Prezidentimiz tashabbusi bilan kambagʻallikni kamaytirish masalasi iqtisodiy, ijtimoiy va taʼlim islohotlarining markaziga olib chiqildi. Mana shu islohotlar samarasi oʻlaroq, Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida oʻtgan yili kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizgacha pasayganini maʼlum qildi. Yaʼni 2025-yilda 5 million aholi daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizgacha tushgan. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqqan. Ilk bor 1435 ta mahalla kambagʻallikdan xoli hududga aylangan. Kambagʻal oilalarga mansub 168 ming bola davlat bogʻchalariga imtiyozli asosda qabul qilingan.
Mazkur masalada rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasiga qarasak, kambagʻallikni kamaytirish nafaqat moddiy yordam, balki inson kapitalini rivojlantirish orqali amalga oshirilayotgani ayon boʻladi. Taʼlim, kasbiy malaka va zamonaviy koʻnikmalarni shakllantirish bu borada muhim omil hisoblanadi. Globallashuv sharoitida inson kapitalining sifat koʻrsatkichlari mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydi. Ayniqsa, chet tillarini bilish mehnat bozorida ustunlik beradi. Mazkur maqola asnosida Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish jarayonida chet tillarini oʻrgatishning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini tahlil etib, xorijiy tajribani oʻrganish hamda amaliy takliflar tavsiya qilishni maqsad qildik.
Prezidentimizning yaqinda Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida dunyodagi TOP-100 talikka kiruvchi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarini Oʻzbekiston oliygohlariga hamkor sifatida jalb etish hamda fuqarolarimizni xorij davlatlariga yuqori daromadli ishga yuborish masalasi ham koʻtarildi. Albatta, bunda yurtdoshlarimiz xorijiy tillarni hech boʻlmaganda boshlangʻich muloqot darajasida oʻrganib borsa, natija yanada oshadi.
Kambagʻallik iqtisodiy adabiyotlarda daromad yetishmasligi, imkoniyatlar cheklangani sifatida talqin qilinadi. Ilmiy asoslangan inson kapitali nazariyasiga koʻra, taʼlimga, malaka oshirishga sarflangan sarmoya jismoniy kapitalga kiritilganidek iqtisodiy samara beradi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda aholini kambagʻallikdan chiqarishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida bilimli, tashabbuskor va chet tillarini biladigan avlodni tarbiyalashga eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir. Ushbu yondashuv, yaʼni inson kapitalini rivojlantirish masalasini kambagʻallikni qisqartirish siyosatining markaziga qoʻyadi. Binobarin, chet tillarini bilish shaxsning iqtisodiy faolligini oshirib, uni global mehnat bozoriga integratsiya qiladi.
Iqtisodchi olim Amartya Senning fikriga koʻra, insonning kambagʻal yoki farovon ekani uning qancha pul ishlashi bilan emas, balki qanday imkoniyatlarga egaligi bilan oʻlchanadi. Shu nuqtayi nazardan, taʼlim va kasbiy koʻnikmalar, jumladan, chet tillarini bilish kambagʻallikdan chiqishning muhim shartlaridan biri, desak xato emas.
Globallashuv sharoitida chet tillarini bilmagan shaxs mehnat bozori raqobatiga dosh bera olmaydi. Aksincha, ingliz, fransuz, nemis yoki koreys tillarini bilgan inson xalqaro kompaniyalarda ishlashi, masofaviy mehnat bozoriga chiqishi, yuqori maoshli xizmat bilan band boʻlishi mumkin.
Shu bois, mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish “faqat moddiy yordam emas, balki daromad manbalarini yaratish” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa aholining bilim va koʻnikmalarini, jumladan, chet tillarini oʻrganish orqali mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishni talab etadi. Ayniqsa, yoshlar va mehnatga layoqatli aholining xorijiy tillarni bilmasligi ularning yuqori maoshli ishlarga joylashishi, xorijiy investitsiya loyihalarida ishtirok etishi, masofaviy ish imkoniyatlaridan foydalanishini cheklab qoʻymoqda. Demak, Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirishda chet tillarini oʻrgatishni ijtimoiy-iqtisodiy zarurat sifatida baholash mumkin boʻladi.
Global iqtisodiyotga kirish vositasi
Inson kapitali bu — yoshlarning bilim, koʻnikma, malaka va tajribalar majmuasi boʻlib, uning mehnat bozori hamda jamiyatdagi iqtisodiy qiymatini belgilaydi. Zamonaviy iqtisodiy tadqiqotlarda chet tillarini bilish inson kapitalining muhim tarkibiy qismi sifatida eʼtirof etiladi. Chet tillarini egallagan shaxs koʻp funksiyali mutaxassisga aylanadi, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh boʻladi, zamonaviy texnologiyalar va bilimlarga tezroq moslashadi. Britaniyalik lingvist Devid Kristalning fikricha, til — global iqtisodiyotga kirish vositasidir.
