Tomas Bax Tokio Olimpiadasining qoldirilmasligi boʻyicha MOQ vakillari bilan onlayn uchrashuv tashkil qildi

    Sport 23 Yanvar 2021 757

    Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax boshchiligida Milliy olimpiya qoʻmitalari (MOQ) rahbarlari ishtirokida videokonferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi nomidan Bosh kotib Oybek Kasimov hamda Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ishtirok etishdi.

    Videokonferensiyaning asosiy mavzusi Tokioda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻldi. Avvalo, XOQ prezidenti Tokio oʻyinlarini keyinga qoldirish yoki bekor qilish boʻyicha reja ishlab chiqilayotgani toʻgʻrisida tarqalgan maʼlumotni rad etdi va bu maʼlumot haqiqatga zid ekanini taʼkidladi.

    Xalqaro olimpiya qoʻmitasi zudlik bilan Yaponiya hukumati bilan bogʻlanib, mamlakat Bosh vaziridan eʼlon qilingan maʼlumot soxta ekanligi toʻgʻrisida maʼlumot oldi. XOQ rahbari bunga javoban Yaponiya tomonining tegishli bayonotini oʻqidi:

    “Oʻyinlarning ochilish marosimi 2021-yil 23-iyulda boʻlib oʻtadi. Barcha manfaatdor tomonlar musobaqani muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun birgalikda ishlashni davom ettirmoqdalar. Biz COVID-19 ga qarshi barcha choralarni amalga oshiramiz va XOQ, Tokio-2020 tashkiliy qoʻmitasi va Tokio shahar hokimligi bilan barcha ishtirokchilar uchun xavfsiz muhitni yaratishda davom etamiz”.

    Tomas Baxning taʼkidlashicha, XOQda Olimpiya oʻyinlari 2021-yil yozida boʻlib oʻtishiga shubha qilish uchun hech qanday asos yoʻq. Shuning uchun “B rejasi” koʻrib chiqilmaydi. Gap oʻyinlarning Tokioda boʻlish-boʻlmasligida emas, balki qanday oʻtishiga bogʻliq.

    Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashga hali ham asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Tashkilotchilar tomonidan ijtimoiy masofaga rioya qilish, chet ellik mehmonlar uchun karantin talablarini yumshatish, tomoshabinlarning tribunalarga kirishi va shu kabi masalalar ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan Yaponiya hukumati mamlakatda virus tarqalishining oldini olish boʻyicha astoydil ish olib bormoqda va 2021-yil oʻrtalariga qadar mamlakat barcha aholisini vaksina bilan taʼminlashni maqsad qilib qoʻygan.

    Videokonferensiya davomida sportchilarni emlash masalasiga alohida eʼtibor berildi. XOQ prezidenti ushbu protsedura oʻyinlarning barcha ishtirokchilari uchun majburiy boʻlishini qatʼiy tavsiya qildi. Shu maqsadda, ushbu yoʻnalishda delegatsiyalarni mahalliy hokimiyat bilan yaqin hamkorlik qilishga chaqiradi va agar kerak boʻlsa, XOQ har qanday koʻmakni berishga tayyor, shu jumladan, nafaqat sportchilarni, balki delegatsiyaning boshqa aʼzolarini ham emlashni moliyalashtiradi.

    Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan faol hamkorlikni davom ettiradi. U tez orada maʼlum vaksinalar boʻyicha siyosatni ishlab chiqadi va ulardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar beradi. Shu bilan birga, mahalliy hukumat emlash boʻyicha yakuniy qarorni qabul qiladi.

    Videokonferensiya yakunida XOQ prezidenti Tomas Bax barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi va Milliy olimpiya qoʻmitalari vakillari bilan navbatdagi onlayn uchrashuv bahor fasliga rejalashtirilganligini maʼlum qildi.