Davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya bo'lmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish bo'lmaydi. Bu sohadagi o'zgarishlarni xalqimizga keng targ'ib qilmasak, odamlarda ko'nikma shakllantirmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam bo'lolmaymiz”, degan gapi zamirida yuksak taraqqiyotni ko'zlagan maqsadlar mujassam. Innovatsion rivojlanish vazirligi ham ana shunday ilg'or maqsadlarga xizmat qiladigan va yurtimiz imkoniyatlarini dunyoga tanitadigan tuzilma sifatida tashkil etilgan.

Bugungi kunda mazkur vazirlik yurtimiz ilm-fani, texnikasi va innovatsiyalar rivojiga o'z hissasini qo'shib kelayotgan iqtidor egalari uchun munosib sharoit yaratmoqda. Vazirlik huzurida tashkil etilgan turli tashkilotlar, texnoparklar, o'quv va amaliy markazlar bu borada katta ishlarning amaldagi ijrosidir.

Prezidentimizning 2021 yil 1 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo'yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi (Innovatsiyalar milliy ofisi) fan-texnika yutuqlari, innovatsiyalarni tezroq amaliyotga joriy etish hamda samarali texnologiyalarni transfer qilish orqali xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, iqtisodiyotimizni jadallashtirishni o'z oldiga maqsad qilgan.

Innovatsiyalar milliy ofisi bosh direktori Olimjon TO'YCHIEV bilan suhbatimiz innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish va samarali texnologiyalarni transfer qilishda u rahbarlik qilayotgan tashkilotning roli va ahamiyati, kelgusidagi rejalari haqida bo'ldi.

— So'nggi yillarda mamlakatimizda kechayotgan islohotlar oldingi chorak asr davomida amalga oshirilgan ishlardan ancha ko'p bo'ldi, desam adashmayman. Ilmga asoslanib qisqa davrda katta natijaga erishishning o'zi innovatsiya, — deydi O.To'ychiev. — Ilm­-fanga qiziqish, tadqiq etish qon-­qonimizga singgan. Genlarimizda yashayapti. Biroq, mustaqillik yillari olimlarimiz yaratgan yuzlab ixtiro va innovatsiyalarning sanoqlilarigina amaliyotga tatbiq etildi.

Xalqaro tajribaga ko'ra, innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish ularni yaratishdan ko'ra qiyin hisoblanadi. CHunki inson tabiatan yangiliklarni darrov qabul qilavermaydi. Qolaversa, har qanday yangilik, ixtiro ham innovatsiya bo'lavermaydi. Boshqalariga nisbatan samaralisinigina innovatsiya deb hisoblash mumkin. SHu bois, innovatsiyalarni joriy etish murakkab, biroq sharafli vazifadir. Innovatsiyalar milliy ofisi aynan shunday mas'uliyatli vazifani hal qilish jarayonida qatnashadi. Joriy qilishgacha bo'lgan davr oralig'ida yangi ishlanmani baholaydi, kuzatuvlar asosida tahlil qiladi. Iqtisodiy o'sish hamda aholining ijtimoiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, innovatsiyalarni joriy etishga asosiy e'tibor qaratadi. SHuningdek, tijoriylashtirishga tayyor ishlanma va mahsulotlarni targ'ib etish hamda tegishli investorlarni jalb qilishda ko'maklashish vazifalarimizdan biridir.

Tashkilotimiz nomiga to'xtalsak, milliy so'zining o'zida bir qancha ma'no bor. U yurtimizning har bir farzandiga g'urur-­iftixor bag'ishlaydi. Xuddi shuningdek, Innovatsiyalar milliy ofisi kelajakda o'z brendimiz asosida mahsulotlar ishlab chiqarish hamda jahonga mashhur texnologiyalarni yaratishda milliy ruh va qadriyatlarimizga tayanadi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda muayyan tumanlarni innovatsion hududga aylantirishda Innovatsiyalar milliy ofisining hissasi qanday?

— Innovatsiyalar milliy ofisi chekka tuman va qishloqlarga ham texnologiyalar olib kirib, innovatsion muhit yaratish, ularni innovatsion hududga aylantirish borasida qator vazifalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Bu bo'yicha bir nechta viloyatni rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqildi. Jumladan, Andijon viloyati Marhamat tumanida Andijon tajriba-­ko'rgazma maydoni tashkil etildi. Uning negizida eng so'nggi texnologiya va innovatsiyalarni targ'ib etuvchi hamda aholiga etkazib beruvchi, “texnoshop” tamoyili asosida ishlovchi infratuzilma paydo bo'ldi.

