Toshkent – Samarqand – Toshkent yoʻnalishida “Afrosiyob” poyezdining qoʻshimcha qatnovni yoʻlga qoʻyiladi

    Transport 14 Mart 2022 2189

    Navroʻz bayrami arafasida Toshkent – Samarqand – Toshkent yoʻnalishida qoʻshimcha “Afrosiyob” zamonaviy poyezdining qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

    Yaqinlashib kelayotgan Navroʻz bayrami munosabati bilan, yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida, joriy yil 19–26-mart kunlari Toshkent – Samarqand – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha “Afrosiyob” zamonaviy poyezdining qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “2022-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-35-sonli Farmoniga muvofiq mamlakatimizda ichki yoʻnalishlardagi yoʻlovchi poyezdlari 2021-yilning 31-dekabr — 2022-yil 4-yanvar, 2022-yil 21-23-mart va 2022-yil 1-2-sentyabr kunlarida quyidagi tarif qismidan kiritilgan bayram chegirmalar mavjud:

    - Nafaqaxoʻrlar, nogironlar, 1941-1945-yil urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolarga chiptaning tarif qismidan – 50%;

    - Oliy oʻquv yurtlarining talabalari, maktab oʻquvchilari, kollej va litsey talabalari, IIV, MV, DXX, DSQ, DBQ maxsus taʼlim muassasalari talabalariga chiptaning tarif qismidan – 15%;

    - Oilaviy boʻlib poyezdga chiqsa (ikki yoki undan ortiq kishi – eri va rafiqasi, eri yoki rafiqasi va 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari, otasi yoki 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan ona) (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda) chiptaning tarif qismidan – 15%;

    - Bir jamoa, guruh boʻlib poyezdga chiqsa (4 kishidan ortiq — yoʻriqnoma asosida) chiptaning tarif qismidan – 15%;

    - “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarida barcha toifadagi yoʻlovchilarga chiptaning tarif qismidan — 10%.

    IZOH: Imtiyozli boʻlgan chiptalarni faqat temiryoʻl kassalarida xarid qilish mumkin. Elektron chiptalarda belgilangan chegirmalar rasmiylashtirilmaydi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali qoʻshimcha maʼlumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yoʻl kassalari (http://www.railway.uz/ru/interaktivnye_uslugi/spravochnye_telefony/) hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olish mumkinligi eslatiladi.