Tarixdan maʼlumki, oʻzbek tili qanchalik qadimiy boʻlmasin, uning nufuzi, oʻrni va tarixiy ahamiyati doim ham salohiyatli va eʼtiborli boʻlmagan. Garchi bu tilda «Devoni lugʻotit-turk», «Qutadgʻu bilik», «Hibbatul-haqoyiq» singari koʻhna asarlar yaratilganiga qaramay, u forsiy til gegemonligi davrlarida uning soyasida qolib ketganiga oʻtmishimiz jonli guvoh. Sheʼriyatimiz sultoni Navoiy bobomiz oʻz “Xamsa”si bilan oʻzbek tilining asoschisi sifatida tarix sahnasiga chiqquniga qadar tilimiz oʻz erkiga erishgan emas.

Mana shu tarixiy hodisa sharofati bilan u oʻz erkini qoʻlga kiritib, uzoq taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Biroq sobiq shoʻrolar zamonasidagi zoʻravon siyosat ham oʻz tajovuzkorligini koʻrsatmay qolmadi. Sobiq tuzum davrida oddiy qishloq dehqonlarining respublika qurultoyida mamlakat rahbarining maʼruzasi oʻsha davrning davlat tili hisoblangan rus tilida oʻtkazilishiday kulgili, ayni paytda ayanchli voqea boʻlgani ham ayni haqiqat.

Ne baxtki, mamlakatimiz hayotiga kirib kelgan hurlik shabadalari ilk bor istiqlolimizdan ikki yil burun tilimizga davlat tili maqomi berilishi bilan elimizni mamnun etdi. Shu bois ham 1989-yilning 21-oktyabr sanasi oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan qadrli kun sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlandi.

Mazkur sana 32 yildirki, ulugʻ sanalar qatoridan joy olib, bayram sifatida nishonlab kelinmoqda. Tilimizning nufuzi – elimizning nufuzi ekanligidan kelib chiqib, tadbirlar davomida oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi obroʻyi, ayniqsa, Oʻzbekiston Prezidentining BMT minbarida oʻzbekcha nutq irod etganligi bilan bir qatorda respublikamizda boshqa tillarni oʻrganishga ham katta eʼtibor berilayotgani keng targʻib qilinmoqda.

Bu yilgi bayramga tayyorgarlik koʻrish asnosida Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining 2021-yil 7-sentyabr kungi videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar hamda 21-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingan kunni yuksak saviyada nishonlash yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining 2021-yil 24-avgustdagi koʻrsatmasiga binoan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Namangan viloyat boʻlimi, (shahar) tuman boʻlinmalari hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, shuningdek, boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirildi. Quvonarlisi, joriy yilgi tashviqotlarda taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar ham faollik koʻrsatmoqda.

Mahalliy hokimliklar, hokimlarning maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish boʻyicha maslahatchilari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat hududiy boʻlim va boʻlinmalari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi faollari, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, viloyatdagi tashkilot, korxona va muassasalarda savolnoma asosida oʻrganish va amaliy koʻmaklashish ishlari olib borildi. Monitoring guruhlari tomonidan oʻtkazilgan reydlarda viloyat boʻyicha mingga yaqin obyekt oʻrganildi.

Oʻrganishlar natijasida 1201 ta tashqi targʻibot vositalaridan 1024 tasi lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek tilida, 182 tasi kirill alifbosida, 22 tasi chet tillarida yozilganligi aniqlandi.

Reklama va eʼlonlar boʻyicha ham yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar aniqlanib, ularning egalari, tadbirkorlar bilan 30 dan ziyod tushuntirish suhbatlari olib borildi.

Bundan tashqari, Namangan viloyatida 21-oktyabr – Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingan kunni yuksak saviyada nishonlash maqsadida koʻplab tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-musiqiy va targʻibot ishlari yoʻlga qoʻyilmoqda.

Jumladan, Davlat tili qabul qilinganligining 32 yilligiga bagʻishlab shahar tumanlardagi tashkilot, korxona va muassasalar, kutubxonalar, taʼlim muassasalari, mahallalarda “Til – millat koʻzgusi”. “Til bilgan – el biladi”, “Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz” va boshqa mavzularda “Maʼnaviyat soatlari”, adabiy-badiiy tadbirlar, ijodiy muloqotlar uyushtirilib, ona tilimiz tarixi, uning boy til ekanligi taʼkidlandi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi, Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, xalq taʼlimi, madaniyat boshqarmalari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda oʻzbek tili bayrami oldidan shahar va tumanlarda – “Til – millat koʻzgusi”, “Davlat tilim – faxrim, iftixorim” va singari mavzularda turli davra suhbatlari, adabiy-badiiy kechalar, qolaversa, ijtimoiy videoroliklar tayyorlanib, hozirga qadar (shahar) tumanlar boʻlinmalari tomonidan 14 ta videorolik hamda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda til bayramiga bagʻishlangan 7 ta turli targʻibot ishlari, fleshmob va chellenjlar oʻtkazildi.

Albatta, bunday tadbirlar faqat oylik davomidagina emas, balki yil mobaynida muntazam davom ettiriladi. Shu oʻrinda, zamondoshimiz, mutafakkir shoir Mirzo Kenjabekning tilimiz jozibasi, qadri haqida yozgan quyidagi satrlari oʻz isbotini topganday, nazarimda:

Toki olam barqarordir, to abad,

Olam ichra barqaror oʻzbek tili!

MUSOXON OPPOQOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Namangan viloyat boʻlimi rahbari