Bundan tashqari, dorivor o'simliklarni qayta ishlash orqali farmatsevtika mahsulotlari hamda chorvachilik va baliqchilik uchun yuqori oqsilli em-ozuqa ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Baliqchilik uchun eyxorniya o'simligi etishtirilmoqda. Germaniya texnologiyasi asosida amarant o'simligini qayta ishlash orqali jahon bozorida talab kuchli bo'lgan amarant yog'ini olishga erishildi. Bu shifobaxsh yog' jigar tsirrozi va badandagi turli toshmalarga davo bo'lishi tadqiqotlarda o'z isbotini topmoqda.

Hozir qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar uchun shakar o'rnini bosuvchi steviya o'simligini etishtirish yo'lga qo'yilmoqda. Sirdaryo tumanida biznes akselerator o'quv-amaliy markazi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu markazda yoshlar yangi texnologiyalar bilan ishlashni o'rganish barobarida o'quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagach, o'z ish o'rinlariga ega bo'lmoqda.

Sirdaryo biznes akselerator o'quv­-amaliy markazida yoshlarning innovatsion faoliyat bilan shug'ullanishi uchun Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining 100 ming AQSH dollari miqdoridagi tashqi beg'araz ko'magi jalb qilindi. Ushbu mablag' kantselyariya va oziq-­ovqat mahsulotlari, mix hamda xo'jalik ishlari uchun qo'lqop ishlab chiqarish maqsadida ajratilgan.

O'quv-amaliy markaz o'quvchilarni tikuvchilik, sartaroshlik, payvandlash, pazandalik, rus va ingliz tillari hamda komp`yuterda dasturlash kabi turli kasblarga yo'naltiradi. Tajribali mutaxassislar tomonidan kam ta'minlangan oilalar farzandlariga ta'lim berilmoqda.

Quvonarlisi, markazni bitirgan yoshlar orasida o'z faoliyatini sifatli yo'lga qo'yganlar ko'pchilik. CHust tumanini innovatsion hududga aylantirish loyihasi doirasida olis hududlarda joylashgan maktablarda innovatsion kutubxona tashkil etildi.

Tumanning eng chekka hududida joylashgan 8 ta maktabga WI­Fi tizimi shaklida ta'lim va ma'lumotlar resurslarini o'z ichiga olgan Q­Box oflayn tizimi o'rnatildi. Bu qurilma Marhamat tumanidagi ilg'or texnologiyalar asosida qad ko'targan kutubxonaga ham joylashtirildi.

— Innovatsiyalar milliy ofisi vazifalari qatorida nou-xaulardan foydalanish bo' yicha konsalting xizmatlari ko'rsatish ham qayd etilgan. SHu xususda ham ma'lumot bersangiz.

— Innovatsiya barcha soha uchun birdek zarur. Ko'plab sohalarga joriy etilayotgani bois, yangicha talqin va tushunchalar ham o'z-­o'zidan kirib kelmoqda. SHu munosabat bilan haftaning seshanba va payshanba kunlari yosh olimlar va innovatorlar to'qnash kelayotgan masalalar yuzasidan konsalting xizmatlari ko'rsatishni yo'lga qo'ydik. Hozir ko'plab yosh olimlar loyihalarni shakllantirish bo'yicha murojaat qilmoqda. Innovatsiyalar milliy ofisi xodimlari ularga loyihalarni boshlamay turib joriy etish, manfaatdor tomonni izlab topish, jarayonni qanday amalga oshirish va shakllantirish bo'yicha zarur maslahatlar berib, kerakli trening mashg'ulotlari o'tkazmoqda.

— Innovatsiyalar milliy ofisi tomonidan yoshlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan imkoniyatlar haqida so'zlab bersangiz.

— YOshlar — yurtimiz kelajagi. SHu sababli imkon qadar ularning mehnatini qadrlash va rag'batlantirishga e'tibor qaratib kelmoqdamiz. Har mavsumda yurtimizdagi biror hududni tanlagan holda, aynan iqtidorli yoshlarni o'zida jamlagan “TechnoWays“ texnologik rivojlanish marafonini muntazam o'tkazyapmiz.

Bu yil Farg'ona, Andijon, Namangan viloyatlari yoshlarini jalb etgan holda, to'rt kun davomida yigit-­qizlarning texnologik bilimini oshirish, ularni ilg'or texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida marafon tashkil etildi. Muhimi, uning doirasida tajribali mentorlar tomonidan yoshlarning loyihalarini qo'llab-­quvvatlash, to'g'ri tahlil qilish, innovatsion ishlanmalarini taqdim etishda to'g'ri yo'nalish va ko'rsatmalar berish masalasi inobatga olingan.

