlik buyumi, 33 ta toshbuyum (asosan Shoxruxiyadan topilgan) — qayroqtosh, urchuq, qabr usti toshlari, surmatosh va boshqalar, 27 ta shisha buyum, 300 tadan ziyod sopol buyum, 16 ta zargarlik buyumi saqlanmoqda.
Zargarlik buyumlari orasida Bibixonim qabridan topilgan taqinchoq, Mironshoh qabridan chiqqan munchoq boʻlaklari alohida ahamiyatga ega. Kolleksiyaning eng nafis buyumlari sopol idishlar hisoblanadi. Temuriylar davri sopol idishlaridagi bejirim bezaklar, islimiy naqshlar, yorqin boʻyoqlarning bugungi kungacha saqlanib qolganligi hanuz olimlarni hayratga solmoqda. Bular orasida oʻzining nafis naqshlari va noyobligi bilan ajralib turadigani uchayotgan qush(oʻrdak) tasviri aks etgan kosadir. Kosa yuzasidagi boʻrtma naqshlar, gullar va bargli novdalar hamda uchayotgan qushning aks etishi oʻsha davr hunarmandlari va buyurtmachilarning didi nechogʻli nozik ekanligini koʻrsatadi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, ushbu idishda Xitoydan keltirilgan chinniga taqlid biroz sezilsa-da, sokin ranglar uygʻunligi, bezaklar majmui yangicha koʻrinishda namoyon boʻlgan. Qush shu qadar tabiiy tasvirlanganki, uning yozilgan qanotlari va boʻynining egiluvchan koʻrinishi, tanasining oʻzgacha holati parvoz tasavvurini beradi. Shu kabi idishlardan yana biri — chumchuq tasvirli sirlangan sopol lagan. Laganning kompozitsion markazini belgilab beruvchi qush shakli hunarmand tomonidan juda aniq va mohirona ifodalab berilgan. Ushbu idish sirtiga erkin joylashgan uzun bargli novdalar, naqshlar, oq va moviy ranglarning uygʻunligi oʻziga xos ahamiyatga ega. Mazkur lagan temuriylar davrining kulolchilikdagi yutuqlaridan biri boʻlgan koshin loyini qattiqlashtirish, asl chinniga yaqinlashtirish usulida ishlangan idishlar namunasidandir. Umuman, muzey ekspozitsiyasi va kolleksiyasidan oʻrin olgan, shu kabi noyob tasvirlarga ega boʻlgan nafaqat sopol buyumlar, balki temuriylar davri badiiy hunarmandchiligining barcha yoʻnalishlariga xos yuzlab namunalar oʻsha davr madaniyatining boshqa sohalar singari jahon sivilizatsiyasi tarixida ajoyib sahifani ochib berganini oʻzida namoyon etadi. Ushbu davrda yaratilgan sanʼat durdonalarini avaylab-asrash, saqlash hamda kelajak avlodga benuqson topshirish muzeylarning asosiy vazifasidir.
Umida OXUNJONOVA,
Temuriylar tarixi davlat muzeyi xodimi