Bugungi kunda ingliz tili global iqtisodiyot, AT, fan va taʼlimning asosiy tili hisoblanadi. Ingliz tilini bilish xalqaro kompaniyalarda ishlash, masofaviy bandlik, xorijiy grant va stipendiyalarni qoʻlga kiritish imkoniyatini oshiradi.
Nemis tili Yevropaning yetakchi sanoat davlatlari — Germaniya, Avstriya va Shveysariya bilan iqtisodiy hamkorlikda muhim rol oʻynaydi. Nemis tilini bilgan mutaxassislar texnika va muhandislik, dual taʼlim, sanoat ishlab chiqarish sohalarida yuqori daromadli ishga ega boʻladi.
Janubiy Koreya Oʻzbekistonning muhim investitsion hamkori hisoblanadi. Koreys tilini bilish ushbu mamlakat kompaniyalarida ishlash, mehnat migratsiyasi orqali barqaror daromad topish, texnologik tajribani oʻzlashtirishda qoʻl keladi.
Xitoy tilini bilish “Bir makon — bir yoʻl” tashabbusi doirasida savdo, logistika va sanoat loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytiradi. Xitoy tiliga ega mutaxassislar tadbirkorlik faoliyatida ham ustunlikka ega boʻladi.
Fransuz tili 30 dan ortiq davlatlarda rasmiy yoki ishchi til boʻlib, Yevropa, Afrika va xalqaro tashkilotlarda keng qoʻllaniladi. Fransuz tilini bilish Yevropa Ittifoqi va BMT tizimidagi tashkilotlarda ishlash, xalqaro diplomatiya, turizm va taʼlim sohalarida bandlikni oshirish uchun muhim omil hisoblanadi. Shuningdek, fransuz tilini bilish Oʻzbekiston yoshlariga Fransiya va Kanada (Kvebek)dagi grant va stipendiya dasturlarida ishtirok etishga yoʻl ochadi, bu esa ijtimoiy harakatchanlikni kuchaytiradi.
Oʻzbekistonda 2012-yildan buyon tizimli til siyosati izchil ravishda shakllantirib kelinmoqda.
Birinchidan, ingliz tili avvalgidek beshinchi sinfdan emas, balki birinchi sinfdan, hatto bogʻchadan boshlanadi.
Ikkinchidan, koʻp tillilik strategiyasi — 10 ta emas, balki 16 ta xorijiy tilni qamrab oladi. Sertifikatlash tizimi joriy etildi. Chet tili oʻqituvchilari maktabda V2, oliy taʼlimda C1 darajadagi xalqaro yoki milliy sertifikatga ega boʻlishi kerak. Bu 40-50 foiz ish haqi bonusi bilan birga keladi. Bu kuchli ragʻbatlantiruvchi omil, ammo tizim uchun ulkan qiyinchilik hamdir.
Uchinchidan, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ikkinchi chet tillari ham oʻqitila boshlandi. 106 ta maktabda nemis, 61 ta maktab fransuz, 24 ta maktabda koreys, 8 ta maktabda yapon, 4 ta maktabda xitoy tili shu asosda oʻrgatilmoqda.
Toʻrtinchidan, Kembrij oʻquv dasturi va STEM taʼlimi butunlay ingliz tilida oʻqitiladigan 14 ta Prezident maktabi tashkil etildi. Natijalar esa juda yuqori: bitiruvchilarning 68 foizi eng yuqori baholarga erishdi.
Shuningdek, ayni paytda respublikamizdagi 10 ming 17 ta maktabda ingliz tili, 833 maktabda nemis tili, 560 maktabda fransuz tili, 46 maktabda esa boshqa tillar oʻqitiladi. Qolaversa, oliy taʼlim muassasalari tasarrufidagi 71 ta akademik litseydagi 25 ming nafardan ortiq oʻquvchiga ikki yil davomida 600 nafardan ziyod chet tili oʻqituvchilari saboq beradi.
Respublikamizda mavjud 300 dan ortiq kasb-hunar maktablarida 180 soat hajmda chet tili (ingliz, fransuz, nemis) oʻqitiladi. Ularda 200 ming nafarga yaqin oʻquvchilarga 1200 nafar chet tili fani oʻqituvchilari dars beradi. Shuningdek, 300 dan ortiq kollej va texnikumlarda oʻrtacha 80 soat hajmda chet tillari oʻqitiladi.
25 ta davlat oliygohida esa filologiya va tillarni oʻqitish (tillar boʻyicha), tarjima nazariyasi va amaliyoti (tillar boʻyicha) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida ingliz, fransuz, nemis, arab, ispan, koreys, xitoy, yapon, italyan, turk, rus, fors, sharq tillari boʻyicha 50 ming nafardan ortiq hamda 9 ta oliygohda qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (ingliz tili, italyan tili), sinxron tarjima (ingliz tili, sharq tillari, fransuz tili) magistratura mutaxassisliklarida 300 nafardan ortiq kadr tayyorlanmoqda. Oliy taʼlim muassasalaridagi 40 ming nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar shu mashgʻulot bilan band.