Marafon doirasida Innovatsiyalar milliy ofisida mavjud barcha ilg'or texnologiyalar viloyatlarga olib boriladi hamda yoshlar ulardan foydalanish va qo'llashni tadbir davomida o'rganadi. SHuningdek, nafaqat yoshlar, balki innovatsion ishlanmalarga qiziquvchi barcha aholi qatlami uchun o'sha manzilda ko'rgazmalar maydoni tashkil etiladi.

Bundan tashqari, innovatsion texnologiyalarni o'zida mujassam etgan texnobus mavjud. U yurtimizning eng chekka tuman va qishloqlariga borib, yoshlarni texnologiyalar bilan yaqindan tanishtiradi. Texnobus faoliyatidan asosiy maqsad qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlarning zamonaviy texnologiyalardan, ularning imkoniyatidan xabardorligini oshirish va shu orqali yangi kreativ g'oyalar shakllanishiga turtki berishdir. Qolaversa, 1 iyundan e'tiboran “Science Summer­2021” loyihasi doirasida ta'til davrida keng qamrovli tadbirlar uyushtirishni belgilab oldik.

Bunday tadbir har hafta yoki ikki haftada bir o'tkazib kelinmoqda. YAqindagina bu tadbir Innovatsiyalar milliy ofisi zamonaviy laboratoriyalarida bo'lib o'tdi. 3D prototiplashtirish va aerokosmik laboratoriyalar bolalarda katta qiziqish uyg'otdi. SHuningdek, tadbir qatnashchilari robototexnika laboratoriyasida mustaqil ravishda “kichik” sxemalarni ishlatishni o'rgandi.

Joriy yilda ofis tomonidan yana bir yirik loyiha — “Ixtirochi abiturient” tanlovi e'lon qilindi. U yangilik yaratishga qiziquvchi abiturientlarga o'z ishlanmalarini taqdim etish va ular orasidan saralanadigan “original g'oya” egalari qatorida Turin universitetiga imtiyozli o'qishga kirish yo'llanmasini qo'lga kiritish imkonini beradi. O'ylaymanki, bu yoshlar uchun juda katta imkoniyat. Axir talaba bo'lish va nufuzli oliygohlarda imtiyozli ta'lim olish — har bir yigit-­qizning orzusi.

— Milliy ofis faoliyatida texnologiyalar transferini ham amalga oshirish belgilangan. Aytish joiz, “transfer” ham notanish so'zlar qatoriga kiradi. ushbu so'zning ma'nosi, mohiyati nimada va bu borada qanday ishlar bajarilishi ko'zda tutilgan?

— “Transfer” ingliz tilidan olingan bo'lib, bir joydan ikkinchi joyga o'tkazish, degan ma'noni anglatadi. Demak, so'zning ma'nosidan kelib chiqqan holda, texnologiyalar transferi iborasi samarali texnologiyani muayyan soha, yo'nalish yoki mamlakatdan ikkinchisiga moslashtirish, degan ma'noni anglatadi. Texnologiyalar transferi shiddat bilan rivojl anib borayotgan hozirgi davrda nihoyatda muhim faoliyat sanaladi. CHunki ba'zan “g'ildirakni qayta kashf etmay” eng samarali texnologiyadan foydalanish vaqt, mablag' va energiya kabi resurslarni boshqa ishlarga yo'naltirish imkonini beradi. Lekin bir jihatga alohida e'tibor qaratish lozim: hech bir texnologiyani shundayligicha transfer qilib bo'lmaydi. Uni, albatta, mahalliy sharoitga moslashtirish, tegishli o'zgartirish kiritish talab etiladi. Misol uchun, o'pkani sun'iy shamollatish va narkoz­nafas olish apparatlari suv va havodek zarur bo'lgan pandemiya sharoitida Innovatsion rivojlanish vazirligi ishtirokida qisqa muddatda mazkur uskunalar transferi amalga oshirildi hamda yurtimizda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

SHuningdek, yaqinda Innovatsiyalar milliy ofisi AQSHning USAID tashkiloti ko'magida energetika sohasi uchun “LiDAR” texnologiyasini O'zbekistonga transfer qilishga muvaffaq bo'ldi. Markaziy Osiyoda muqobili bo'lmagan bu zamonaviy o'lchov qurilmasi yurtimiz hududlarining quyosh va shamol salohiyatini yuqori aniqlikda o'lchash imkonini beradi. Kelgusida dunyodagi aynan shu kabi eng samarali texnologiyalarni jamiyat va ishlab chiqarishdagi muam molar echimini topish uchun transfer qilish va shu orqali yangi imkoniyatlarni yaratish ko'zlangan.

— Demak, texnologiyalarni transfer qilish jarayonida o'z-o'zidan xorijiy davlatlar bilan munosabatlar yuzaga keladi. Bu borada Innovatsiyalar milliy ofisi tomonidan qanday ishlar bajarilmoqda?

— Jahon tajribasi va chet el bilan aloqalar faoliyatimizda katta ahamiyat kasb etadi. SHu o'rinda xalqaro munosabatlarni rivojlantirish borasida har yili kuzda o'tkaziladigan “InnoWeek” innovats ion g'oyalar haftaligini eslash joiz. Bu haftalikda yurtimiz va xorijlik hamkorlar tomonidan innovatsion ishlanmalar yarmarkasi tashkil etiladi. Jarayonda asosiy e'tiborni investorlarni jalb qilishga qaratamiz. Bu yilgi tadbirga ham tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborganmiz. Innovatsion g'oyalar haftaligida juda ko'p mamlakatlar vakillari ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, yaqinda Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo'lib qaytdik. SHarqiy Evropa mintaqasidagi eng yirik “Skolkovo” texnoparki rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Safar davomida ushbu texnoparkning boshqaruv tizimi, yoshlarning innovatsion g'oyalarini rivojlantirish, qo'llab­quvvatlash va uni amaliyotga tatbiq etish bo'yicha yo'lga qo'yilgan yangiliklar bilan yaqindan tanishdik. “Skolkovo” tajribasini O'zbekiston bo'ylab bunyod etilayotgan YOshlar texnoparklariga tatbiq qilishda ko'maklashish hamda rossiyalik hamkorlar bilan birga, shu yilning noyabr` oylarida “Startap­tur” tanlovini yurtimizda tashkil qilish bo'yicha kelishuvga erishdik.

SHuningdek, Tataristondagi “Innopolis” texnoparkini ham borib ko'rdik. Texnopark rezidentlari tomonidan loyihalar taqdimoti o'tkazildi. Xususan, komp`yuter ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ICL kompaniyasining teletibbiyot hamda ta'lim sohasidagi ishlanmalari, AIDOS kompaniyasining tibbiyot va mexatronika sohasidagi simulyatorlari bilan yaqindan tanishdik.

Uchrashuvda Innovatsiyalar milliy ofisi hamda “Innopolis” texnoparki o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi. Qizig'i, bu uchrashuvdan ko'p o'tmay, “Innopolis” texnoparki delegatsiyasi yaqinda Innovatsion rivojlanish vazirligida kutib olindi. Mehmonlar faoliyatimiz bilan yaqindan tanishdi. Hamkorlikni mustahkamlash yo'llari belgilab olindi.

— To'rtinchi sanoat inqilobi texnologiyalarining vujudga kelishi bo'yicha tashkil etilgan xalqaro onlayn konferentsiyada ham ishtirok etdingiz. Anjumandan ko'zlangan asosiy maqsad nima edi? U mamlakatimiz uchun qanchalik muhim?

— Innovatsiyalar milliy ofisi texnologiyalar transferi sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilot — BMT tizimidagi Osiyo­-Tinch okeani mintaqasida texnologiyalar transferi markazi a'zoligiga qabul qilingan. Ushbu tashkilot va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati tomonidan “To'rtinchi sanoat inqilobi texnologiyalari” mavzusida konferentsiya tashkil etildi.

Osiyo­-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari iqtisodiy jihatdan tez rivojlanmoqda. SHunday bo'lsa­-da, ijtimoiy­-iqtisodiy sohalarda rivojlanishning muhim qatlamlarida muammolar uchraydi. Konferentsiya qatnashchilari tomonidan rivojlanishga to'siq bo'layotgan muammolarni hal qilish uchun to'rtinchi sanoat inqilobi texnologiyalarini barqaror rivojlantirish hamda ilgari surilayotgan maqsadlarni qo'llab­quvvatlash uchun innovatsion echimlar va yangi imkoniyatlar taklif etildi. Bu degani, barqaror rivojlanish muammolarini hal qilish uchun to'rtinchi sanoat inqilobi texnologiyalarini ishlab chiqishda mintaqaviy hamkorlikni rivojl antirish bo'yicha maslahatlar taqdim etiladi.

Ushbu xalqaro konferentsiyaning ahamiyati shundaki, u hamkorlikdagi innovatsiyalarning muammolari, strategiyalari va eng yaxshi amaliyotini muhokama qilish uchun platforma yaratadi. SHuningdek, bu mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va Osiyo­-Tinch okeani mintaqasi kooperatsiya tarmoqlarining ushbu texnologiyalar tarqalishidagi o'rniga oid muhokamalarga yordam beradi. Konferentsiya qatnashchilariga transfer texnologiyalarini hamkorlikda amalga oshirish bo'yicha takliflar berdik. Ular yuzasidan hamkorlikni yo'lga qo'yish fikri ma'qullandi.