Muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik yuqori darajada ekanligi eʼtirof etildi va turli darajadagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish orqali investitsiyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.

Uchrashuv davomida tomonlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, suv resurslari sohasida va bank-moliya sektorida oʻzaro aloqalarning bir qator dolzarb jihatlarini koʻrib chiqib, kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha fikr almashdilar.

Muloqot davomida elektrotexnika va mashinasozlik tarmoqlarida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega, mintaqa mamlakatlari va uchinchi davlatlar bozorlarida xaridorgir boʻlgan texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan ikki mamlakat sanoat korxonalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga alohida urgʻu berildi.

Tomonlarning umumiy fikriga koʻra, Tojikiston Respublikasining sanoat obyektlarida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EEHO va NQAT), shuningdek, tashqi yoritishni masofadan boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi (TYOMBAT) boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish - istiqbolli yoʻnalish hisoblanadi.

Tomonlar, shuningdek, mavjud texnik toʻsiqlarni izchil ravishda olib tashlash va ikki mamlakat bozorlariga oʻzbek va tojik mahsulotlarining erkin kirib borishini taʼminlash orqali oʻzaro savdo hajmini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash boʻyicha birgalikda ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar. Bu, oʻz navbatida, oʻzaro tovar aylanmasining hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasini bajarish imkonini beradi. Toshkent va Dushanbe shaharlarida milliy savdo uylari va tarmoq koʻrgazmalarini tashkil etish ishlarini tezda yakuniga yetkazishga ham kelishib olindi.

Xalqaro moliya institutlari va donorlarning moliyaviy-texnik yordamini jalb etish orqali qator gidrotexnik inshoot hamda obyektlarni modernizatsiya qilish va Tojikiston hududidagi suv omborlaridan Oʻzbekistonga barqaror hamda oʻz vaqtida suv yetib kelishini taʼminlash mexanizmini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish rejalashtirildi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning asosiy vazirliklari va idoralari rahbarlaridan tashkil topgan qoʻshma ishchi guruhini tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi. Uning vazifalariga ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishini nazorat qilish, investitsiya hamkorligini kengaytirish uchun ishga solinmagan salohiyatni tahlil etish hamda oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki mamlakat bozor sharoitlarini oʻrganish kiradi.

Shuningdek, tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va suv-energetika hamkorligi sohalarida qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish uchun alohida “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.