Tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish yoʻlidagi muhim qadam

    Davlatimiz rahbarining kuni kecha imzolangan “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi farmoni zamirida ham el salomatligini mustahkamlash yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlarni yangi bosqichda davom ettirish maqsadi mujassam.

    Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga koʻtarish va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.

    Ayniqsa, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilgan eʼtibor bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish barobarida, aholining tibbiy xizmatdan rozi boʻlishida muhim omil boʻlmoqda.

    Davlatimiz rahbarining kuni kecha imzolangan “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi farmoni zamirida ham el salomatligini mustahkamlash yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlarni yangi bosqichda davom ettirish maqsadi mujassam.

    Maʼlumki, soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash sohasida kadrlar masalasi boʻyicha kamchiliklar yaqqol koʻzga tashlanib qolgandi.

    Ayniqsa, chekka hududlarda oilaviy shifokor, umumiy amaliyot shifokorlari va oʻrta tibbiyot xodimlarining yetarli emasligi, baʼzi hududlarda tor soha mutaxassislari yoʻqligi, malakali mutaxassislar koʻproq Toshkent shahrida faoliyat yuritishi aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgandi. Yangi meʼyoriy hujjatda oʻrta tibbiyot xodimlari uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, 2022-yil 1-yanvardan esa yana qoʻshimcha 10 ming shtat ajratilishi belgilangan. Bu oʻz navbatida, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tuman va shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga tibbiy-profilaktik yordam koʻrsatish qamrovini kengaytirishi shubhasiz.

    Yana bir yangilik shuki, 2021-yil 1-iyunga qadar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar hamda tuman va shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar ehtiyojidan kelib chiqib, ularning yangilangan shtat normativlari tasdiqlanadi. Bu esa muassasalarning malakali tibbiy xodimlar bilan taʼminlanishiga xizmat qiladi.

    Shuningdek, farmonda yana bir muhim jihat — oʻrta tibbiyot xodimlarining maqomini oshirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtilgan. 2021-yil 1-avgustga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, oʻrta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtayi nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yoʻnalishlarini kengaytirish, lavozimlarini, shuningdek, oʻquv dasturlari va rejalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish belgilangan.

    Shundan kelib chiqib, oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini takomillashtirish va uni 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab toʻliq joriy qilish koʻzda tutilgan. Bu esa, oʻz navbatida, el salomatligi oldidagi masʼuliyatni chuqur his qila oladigan malakali tibbiyot xodimlarini yetishtirish barobarida tibbiy xizmat sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

    Mazkur farmonga binoan hamshiralik ishi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritildi. Endi hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshiruvchilarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun oʻrnatilgan tartib bilan bir qatorda quyidagi talablar qoʻyildi. Masalan, hamshiralik ishi faoliyatini faqat oʻrta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida 2022-yil 1-yanvardan boshlab roʻyxatdan oʻtgan shaxslar amalga oshirishi, hamshiralik ishi faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda oʻz malakasini oshirib borishi kabi talablar belgilangani oʻrta tibbiyot xodimlari orasida bandlik darajasini oshiribgina qolmay, ular koʻrsatayotgan tibbiy xizmat sifatining yuqori boʻlishi va oʻz sohasi boʻyicha qabul qilingan standartlarga rioya qilishi toʻliq nazoratda boʻladi.

    Meʼyoriy hujjatda belgilangani kabi ehtiyoj mavjud boʻlgan ogʻir sharoitli tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga malakali rahbar xodimlar va mutaxassislar jalb qilinishi uzoq va chekka hududlarda ham xalqimizga sifatli, samarali tibbiy xizmat tizimi yaratilayotganidan dalolat beradi.

    Endilikda ogʻir sharoitli tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari rahbarlari lavozimlariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari, oliy tibbiyot taʼlim muassasalari hamda ular huzuridagi klinikalarning malakali rahbar xodimlari va mutaxassislari shartnoma asosida muayyan muddatga jalb qilinadigan boʻldi.

