U vaqt va makon bilan chegaralanmagan oʻziga xos koʻzgu boʻlib, inson ruhiyatiga chuqur kirib boradi, tafakkur va his-tuygʻularni harakatga keltiradi. Kino orqali millatning oʻtmishi, buguni va kelajagi haqidagi tasavvur shakllanadi, jamiyatning ichki holati ekranda aks etadi.

Bugun kino ijtimoiy ongni shakllanti­rish va tarbiyalashda ham salmoqli oʻrin egal­lamoqda. Har bir film tomoshabin bilan goʻyo sukut ichida muloqotga kirishadi, uni milliy va umuminsoniy qadriyatlar haqida mushohada yuritishga chorlaydi, axloqiy va estetik did­ning yuksalishiga taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, kino oddiy tomosha emas, balki jamiyatning maʼnaviy holatini belgilab beruvchi omilga aylanib bormoqda.

Bugungi globallashuv sharoitida “ommaviy madaniyat”ning tezkor va yuzaki qadriyatlari jamiyat ongiga tobora chuqur singib bormoqda. Bu jarayon insonni tarixiy ildizlaridan uzoqlashtirib, faqat bugungi manfaat va lah­zalik zavq-shavqqa moyil qilmoqda. Natijada milliy gʻurur, or-nomus, vatanparvarlik va oʻtmishga hurmat kabi tushunchalar ayrim hol­larda ikkinchi darajali qadriyatlarga aylanib qolish xavfi yuzaga kelmoqda.

Aynan shunday murakkab maʼnaviy muhitda jamiyatning tarixiy xotirasini tiklash, mil­liy oʻzlikni anglash va avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy uzviylikni saqlab qolish masalasi oʻta muhim. Bu vazifani samarali ado eta ola­digan eng taʼsirchan vositalardan biri esa kino sanʼatidir. Prezidentimiz taʼkidla­ganidek, “Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi boʻlsak, xalqimizning milliy gʻururi­ni koʻtarmoqchi boʻlsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak”. Shu nuqtayi nazardan, kino nafaqat oʻtmish va hozirni bogʻlovchi koʻprik, balki kelajakni shakllantiruvchi ijtimoiy va maʼnaviy may­don sifatida ham muhim.

Soʻnggi yillarda kino sohasida qilingan ishlar, albatta, tahsinga loyiq. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan birgina “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi koʻlami va qamrovi bilan kino muta­xassislari va muxlislarni lol qoldirmoqda. Mazkur loyiha 2024-2030-yillarga moʻljal­langan strategik dastur boʻlib, eng qadimgi oʻt­mishdan yaqin tarixgacha boʻlgan davrni qamrab oladi. U nafaqat shonli oʻtmishimizni chuqur anglash, balki kelajakka ishonch bilan dadil qadam qoʻyish, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash va Uchinchi Renes­sans poydevorini barpo etishga katta turtki boʻladi. Kino orqali tarixiy xotira, madaniy meros va milliy qadriyatlarni oʻrganish, to­moshabin bilan his-tuygʻu va tafakkur orqali bogʻlanish imkonini beradi. Shu bois, sanʼat­ning bu yoʻnalishi nafaqat koʻngilochar vosita, balki inson ruhiyatini tarbiyalash va milliy ongni mustahkamlash yoʻlidagi kuchli yechim si­fatida qadrlanishi lozim.

Bugun kino sanʼatimizda yaxshi loyihalar tobora koʻpaymoqda. Ular bilan nafaqat tari­xiy faktlar ekran orqali yetkaziladi, balki tomoshabinning hissiyoti va tafakkuri bilan uygʻunlashadi. Kino bu yerda shunchaki voqeani aks ettirish emas, balki milliy ruhni uygʻotish, yoshlarni oʻz tarixi bilan bogʻlash, vatanparvarlik va axloqiy qadriyatlar ruhi­da tarbiyalash vositasiga aylanadi. Har bir film, har bir sahna asari millat xotirasini mustahkamlash va kelajakni shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar va professional jamoalarning ishtiroki kino sifatini yangi bosqichga koʻta­rish imkonini yaratadi.

Aynan shu nuqtada savol tugʻiladi: bugun ekranga chiqayotgan kinolar tomoshabin tafak­kuri va ruhiy dunyosida qanday iz qoldir­moqda? Javob shuki, kino bugun gʻoya tashuvchi, ijtimoiy ong va madaniy xabardorlikni shakllantiruvchi taʼsirchan vositalardan biri sifatida namoyon boʻlayotir. U insonni axloqiy tanlovlar, hayotiy tajribalar va insoniy qadriyatlar haqida oʻylashga undaydi. Demak, kino tomoshabin bilan koʻzga koʻrinmas, ammo juda taʼsirchan maʼnaviy suhbat olib boradi.

