Tibbiyotda xususiy sektor faoliyatiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 11 Aprel 2022 8334

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Zamonaviy tibbiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2022-yil 18-mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

    1, Belgilansinki:

    yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi boʻlgan shifokorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berganlik uchun yigʻim miqdori 6 baravarga kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida undiriladi;

    Oʻzbekiston Respublikasiga qisqa muddatga (bir oygacha), shu jumladan, diagnostika hamda davolash amaliyotlarini bajarish, tajriba almashish dasturlari, mahorat darslari oʻtkazish va maʼruzalar oʻqish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida kelayotgan chet el mutaxassislariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talab etilmaydi;

    Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʻim bekor qilinadi;

    davolash muassasalari (bundan sanatoriy va pansionatlar mustasno) uchun turistik xizmatlarni sertifikatlashtirishga boʻlgan talab bekor qilinadi. Bunda, davolash muassasalari tomonidan tashrif buyuruvchilarni hisobga olish avtomatlashtirilgan maxsus dastur orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

    2, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2863-son qarorida nazarda tutilgan yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.

    3, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallarini oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlarga asosan, 2025-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga 2025-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish boʻyicha imtiyozlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    4, Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflari maʼqullansin:

    nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining klinik bazalarini tashkil etib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash;

    malaka toifasi olish uchun talab etiladigan ish staji muddatini qisqartirgan holda, toifasiz xodimlarga 3 yil, birinchi toifa uchun – 5 yil, oliy toifa uchun – 7 yil etib belgilash.

    5, Sogʻliqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli meʼyoriy hujjatlarga xususiy tibbiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar uchun litsenziya olishda sanitariya va qurilish talablarini soddalashtirish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritsin.

    6, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

    7, Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    8, Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A.Musayev belgilansin.

    9, Farmonning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N.Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 11-aprel