2024-2025-yillar davomida Oʻzbekiston aholisi orasida chet tillarini bilish darajasini baholash uchun davlat xizmatlariga jami 166 ming 408 ta ariza topshirilgan boʻlib, shundan 126 ming 383 nafar shaxs sertifikat olgan. Bu ham chet tillariga boʻlgan talab yuqoriligini anglatadi. Eng koʻp sertifikat ingliz tili boʻyicha olingan.
Statistik tahlillar shuni koʻrsatadiki, chet tillarini bilgan aholi qatlamida bandlik darajasi yuqoriroq. Ayniqsa, V2 va undan yuqori darajadagi til bilimiga ega shaxslarning daromadi oʻrtacha koʻrsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Mehnat migratsiyasi jarayonida ham til bilish muhim rol oʻynaydi. Bu holat kambagʻallikdan chiqish jarayonida til bilishning bevosita taʼsirini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirishda mehnat migratsiyasi muhim daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Migratsiya jarayonida chet tillarini bilish migrantlarning ish sharoiti, ish haqi miqdori, huquqiy himoyasi darajasiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Til bilmagan migrantlar, asosan, past malakali va kam haq toʻlanadigan ishlarga jalb qilinsa, til biladigan shaxslar xizmat koʻrsatish, texnik va malakali sohalarda band boʻlish imkoniyatiga ega. Masalan, Janubiy Koreyada koreys tilini bilgan migrantlar Ye-9 vizasi orqali yuqori maoshli ishlarda ishlaydi. Turkiyada esa turk tili qurilish, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish sohalarida bandlikni yengillashtiradi. Yevropa davlatlari (Germaniya, Fransiya)da ushbu mamlakat tilini bilish dual taʼlim va qonuniy mehnat migratsiyasi dasturlarida ishtirok etishga yoʻl ochadi.
Xorijiy tajriba
Bu borada dunyo mamlakatlari oʻziga xos tajribaga ega. Misol uchun, Janubiy Koreyada ingliz va koreys tilini professional darajada oʻrgatish orqali yoshlarning bandligi oshirilgan, eksportga yoʻnaltirilgan kadrlar tayyorlangan, mehnat bozorida yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratilgan.
Hindistonda ingliz tili AT va xizmatlar eksportining asosiy omiliga aylangan. Ingliz tilini bilgan yoshlar global kompaniyalarda masofaviy ishlaydi, oʻrtacha daromad darajasi keskin oshadi.
Vyetnamda ingliz va koreys tillari orqali xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Fransiyada fransuz tili taʼlim va diplomatiya orqali ijtimoiy tenglikni taʼminlash vositasi sifatida qoʻllaniladi.
Yuqoridagi tahlillar va muammolar asosida aytish mumkinki, Oʻzbekistonda “chet tillari — inson kapitali — bandlik — daromad — kambagʻallikni qisqartirish” zanjirini iqtisodiy siyosatning muhim qismi sifatida rivojlantirish ayni muddaodir.
Bunda quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:
— kasbga yoʻnaltirilgan chet tili taʼlimini joriy etish (masalan, AT uchun ingliz tili, turizm uchun fransuz tili, ishlab chiqarish uchun nemis tili kabi);
— qishloq joylarda bepul yoki imtiyozli til kurslarini koʻpaytirish;
— til sertifikatlarini bandlik dasturlari bilan bogʻlash, sertifikatga ega xodimlarni ishga joylashtirishda barqarorlikka erishish;
— Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya kabi davlatlarga ishga ketayotganlar uchun chet tillarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish, bu maqsadda xorijdan tajribali oʻqituvchilarni jalb qilish;
— oliy taʼlim muassasalarida chet tillarida oʻqitiladigan fanlar ulushini oshirish;
— fransuz, nemis va koreys tillarini diplomatiya, turizm va mehnat migratsiya strategiyalari bilan uygʻunlashtirish.
Umuman olganda, Oʻzbekistonda chet tillarini oʻrgatish kambagʻallikni qisqartirishning uzoq muddatli va barqaror mexanizmi hisoblanadi. Taʼlim orqali inson kapitali rivojlanib, aholi daromadi ham, ijtimoiy farovonligi ham oshadi. Bilimli mutaxassis — raqobatbardosh kadr. Bu nafaqat alohida shaxs, balki butun jamiyat uchun foydalidir. Shu maʼnoda, chet tillarini oʻqitishni yanada takomillashtirish Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida strategik ahamiyat kasb etadi.
Abdurahim NOSIROV,
filologiya fanlari doktori, professor