Tomoshabinning koʻngliga yoʻl topgan asarlar

Oʻzbek kinokartinasi deganda koʻz oldimiz­ga, avvalo, “Mahallada duv-duv gap”, “Yor-yor”, “Oʻtkan kunlar”, “Temir xotin”, “Suyunchi”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi filmlar ke­ladi. Bu asarlar insonni oʻylantirar, tarbiya­lar, qalbni junbushga keltirardi. Ularda ha­zil ham, dard ham bor. Eng muhimi, tomoshabin ekranda oʻzini koʻradi, atrof-muhitni, hayotni, odamlar oʻrtasidagi munosabatlarni anglaydi.

Oradan necha yillar oʻtmasin, bu film­larni yana va yana koʻrish istagi yoʻqol­maydi. Goʻyo ularga vaqt hukmi oʻtmagan, yosh-qarini birdek oʻziga tortadi. Bu­ning asosiy sababi shundaki, ushbu kinolarda oʻzbek xarakteri, mil­latga xos qahramonlik, urf-odat va hayo mezonlari yashab kelmoqda. Bugun ham bunday filmlar koʻpayib borayotgani quvonar­li hol. Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek ayrim xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan filmlar kishi­ni mushohadaga undaydi. Ularda qahramonlar aksariyat hollarda atayin botir emas — boy, qizlar iboli emas — “zamonaviy”, ota-onalar dono emas — kulgili qilib koʻrsatilayotgandek. Natijada ekran koʻzgu boʻlish oʻrniga niqobga aylanib qolmoqda.

Yanada tashvishli jihati, bu turdagi film va seriallar global platformalar orqali keng tarqalmoqda. Onlayn xizmatlar tomoshabinni layk va reyting ortidan quvish­ga odatlantiradi. Bu kabi mahsulotlarda mada­niy ong va inson tafakkurini yuksaltirishdan koʻra shaxsiy manfaat, tijorat va foyda ustu­vor boʻlib qolmoqda. Qancha koʻp tomosha qilin­sa, asarning “qadri” ham shunga qarab bahola­nishi esa achinarli hol.

Ana shu jarayon orqali jamiyatga oʻzaro ishonchsizlik, shubha va loqaydlik urugʻi so­chilmoqda. Shu oʻrinda taniqli adib Nazar Eshonqulning quyidagi fikrlarini eslash oʻrinli: “Axloq, odob, zulm, adolatsizlik, xiyonat, sotqinlik, goʻzallik, yovuzlik, mehru shafqat toʻgʻrisidagi tushunchalar ming yillar mobaynida sinovdan oʻtib, xulosalarga aylan­gan. Ana shu xulosalarning majmui ichimizda­gi ilohiy zarra bilan qoʻshilib, yaxlitlashib, insoniylik degan katta ustunni paydo qilgan. Insoniylik badanni poxol bilan yashirishdan galstuk taqqungacha boʻlgan masofani bosib oʻt­gan bashar tarixining eng katta yutugʻidir. Uni mensimaslik, manfaat pardasi ortiga surish yoki boshqacha talqin qilish madaniy ongni fo­jiaga olib boradi”.

Savol tugʻiladi: bugungi kinokartinalar yosh avlodni insoniylik va milliy qadriyatlar­ga hurmat ruhida tarbiyalashga qay darajada xizmat qilyapti? Aksariyat hollarda seriallar xususiy telekanal va studiyalar hamkorligi mahsuli sifatida namoyon boʻladi. Biroq bir necha oʻn kishining manfaati uchun butun mil­lat ongiga zarar yetkazish nechogʻliq oqlanadi?

“Fikri yoʻq odamning qiyofasi ham boʻlmay­di”, deyishadi. Fikr — insonning kimligini belgilab beruvchi mashʼal. U oʻchgan joyda olo­monchilik va johillik kayfiyati ildiz otadi.

koʻz-koʻz qilish va maʼnosiz munosabatlar egal­lamoqda. Shuning uchun kino sanʼatiga faqat koʻngil ochish vositasi emas, balki masʼuliyat sifatida qarash zarur.

Kinoda oltin oʻrtaliq naqadar muhim?

