Toshkent aeroportida valyuta ayirboshlash shoxobchalari ko‘paydi

    Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminalida qo‘shimcha valyuta ayirboshlash shoxobchasi ochildi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" xabar bermoqda.

    Qayd etilishicha, ikkinchi nuqta terminalga kirishda, bagajlarni o‘rash punkti yonida joylashgan. Birinchi nuqta oldingi joyida — terminalning qarama-qarshi tarafida VIP va CIP zallari yonida qoldi.

    Poytaxt aeroportida yo‘lovchilar dollar, yevro, ingliz funt sterlingi, shveysariya franki, yapon iyenasi, rubl, qozoq tengesini o‘zbek so‘mlariga almashtirishi mumkin.

    Ikkala ayirboshlash shoxobchalari ham O‘zbekiston Milliy bankining filiallari hisoblanadi.

    Xabarda valyuta ayirboshlash shoxobchalari Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida ham mavjudligi eslatilgan.