Toshkent aeroportidagi mehmonxona auksionga qo‘yildi

    Toshkent aeroportida joylashgan mehmonxona auksionga qo‘yildi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

    Xabarda aytilishicha, poytaxt aeroportida ilk bor mehmonxona ochiladi. U xalqaro aviaqatnovlar terminali jo‘nab ketish zalining steril hududida joylashgan va tranzit yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan. Bugungi kunda mehmonxona to‘liq qurib bitkazilgan va foydalanishga tayyor.

    Uzbekistan Airports kompaniyasi ijarachi – mehmonxona boshqaruvini to‘liq o‘z qo‘liga oladigan mehmonxona sohasidagi professionalni qidirmoqda. Tegishli lot No 7214493 E-auksion.uz elektron platformasiga joylashtirilgan. Umumiy maydoni 240 kv/m bo‘lgan mehmonxonaning boshlang‘ich bahosi yiliga 1 296 000 000 so‘m. Veb-saytda joylashtirilgan texnik topshiriqlarga javob beradigan kompaniyalar ishtirok etishi mumkin. Arizalar qabul qilishning oxirgi muddati 2023-yil 30-oktabr.

    Mehmonxona ikki qavatdan iborat bo‘lib, unda 24 ta xona mavjud. Ushbu mehmonxonada sayyohlar va tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumot nuqtasi, yuvinish xonasi va dushlar, 24 soatlik resepshn va parvozga individual taklif qilish tizimi mavjud.