Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi yangicha uzluksiz kasbiy tibbiy ta’lim (uzluksiz ta’lim) tizimi joriy etiladi:
uzluksiz ta’lim berish o‘quv dasturlari tegishli akkreditatsiyadan o‘tgan davlat va nodavlat ta’lim hamda tibbiyot tashkilotlari, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlar (uzluksiz ta’lim provayderlari) tomonidan amalga oshiriladi;
uzluksiz ta’lim olishning an’anaviy shakllari bilan bir qatorda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bevosita ish jarayoni bilan uyg‘unlashgan masofaviy, kechki va boshqa shakllari joriy etiladi;
uzluksiz ta’lim tizimi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini doimiy oshirib borishga qaratiladi hamda ta’limning kredit-modul tizimiga asoslanadi;
oliy ma’lumotli tibbiyot va farmatsevtika xodimlari yiliga 50 kreditdan, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari yiliga 28 kreditdan kam bo‘lmagan miqdorda malaka oshirish kurslarini o‘tashi majburiy etib belgilanadi;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uzluksiz ta’lim provayderini, malaka oshirish shakli va dasturlarini erkin tanlash huquqi beriladi.
2026-yil 15-noyabrdan:
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi “Tibbiy ta’limda o‘quv resurslarini yaratish va rivojlantirish markazi” davlat muassasasi faoliyati tugatiladi;
davlat muassasasi shaklidagi Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi (Markaz) tashkil etiladi;
Markazning tibbiyot sohasida uzluksiz kasbiy ta’lim bo‘yicha mahalliy akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.