Bugun jamiyatda kuzatilayotgan eng xavfli holatlardan biri hayosizlikning ommaviy yoyi­lib borayotganidir. Bu jarayon sanʼat, xususan, kino orqali yanada tezlashmoqda. Aksar rejis­syorlar maʼnaviyatni emas, reytingni mezon qilib olgan. Natijada bachkana, yengil-yelpi, uyatli hazil-mutoyibalarga toʻla film va se­riallar tomoshabin eʼtiborini tortib, chuqur mazmun va maʼnaviy qiymatga ega asarlar soya­da qolib ketmoqda.

Zigmund Freydning “Ongsiz odamda uyat boʻlmaydi” degan gapi bu holatga aynan mos keladi. Ong va masʼuliyatdan uzoq ijod natijasida axloqiy meʼyorlar buzilgan filmlar ekran yuzini koʻr­moqda. Eng xavfli jihati aksariya­timiz buni oddiy holdek qabul qila boshladik. Bu oʻz-oʻzidan fojiali manzarani yuzaga keltirmoqda.

Kino — sanʼat. Sanʼat esa har bir millatning ruhiyati, hayosi va andishasi ifodasidir. Oʻzbek xalqi asrlar davomida hayo, ori­yat, shaʼn, oila nomusini yuragida saqlab kelgan. Ayrim zamonaviy filmlarda esa bu qadriyatlar yoʻqqa chiqarilmoqda, hatto masxaraomuz tasvirlanmoqda. Goʻyo kino muhitida “qancha ochiq boʻlsa, shuncha zamonaviy”, “qancha shov-shuvli boʻlsa, shuncha ommabop” degan xato qarash ustuvor boʻlib qolgandek.

Aslida, eng kulgili filmlar ham andi­shani buzmagan, eng romantik sahnalar ham hayo chegarasidan chiqmay, ruhiy taʼsir orqali berilgan. Oltin oʻrtaliq degani ham aynan shu — sanʼatda erkinlik va masʼuliyat oʻrtasidagi muvozanat.

Bugun hatto bolalar tomosha qiladigan aksariyat filmlarda ham nojoiz ishoralar, shubhali dialoglar koʻpayib bormoqda. Bu — jiddiy muammo. Chunki bugungi tomosha­bin — jamiyatning ertangi maʼnaviy qiyofa­sini belgilaydigan avlod. Tarix illatlar ham asta-sekin koʻnikish orqali hayot tarziga ayla­nishidan dalolat beradi.

Gʻarb faylasuflaridan biri “Kino bizni koʻrishga oʻrgatdi, ammo qarashdan judo qildi”, deb bejiz aytmagan. Bugun yaxshi kinolar bar­moq bilan sanarli, maʼnaviyatdan uzoq asarlar esa bemaza qovunning urugʻidek koʻpayib ket­gan. Bir vaqtlar bunday mahsulotlarga befarq qarash natijasida bugun ular ochiq-oydin meʼ­yorga aylanib bormoqda.

Albatta, oʻzbek kinosi faqat maishiy janjallar bilan cheklanib qolgan deb aytib boʻlmaydi. “Chantrimore”, “Suv yoqalab”, “Chega­radagi qishloq”, “Narigi sohilda qolgan bo­lalik”, “Osmondagi bolalar” kabi mazmunli filmlar ham bor. Ammo ayni paytda ekran­larda aynan maʼnaviy boʻshliqni chuqurlashti­radigan asarlar ustuvorlik qilayotgani jid­diy oʻylashga majbur qiladi.

Agar kino sanʼatida oltin oʻrtaliq saqlan­masa, u yo maʼnaviyatni yemiruvchi qurolga, yo maz­munsiz koʻngilochar mahsulotga aylanib qoladi. Oltin oʻrtaliq esa millat ruhiyati, hayosi va qa­driyatlari bilan zamonaviy ifoda oʻrtasidagi muvozanatdir. Ana shu muvozanat saqlangan joy­dagina kino haqiqiy sanʼatga aylanadi.

Talabga yarasha taklifmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda bunday fikrlar tez-tez uchramoqda: ayrim aktyorlar va ijodkorlar bugungi yengil-yelpi, maʼnaviy yuki kam film­larni “talabga yarasha taklif” deb izohlab, xalq orasida shunday seriallarga ehtiyoj katta ekani­ni daʼvo qilmoqda. Ular bu holatda aybni kino ishlayotganlarda emas balki tomoshabin talabida deb koʻrsatishga urinyapti.

Ammo shu oʻrinda savol tugʻiladi: talabni kim shakllantiryapti? Agar yillar davomida to­moshabinga faqat bachkana, yuzaki, axloqiy meʼ­yorlarni chetga surgan mahsulotlar taqdim etilsa, tabiiyki, did ham shu yoʻsinda shakllanadi.

Shu maʼnoda, oʻzbek kino va teatr sanʼatiga katta hissa qoʻshgan Bahodir Yoʻldoshevning quy­idagi fikrlari ayni haqiqatni ochib beradi: “Xiyonatlar ichida eng ogʻiri kasbga qilingan xiyonatdir deb bilaman. Belgilangan muddatda har qanday ishni bitirish mumkin, lekin si­fati-chi? Ish buyuruvchiga baribir, u nima boʻl­sa-boʻlsin, tezroq “material”ni qoʻlga olgisi keladi. Unga sizning shaʼningiz, nomingiz hech narsani anglatmaydi. “Material” qay koʻri­nishda boʻlmasin — xoh sahna, xoh ekran yoki maqola shaklida — fikrga hokim, soʻz egasi — siz! Oʻzingizni qay darajada hurmat qila olasiz, ichki madaniyatingiz ishga boʻlgan munosabatda koʻrinadi. Tabiat baribir oʻz aytganini qiladi: u xoʻjakoʻrsinchi, shoshma-shosharlardan boplab oʻchini oladi. Oddiy misol, terakning tez oʻsadi­gan navidan uy qurib boʻlmaydi”.

Ushbu soʻzlar har bir ijodkorni faoliyatiga vijdon koʻzi bilan qarashga undaydi. Albatta, ijod ahli erkin. Ammo bu erkinlikning aniq chegarasi bor va bu xalqning maʼnaviyatidir. Agar sanʼat faqat koʻngil ochish uchun xizmat qilsa, u sanʼat emas, oddiy biznes mahsulotiga aylanib qoladi.

Kinoning eng asosiy vazifasi — inson ruhiyatini tarbiyalash. U odamni oʻylantirishi, hayotga boshqacha nazar bilan qarashga undashi, hech boʻlmasa, “Men kimman? Qanday yashayap­man?” degan savollarga javob izlashga majbur qilishi kerak. Ana shundagina kino haqiqiy sanʼat darajasiga koʻtariladi.

Bugun esa koʻplab film va seriallarda tomoshabinni chuqur fikrlashga chorlaydigan gʻoyalar oʻrniga yengil sensatsiya, maishiy jan­jallar, axloqiy meʼyorlarni buzuvchi sahna asarlari ustuvorlik qilmoqda. Bu holat, ay­niqsa, yoshlar ongiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Agar kino hayotni barcha murakkabligi, yax­shiligu kamchiliklari bilan xolis aks ettirsa — u rostgoʻy. Basharti faqat sunʼiy ideal hayot, boylik, buzilgan munosabatlar, behayo obrazlar orqali yashashni targʻib qilsa, niqobga aylanadi.

Millat maʼnaviyati faqat soʻz bilan emas, avvalo, sanʼat orqali shakllanadi. Ayniqsa, kinoning kuchi inson qalbiga bevosita taʼsir qilishidadir. Shu sababli undan foydalanish ham ulkan masʼuliyat talab qiladi.

Didni kim tarbiyalaydi?

Bolaligimizda biz sevib tomosha qilgan “Charxpalak”, “Dev bilan pakana” kabi film­lar reyting uchun olinmagan, nazarimda. Ular insoniylikka chorlagani, xalqona ruhga ega boʻlgani uchun qalblarda qolgan.

Haqiqiy ijodkor hech qachon tomoshabin orti­dan quvmaydi. Xalqimizda badiiy estetik did azaldan mavjud. Ammo doimiy ravishda didsiz mahsulotlar berilaversa, did ham shu darajaga tushib qoladi. Keyin esa saviyali asarlar qabul qilinmaydi. Bugungi zamonaviy media muhi­tida kino nafaqat estetik, balki ijtimoiy va axloqiy kuchga ega fenomenga aylangan. Qanday gʻoyalar, qanday qahramonlar ekranda ustuvor boʻlsa, jamiyat ham shu tomon qarab shakllanadi.

Shu sababli kinoni faqat koʻngilochar vosita sifatida emas, balki millat taqdiriga daxldor, masʼuliyatli ijtimoiy hodisa sifatida baho­lash vaqti keldi. U koʻzgu boʻladimi yoki niqob, avvalo, ijodkorning vijdoni, jamiyatning ongi va tomoshabinning didiga bogʻliq.

Sardor SHUHRAT oʻgʻli,

jurnalist