Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan xorijdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan, ilm-fan bilan shugʻullanayotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan hamda yuksak bilim va malakaga ega boʻlgan Oʻzbekiston yoshlarining Vatanimizga kelib ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularga uy-joy ajratish, munosib maosh toʻlash boʻyicha yangi tizim joriy etilmoqda.
Farmonga koʻra, davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etilgan. Qayd etilgan qoʻshimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida har oy toʻlab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi va toʻlovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilgan oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yoʻnalishlari, tor mutaxassisliklar roʻyxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari roʻyxati Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan. Xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar reytinglarida eʼlon qilingan universitetlar roʻyxati bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Farmonga koʻra, Xalqaro reytingda 1 dan 100-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida, magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida, xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida ustamalar belgilangan.
Xalqaro reytingda 101 dan 300-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida, magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida, xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 60 barobari miqdorida ustamalar belgilangan.
Shuningdek, xalqaro reytingda 301 dan 500-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 15 barobari miqdorida, magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida, xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 50 barobari miqdorida ustamalar belgilangan.
Misol uchun, Xitoyning Fudan universiteti QS reytingida 31-oʻrinda turadi. Mazkur universitetning doktoranturasini bitirgan yosh mutaxassisga BHMning 75 barobari imqdorida, yaʼni 20 250 000 soʻm ustama toʻlanmoqda. Buyuk Britaniyaning Dandi universiteti (University of Dundee) Tayms reytingida) 201-oʻrinda turadi. Mazkur universitetning magistratura bosqichini bitirgan yosh mutaxassisga BHMning 30 barobari miqdorida, yaʼni 8 100 000 soʻm ustama toʻlanmoqda.