баннер
15 Mar 2025
01:42

    Kelgusi ikki yilda Oʻzbekistonda 12 ta issiqlik elektr stansiyalari ishga tushadi

    2027-yil yakuniga qadar Oʻzbekistonda umumiy quvvati 7 057 MVtga teng boʻlgan 12 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

    Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qildi.

    Shuningdek, birifingda quyosh, shamol va issiqlik elektr stansiyalarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida maʼlumot berildi.

    Xorijiy kompaniyalar bilan imzolangan bitimlarga asosan, 2027-yilga qadar yurtimizda umumiy quvvati 4 183 MVt boʻlgan yana 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

    2027-yilda Surxondaryo viloyatining Angor tumanida quvvati 1 560 MVt va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida quvvati 550 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

    Shu bilan bir qatorda, 2025 – 2027-yillar mobaynida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan qiymati 2 mlrd 214 million AQSH dollari, umumiy quvvati esa 2 087 MVt boʻlgan 4 ta yirik investitsiya loyihalari ishga tushiriladi.

    Bu loyihalar foydalanishga topshirilgach, qoʻshimcha 49,7 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, yiliga qariyb 5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.

    Tizimli ishlar natijasida 2026-yilga borib, Oʻzbekistonda umumiy quvvati 9947 megavatt, 2030-yilga borib esa 20000 megavattdan ortiq boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari faoliyat yuritishi kutilmoqda.

    Mazkur “yashil” loyihalar ishga tushirilgach, 2030-yilga borib, yiliga 50 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech