Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika xizmati boshqarmasi tomonidan 2023-yilning 10 oyi davomida 19 359 ta geografik obyektlarning nomlarini davlat reestriga kiritilishi taʼminlandi. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha 46 330 ta nom ekspert komissiyasiga taqdim etilgan. Shundan, 22 970 ta geografik obyekt nomlariga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy eksport xulosalari berilgan. 23 360 ta nom qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topilib, qayta koʻrib chiqish uchun hududiy komissiyalarga qaytarilgan.
Bundan tashqari, viloyat, tuman (shahar) xalq deputatlari kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan 20 592 ta nom oʻrganib chiqilgan. Shundan, qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlgan 19 359 ta nom belgilangan tartibda geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri bazasiga kiritilgan. Shu bilan bir qatorda hududiy komissiyalar tomonidan oʻrganilgan va hududda mavjud boʻlmagan 954 ta geografik obyekt nomlarini davlat reyestridan oʻchirish, davlat reyestriga kiritilgan 279 ta geografik obyektlarning nomlariga tegishlicha oʻzgartirishlar kiritish ishlari amalga oshirildi.
Hozirgi kunda, davlat reyestrida 178 174 ta geografik obyektlarning nomlari jamlangan. 2023-yilning oʻn oyida geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishga doir respublika boʻyicha mahalliy kengashlarning 141 ta qarori qabul qilingan.
Maʼlumot uchun: «Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida"gi qonunning 4(1)-moddasiga koʻra, sheografik obyektlarga nom berish va nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni tayyorlash jarayonida mahalliy aholining fikri albatta hisobga olinadi. Mahalliy aholi geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan oʻz fikrini ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda, yakka tartibda yoki jamoa boʻlib bildirishi mumkin. Bunda shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek, uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.