– Pandemiya sabab yurtimizning ko'pgina tarixiy shaharlari qatori Xivaga dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi butkul to'xtadi. Ochig'ini aytganda, “Ochiq osmon ostidagi muzey” shaharning ichon va deshon qal'asi yaqin tarix ichida bu darajada xuvullab qolmagan edi, - deydi “Ichon qal'a” davlat muzeyi qo'riqxonasi bosh mutaxassisi Hamza Madaliev.
Haqiqatdan ham, yil boshidan ko'pchilik mamlakatlarning farovon hayotini izdan chiqargan, jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlari turizm sohasini ham chetlab o'tmadi. Jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo'lgan turizmning taraqqiyot eshiklari pandemiya sabab vaqtinchalik yopildi. Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, tarnsport va umumiy qo'shilib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi.
Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev tomonidan 28 may kuni imzolangan “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo'llab-quvvatlashga dior kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq, joriy yilning 1 iyunidan boshlab, yurtimizdagi “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizm faoliyati yo'lga qo'yiladi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida sohada bir qator imtiyozlar yuzaga keldi.
Mazkur Farmonga asosan, ichki turizm belgilangan sanitariya-gigiena me'yorlari va talablariga qat'iy rioya etgan holda yo'lga qo'yiladi. Bundan tashqari, mazkur hujjatda O'zbekistonga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar ro'yxatini belgilab olgan holda tashqi turizmni bosqichma-bosqich qayta tiklashga doir takliflar ma'qullandi.
Ma'lumki, mamlakatimizda turizm industriyasini yanada rivojlantirish, xizmat ko'rsaish sifati va samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratib kelinadi. SHundan kelib chiqib, O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo'ljallangan saylovoldi dasturida ham turizm sohasi iqtisodiyotimizning strategik sektori va Vatanimiz imidjini oshiruvchi omil sifatida alohida o'rin olgan bo'lib, bu borada bir qator dasturiy maqsad va vazifalarimiz belgilab qo'yilgan.
Xorazmning yuragi – qadimiy va hamisha navqiron Xiva noyob osori-atiqalarga boyligi bilan jahon sayyohlarini haratga solib keladi. Xiva muzeyi fondida 40 mingga yaqin eksponatlar saqlanmoqda. Birgina o'tgan yilning o'zida shaharga 500 ming nafardan ziyod sayyoh tashrif buyurgani fikrimiz tastig'idir.
Mutaxassislarning tahlillariga ko'ra, Xorazm viloyati turistik ekskursiya resurslarining zichligi hamda ular tarkibidagi tarixiy-me'moriy ob'ektlar ko'rsatkichi bo'yicha mamlakatimizda birinchi o'rinda turadi. Xorazmda neolit davridan to XIX asrgacha bo'lgan davrni qamrab olgan 254 ta madaniy meros yodgorligi bo'lib, ularning 18 tasi arxeologiya, 132 tasi me'morchilik, 66 tasi haykaltaroshlik, 6 tasi diqqatga sazovor joylar va 32 tasi muqaddas qadamjolardir.
Bundan tashqari viloyatda turizmning tarixiy-me'moriy yo'nalishi bilan chegaralanib qolmasdan, “Qizilqum” davlat qo'riqxonasi zonasida, Amudaryo sohillarida, G'ovukko'l, SHo'rko'l hamda eshonravot ko'llarida ekoturizmni, Bog'ot, Xonqa, Hazorasp, Urganch tumanlarida shifobaxsh er osti suvlari bilan bog'liq holda, tibbiy turizmni rivojlantirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish mumkin.
Davlatimiz rahbari tomonidan pandemiya sharoitida tegishli talablar, me'yorlar asosida ichki turizm faoliyatining yo'lga qo'yilishi albatta, yurtdoshlarimiz uchun ham tarixiy shaharlarni, ulardagi o'ziga xos me'morchilik obidalari, go'zal maskanlar chiroyidan bahramand bo'lish imkoniyatini yaratadi.
G'ofurjon YUSUPOV,
O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Xorazm viloyat Kengashi
devoni rahbari,
Xalq deputatlari Urganch tuman
Kengashi deputati.