Barcha arizalar ko‘rib chiqildi va guruhlarga bo‘linadi. 100 kishidan iborat birinchi guruh 2023-yil 26-iyun kuni aeroportga keladi. Qolgan ishtirokchilar tasdiqlangan jadval bo‘yicha ekskursiyaga kelishlari mumkin.

— Biz bunchalik ko‘p ariza kutmagan edik. Balkim, bu hamma uchun birinchi ochiq ekskursiya bo‘lgani uchundir. Birinchi kunning o‘zida elektron pochtaga 300 ga yaqin xat kelib tushgan. Bu juda katta raqam. Lekin biz qabulni to‘xtatmadik va ariza topshirgan har bir kishi uchun ekskursiya o‘tkazishga qaror qildik. Bu bitta yoki hatto ikkita ekskursiya bo‘lmasligi aniq edi. Biz ilgari xodimlarning farzandlari uchun shunga o‘xshash tadbirlarni o‘tkazdik va bilamizki, bolalarning optimal soni yuzdan oshmasligi kerak. Shu kunlarda barcha murojaatlarni saralab, guruhlarga bo‘lib, jadvalni tasdiqladik, — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati. 

Ariza yuborganlarning barchasiga ekskursiya sanasi va vaqti, shuningdek, aeroportda tadbirni o‘tkazish dasturi va qoidalari ko‘rsatilgan javob xati beriladi. Ekskursiya davomida bolalarga ro‘yxatdan o‘tish joyidan tortib, bagajni samolyotga ortishgacha bo‘lgan ishlar ko‘rsatiladi. Yakuniy bosqichda samolyot namoyishi bo‘ladi — bolalar salonga kirishlari, bagaj bo‘limini va hatto ekipaj ish joyini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.