    Shuningdek, muhim yangiliklardan biri shundaki, tuman va shahar markaziy shifoxonalarining koykalarini byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga moliyalashtirish amaliyotiga bosqichma-bosqich oʻtiladi.

    Hujjatga koʻra, tuman va shahar markaziy shifoxonalarining davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10 foizi 2022-yil 1-yanvardan boshlab toʻlov asosida tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga taʼminlanadigan koykalar fondiga oʻtkaziladi.

    Yana qoʻshimcha 10 foizi esa 2023-yil 1-yanvardan boshlab shu tartibda moliyalashtiriladi.

    Natijada ushbu shifoxonalarda amalga oshiriladigan turli ixtisoslikdagi statsionar xizmatiga boʻlgan aholining talabi tumanning oʻzida qondiriladi.

    2021-2022 oʻquv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotasi ikki baravarga oshiriladi.

    Oliy oʻquv yurtini tugatgan mutaxassis klinik ordinaturada ilmiy tadqiqot olib borish bilan birga, muassasalarda amaliyot oʻtaydi. U ham shifokor sifatida ishlaydi, ham bilimi va malakasini oshiradi. Bu esa, oʻz navbatida, ikkita masalaga yechim boʻladi. Deylik, u oliy oʻquv yurtini umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan boʻlsa, endi endokrinolog boʻlib shakllanishi uchun shu yoʻnalishdagi klinik ordinaturaga oʻqishga kiradi. Oʻz hududidagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada endokrinolog boʻlib ishlagan mutaxassis oʻsha hududda shu yoʻnalishdagi shifokorga boʻlgan ehtiyojni qondiradi, ordinaturani bitirgandan keyin endokrinolog diplomiga ega boʻladi.

    2021-yil 1-iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan “mobil tibbiyot” xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish, nodavlat tibbiyot tashkilotining oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt”larini tashkil etishga ruxsat berildi.

    Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga “tibbiy punkt”lar tashkil etishga ruxsat berilgani bilan uzoq hududlardagi mahalla fuqarolariga, yirik ishlab chiqarish korxonalarida xizmat qiladigan minglab xodimlarga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, hamshiralarimiz bandligi taʼminlanadi.

    Yana bir muhim yangilik — iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash uchun yangi jamgʻarma tuzilishi boʻldi.

    Farmonda tibbiyot tizimida yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy taʼlim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari va muassasalarini professional mutaxassislar bilan taʼminlash hamda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Shu maqsadda Sogʻliqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi tashkil etilishi qayd etilgan.

    Buning uchun 2021-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligining soʻroviga asosan Moliya vazirligi ushbu jamgʻarmaga 50 milliard soʻmgacha miqdorda mablagʻ ajratadi. 2022-yildan boshlab esa zarur mablagʻlar Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutilishi belgilangan.

    Jamgʻarma mablagʻlari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ularni moddiy ragʻbatlantirish, yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalarida stajirovka oʻtashlari va malaka oshirishlari bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi. Natijada, bugungi kunda koʻpgina eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan — tuman(shahar) tibbiyot birlashmalaridagi boshqaruv tizimi salohiyatining pastligi va bugungi talabga javob bermasligi masalalaridagi muammolar oʻz yechimini topadi.

    Farmonda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga bepul order berish tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.

    Unga koʻra, 2021-yil 1-noyabrga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda joriy etadi. Bu, oʻz navbatida, aholini norozi qilayotgan muammo — orderlar taqsimotidagi korrupsion mexanizmlarni bartaraf etib, shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.

    Yangi tartibga muvofiq, endilikda ehtiyojmand oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi asosida aniqlanadi. Shu bilan birga, imtiyozli toifadagi shaxslar uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga davolanadigan kasalliklar roʻyxati, tibbiy xizmatlar hajmi va tibbiyot muassasasining darajalari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

    Amrillo INOYATOV,

    Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari