Tibbiyotda robot texnologiyalar yordamida murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilmoqda

    Fikr 22 Dekabr 2025 172

    Ilgari robot yordamida bajariladigan jarrohlik amaliyoti haqida eshitganimizda fantastik qurilma koʻz oldimizga kelardi.

    Endi esa bu yangilik boʻlmay qoldi. Robot texnologiyalar bugun yurtimiz tibbiyotiga ham jadal kirib kelmoqda. Robot tizimlar jarrohlarga tananing eng nozik joylarida ham yuqori aniqlikda harakat qilish imkonini beradi. Shifokorning qoʻli titramaydi, robot har bir harakatning silliqligi va aniqligini taʼminlaydi. Anʼanaviy amaliyotlardan farqli oʻlaroq, operatsiya jarayonida katta kesmalarga hojat qolmaydi. Tanadagi kichik kesmalar orqali bemorda amaliyot oʻtkaziladi. Kam invaziv usuldan soʻng bemor operatsiyadan keyin qattiq ogʻriqni his qilmaydi. Chandiqlar katta boʻlmaydi va organizm tezroq tiklanadi.

    Robot jarrohlikdan foydalanish toʻgʻri­sidagi qaror kasallik turiga va bemorning umumiy sogʻligʻiga bogʻliq. Bu usul odatda murakkabroq va yetib borish qiyin boʻlgan joylarda operatsiyaga ehtiyoj sezilganda qoʻllaniladi. Misol uchun, yurak va oʻpka xas­taliklari, oshqozonni shuntlash, urologiya, ginekologiya, onkologiya va boshqa kasallik­larda foydalanish mumkin.

    Respublika ixtisoslashtirilgan urolo­giya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida shi­fokorlarga yaqin koʻmakchi boʻlgan “REVO-I” rusumli noyob robot-xirurg Janubiy Koreya­ning “Meere” kompaniyasida ishlab chiqaril­gan boʻlib, uning imkoniyatlari juda keng. Mazkur qurilma yordamida bajariladigan amaliyotlar bemor hayoti uchun muhim boʻlgan boshqa aʼzolarga taʼsir qilmasligi, mini­mal qon yoʻqotish bilan kechishi va opera­siyadan keyingi reabilitatsiya jarayoni qisqa ekani bilan ahamiyatli.

    — Oʻtgan yilning oʻzida Turkiyadagi kli­nikalarga Oʻzbekistondan koʻplab fuqaro murojaat qilgan, — deydi tibbiyot fanla­ri doktori Muhamedzarif Bahodirxonov. — AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Hindiston­ga yoʻl olayotgan bemorlar soni ham salmoqli. Natijada asorati kam jarrohlik amaliyotla­ri uchun katta mablagʻ sarflanadi. Ana shu kam invaziv, murakkab jarrohlik amaliyotlari yurtimizda ham robotlar yordamida muvaf­faqiyatli bajarilmoqda. Shu kungacha robot koʻmagida 500 dan ortiq operatsiya qilingani va natijalar ijobiyligi mamlakatimiz tib­biyoti jahon standartlariga yaqinlashayotgani­dan dalolatdir.

    Jarrohlik amaliyotida robot assistent­ning afzalliklari koʻp. Masalan, opera­siya yuqori aniqlikda bajariladi. Jarayon xavfsizligi taʼminlanadi. Shifokorda inson tanasining murakkab qismlari hamda kasallikning ogʻir darajalarida ham erkin ishlash imkoni paydo boʻladi. Albatta, yuqo­ri malakali, tajribali xirurg nazoratida, robot koʻmagida bajarilgan amaliyotdan soʻng bemor tezda oyoqqa turadi. Asorat sezilmay­di. Shifokorning esa operatsiya paytida xato qilish ehtimoli kam boʻladi. Chunki robot barcha buyruqlarni mukammal bajaradi.

    — Xorijda oʻtkaziladigan urologik ope­ratsiyalarga 50 ming dollargacha sarflanishi mumkin, — deydi Muhamedzarif Bahodir­xonov. — Mamlakatimizda robot koʻmagida oʻtkaziladigan operatsiyaga 15-20 karra kam mablagʻ sarflanadi. Aminmanki, yurtimizda bu soha jadal rivojlanadi va eng murakkab kasalliklarni davolashda yuqori natijaga erishiladi.

    Yaqinda Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot mar­kazida Oʻzbekistonda birinchi marta robot- assistent yordamida yuqori texnologiyali operatsiya qilindi. Markaziy nerv tizimi kasalliklarini davolashda yangi imkoniyat­larni ochib bergan ushbu amaliyot muvaffa­qiyatli yakunlandi.

    — Joriy yilning birinchi yarmida jami 1,2 mingga yaqin operatsiya oʻtkazdik, — dey­di Respublika ixtisoslashtirilgan neyro­xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Gʻayrat Kariyev. — Shundan qa­riyb 770 tasi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotidir. Shunday noyob amaliyotlardan biri ilk bor 6 oylik chaqaloqda bajarildi. Jajji bemor ikki oyligidan boshlab doi­miy tutqanoq xurujidan aziyat chekib kelgan. Bu hol takrorlanavergach, soʻnggi paytlarda hushini yoʻqotgan. Tibbiy amaliyotda oʻta mu­rakkab va xavfli operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Tutqanoq xurujlari toʻxtadi. Cha­qaloq sogʻlom hayotga qaytdi.

    Taʼkidlanishicha, robot-assistent im­koniyatlari yuksak aniqlik talab qiladigan amaliyotlarni, xususan, parkinson kasalli­gida miyaning chuqur tuzilmalariga maxsus elektrodlarni aniq joylashtirish kabi mu­rakkab operatsiyalarni ham bajarish imko­nini beradi. Robot-assistentni amaliyotga joriy etish milliy neyroxirurgiya rivoji­da muhim qadam boʻlib, aholiga zamonaviy va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtiradi.

    — Albatta, robot oʻzi mustaqil operatsiya qilmaydi, u shifokorga assistent, yordamchi hisoblanadi, — deydi neyroxirurg shifo­kor Xurshidbek Shavkatbekov. — U opera­siya jarayonida navigatsiya yordamida miyaning qaysi qismida ekanimiz yoki qaysi qismiga kirmoqchiligimizni koʻrsata oladi. Yana bir vazifasi kerakli nuqtani yuqori aniqlikda topib berishidir. Misol uchun, miyaning bir qismida oʻsmadan biopsiya olib gistologiya­ga topshirmoqchi boʻlsak, robot oʻsha nuqtaga qancha chuqurlikka kirishimiz kerakligini koʻrsatib beradi va yoʻnaltiradi. Bosh yuzasi­da uch millimetrli kesmadan kirib, oʻsmadan qism olishimiz mumkin. Oldingiday katta kesma, suyakni arralashga hojat qolmaydi. Minimal invaziv yoʻli bilan bemor miyasi­ga elektrodlar oʻrnatish mumkin. Parkinson, epilepsiya kasalliklarida DBS, epilepsiya kasalligida stereo-EEG (SEEG) elektrodla­ri oʻrnatiladi. Buning uchun robot yordamida xarita tuzib olamiz. Bu operatsiyaning mu­vaffaqiyatli oʻtishi va muolaja samarador­ligini taʼminlaydi.

    Markazda robot yordamida bir oyda 15-20 bemorga yuqori texnologik yordam koʻrsati­ladi. Onkologik bemorlarda robot stereo­biopsiyada keng qoʻllanilsa, parkinson va distoniya kasalligiga DBS elektrodlarini oʻrnatishda qoʻl kelmoqda. Yaqinda mahalliy mutaxassislar ishtirokida bosh miyada temir toʻplanishi — PKAN (Pantothenate Kinase- Associated Neurodegeneration) pantotenat kinaza bilan bogʻliq neyrodegeneratsiya tash­xisi qoʻyilgan bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

    — PKAN bosh miyada temirning ortiqcha toʻplanishi natijasida nerv hujayralari shikastlanishi bilan kechadigan irsiy, kam uchraydigan neyrodegenrativ kasallikdir, — deydi neyroxirurgiya boʻlimi mudiri Shohruh Ziyovaddinov. — Kasallik PANK2 genidagi oʻzgarish tufayli rivojlanadi va asab hujay­ralarida metabolik muvozanat buzilishi miya­da temir toʻplanishiga olib keladi. Miyada temir ortiqcha toʻplanganda asab hujayralari faoliyati izdan chiqadi, natijada harakatlar muvofiqlashuvi buziladi, mushaklar torti­lishi (distoniya), nutq sekinlashuvi, yurish­da muammolar, baʼzan ruhiy oʻzgarishlar yuz beradi.

    Hozircha bu kasallikni toʻliq davolab boʻlmaydi. Biroq zamonaviy tibbiy yonda­shuvlar, jumladan, robot yordamida chuqur miya stimulyatsiyasi kabi neyroxirurgik usul­lar qoʻllanilishi tufayli bemorlarning hayot sifati yaxshilanmoqda.

    Yurtimiz sogʻliqni saqlash sohasini ri­vojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, bu orqali aho­liga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar si­fatini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buni bugun kasalliklarni erta aniqlash, diagnostika va davolash ish­larida yangi imkoniyatlar ishga solinayotgani misolida ham koʻrish mumkin. Jarrohlik amaliyotlarida robot texnologiyalar keng qoʻllanilayotgani ayrim murakkab kasal­liklarni muvaffaqiyatli davolash orqali aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri