Jumladan, kuni kecha viloyat masʼullaridan iborat ishchi-guruh boshchiligida Olot tumani hududidagi tabiiy tuz va qum bilan davolash markazida oʻrganish ishlari olib borildi. Markazda ayni paytda 7 ta milliy oʻtovlar mavjud boʻlib, obyektga Buxoro viloyati aholisi va qoʻshni viloyatlardan kuniga yuzlab mehmonlar tashrif buyuradi.
Mehmonlarga ushbu obyektda tuz va qum orqali tabiiy usulda davolanish bilan birga, ilon shoʻrva kabi noyob boʻlgan malhamlik ovqatlarni tanovul qilishlari uchun qulay sharoitlar yaratilganining guvohi boʻlish mumkin. Oʻrganish jarayonida ishchi guruh tomonidan markazda sanitariya talablariga toʻliq rioya qilinmayotganligi borasida toʻxtalib oʻtildi va zaruriy tavsiyalar berib oʻtildi.
Shuningdek, mutasaddilarga markazning kelgusidagi faoliyatini yana-da rivojlantirish maqsadida avtoturargoh, kiyinish va yuvinish xonalari, salqin-soya oʻrindiqlar, echki va tuya suti bilan davolash markazi, qoʻshimcha oʻtovlar, tibbiyot punkti va pancionat tashkil etish boʻyicha tavsiya va topshiriqlar berildi. Qolaversa, obyektning chegara hududida joylashganligi sababli kelgusida juda koʻplab mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu esa oʻz oʻrnida tashabbuskorlarning hamda viloyatning tibbiyot turizmini yana-da yuksalishiga zamin yaratadi.