“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ham samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.“Yangi Oʻzbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” shiori ostida har bir xonadon tomonidan 20 tup koʻchat ekish va parvarish qilish tashabbusi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida viloyat, tuman va shaharlar hokimlarining qurilish boʻyicha oʻrinbosarlari masʼulligida Ishchi guruhlar tashkil etildi. Tuman-shaharlar va mahallalarda mahalliy hokimliklar tomonidan 600 ga yaqin koʻchat yarmarkalari tashkil etildi. Ekologiya, bandlik hamda oʻrmon xoʻjaligi masʼullarini tumanlar va mahallalarga biriktirish jadvallar asosida amalga oshirildi. Markaziy koʻchalar, mahallalar va dehqon bozorlarida 900 ga yaqin koʻchat sotish punktlari tashkil etildi.
Viloyat, tuman va shaharlar ishchi guruhlari tomonidan koʻchat ekish boʻyicha taqsimotlar ishlab chiqilib, chora-tadbirlar belgilanib olindi. Xususan, shtablarga ekologiya va oʻrmonchilik sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni biriktirish, mahalla raislari bilan birgalikda sugʻorish tizimi mavjud, iqlim sharoitiga mos, tuproq sharoitiga toʻgʻri keladigan koʻchat turlarini aniqlash va ushbu koʻchatlarni ekish uchun yer maydonlarini tanlash ishlari olib borildi.
Har bir mahallalarga oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan koʻchatlar yetkazib berish boʻyicha tashkiliy va amaliy choralar koʻrilmoqda. Jumladan, 2023-yil 30-oktyabr holatiga koʻra, loyiha doirasida 2023-yil kuz mavsumida hududlarda jami 6 million 100 ming donadan oshiq koʻchatlar oʻtqazilgan. Qolaversa, mahallalarda koʻchat ekish boʻyicha umumiy reja 18 milliondan ortiq etib belgilangan boʻlib, shundan, mavsum boshidan buyon 2 million 350 mingtaga yaqin koʻchatlar ekilgan.
Mahallalarda ekilgan mevali va manzarali koʻchatlar soni mavsum boshidan buyon Qoraqalpogʻiston Respublikasida 278 mingta, Andijon viloyatida 400 mingta, Qashqadaryo viloyatida 245 mingta, Toshkent shahrida 200 mingta, Fargʻona viloyatida 245 mingta, Toshkent viloyatida 164 mingta, Jizzax viloyatida 145 mingta hamda Buxoro viloyatida 195 mingtani tashkil qilgan.
Loyiha doirasida hududlarda ishlar jadal suratlarda davom ettirilmoqda.