Dunyo miqyosida tillar koʻp, hozirgi kunda 7000 ga yaqin milliy til oʻzining lisoniy vazifalarini ado etmoqda va insoniyatga xizmat qilmoqda. Tillar moziysini tahlil qilar ekanmiz, qanchadan qancha tillarning yoʻqolib, oʻlik tilga aylanganiga guvoh boʻlamiz. Ilk tamaddun belgilari paydo boʻlishida ham tillarning oʻrni beqiyosdir. Madaniyat tushunchasi shakllanishiga xizmat qilgan shumer, qadimgi yunon, ivrit kabi tillar oʻlik tillar roʻyxatidan joy olgan boʻlsa-da, dunyo xalqlariga juda katta yozma meros aynan shu tillar vositasi oʻlaroq yetib kelgan. Savol tugʻiladi: shunday buyuk ilmiy va adabiy merosga ega tillar ne sababdan oʻlik tillarga aylandi?! Buning bir qator omillari bor.
XXI asr – globallashuv asri, deya eʼtirof etilayotgan bir davrda buning milliy tillarga taʼsir doirasini ham unutmasligimiz joiz. Zero, globallashuv avj olayotgan asrimiz soʻngida taxminan 100 ta til saqlanib qolishini zamonaviy olimlarning bashorat qilishmoqda. Toʻgʻri, bu oddiygina bashorat sifatida qaralishi mumkin. Ammo shuni unutmasligimiz lozimki, oʻzbek xalqimizning milliy tili shakllanish jarayonida sugʻd, qadimgi xorazm, baxtir va toxor tillari tarix varaqlaridagi qoʻlyozmalardagina qoldi va amaliy ahamiyatini yoʻqotdi.
Afsuski, shoʻrolar davrida ommaviy madaniyat tushunchasi yuzasidan qarashlar kuchaygani va oʻsha davrning siyosiy tuzumi oqibatida milliy tilimizga ham jiddiy taʼsir oʻtkazmay qolmadi. Eʼtiborsizlik natijasida atamalarimiz rus tili yoki orqali nomlanishi ommaviy tusga kirdi. Masalan, “samovar” soʻzini olaylik. Ota-bobolarimiz mazkur soʻz oʻrnida “kup” soʻzi isteʼmolda boʻlganligini XIII-XIV asrga oid “Attuhfa” yoki Abu Hayyonning lugʻatlarida koʻrishimiz mumkin. Bundan tashqari, sobiq tuzum davrida til haddan tashqari qoliplashtirilib, adabiy tilimizning ichki manbasi boʻlgan shevaga xos soʻzlarni yoʻqotishga harakat qilishdi.
Shu oʻrinda, albatta, shoʻro davrining asosiy mafkurasi milliy madaniyat va milliy til kabi tushunchalarni yoʻqotib, bizga asriy yot gʻoyalarni singdirish, jamiyatimizni tubdan oʻzgartirib, “zamonaviylashtirish” boʻlganligini eslash kifoya. Ammo shuni unutmasligimiz lozimki, bizning tamaddunimiz va madaniyatimiz, milliy lisonimizning shakllanish jarayoni uzoq asrlar davomida sodir boʻlgan. Jumladan, mumtoz adabiyotimizning sayqal topishida va tilimizning shakllanishida oʻzining hissasini qoʻshgan buyuk ijodkor Alisher Navoiyning oʻrni beqiyosdir. Bundan salkam olti asr muqaddam shoir oʻzining “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida oʻz davrigacha kamsitilib kelingan tilimiz va fors-tojik tillarini qiyoslab, oʻsha zamon adabiy tillari qatoridan oʻrin olishga qodir va haqli yekanligini ilmiy tomondan isbotladi. Asarda oʻzbek va fors tillari unli tovushlar, leksika va morfologiya doirasida oʻzaro solishtiradi. Dastlab har ikki tildagi unlilar qiyoslanganda, shoir fors tilida unlilar soni cheklanganligi, tilimizda esa unlilar bir qancha maʼno farqlovchi variantlarga ega ekanligini va ular oʻzaro uzun yoki qisqaligi bilan ajralib turishini dalillar orqali koʻrsatib bergan va bu tilimizning keyingi taraqqiyot bosqichlarida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Mustaqillikdan oldin endi esa boshlagan istiqlol shabadalaridan biri oʻlaroq, 1989-yil 21-oktyabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi tarixiy, siyosiy va olamshumul voqea boʻldi. Chunki, koʻp sonli aholi istiqomat qiladigan shaharlarda va asosiy rasmiy hujjatlarda ish yuritish toʻligʻicha rus tilida edi. Milliy istiqlolimizga erishganimizdan soʻng esa dastlab tilimiz fonetikasiga xos boʻlmagan ye, yo, yu, ya, s kabi harflarda voz kechildi, keyinchalik tilimiz tabiatiga xos lotin yozuviga oʻtilishi asosiy islohotlarning boshlanishi boʻldi.
Eʼtroflisi, mamlakatimizda oʻzbek tilining nufuzini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 2019-yildan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida nishonlanishi bejiz emas, albatta. Joriy yilning 23-sentyabrida yurtboshimiz BMT ning Bosh Assembleyasining yubiley anjumani 80-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlashi tilimizning xalqaro miqyosdagi ahamiyati yuqorilayotganining dalolatidir.
Alijon ALLABERDIYEV,
filologiya fanlari doktori, dotsent