Toʻqimachilik sanoati boʻyoqlari Ohangaronda tayyorlanadi

    Sanoat 18 Iyul 2020 1214

    Ohangaron tumanining “Alisher” mahalla fuqarolar yigʻini hududida toʻqimachilik sanoati uchun boʻyoqlar ishlab chiqarishga moʻljallangan zavod barpo etilmoqda.

    Bugungi kunda 37,5 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilyapti. Loyihaning umumiy qiymati 70 mln. AQSH dollariga teng boʻlib, uni kelgusi yilning toʻrtinchi choragida foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. Jalb etiladigan xorij investitsiyasining hammasi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisoblanadi. Korxona faoliyat boshlagach, 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Hozirgi paytda mahsulotlarni saqlash uchun omborxona, oshxona va maʼmuriy binolarni barpo etish ishlari nihoyasiga yetmoqda. Ilgari bu yerda «Perekis vodorod ishlab chiqarish» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgandi. Lekin keyinchalik loyihaning maqsadi oʻzgartirilganligi bois, toʻqimachilik sanoati uchun boʻyoqlar ishlab chiqarishga moʻljallangan korxona barpo etilyapti.

    Shu kungacha loyiha doirasida 1 million AQSH dollari oʻzlashtirildi. Korxonada mahsulotlar Xitoy texnologiyasi asosida ishlab chiqariladi. Tayyorlangan mahsulotlarning asosiy qismi, yaʼni 80 foizi xorijga eksport qilinadi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, mazkur loyiha davlatimiz rahbarining oʻtgan yili iyun oyining boshida viloyatga tashrifi davomida tasdiqlangan yangi manzilli dastur asosida bunyod etilyapti.