Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamkorligidagi “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining yashil iqtisodiyotga inklyuziv oʻtishini qoʻllab quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Ishtirokchilar dastlab Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining sugʻorish texnologiyalari va texnikasi, gidrotexnika va melioratsiyada gidrodinamika jarayonlarini modellashtirish va Meliorativ texnika va mexanizmlar laboratoriyasi hamda Saniplast korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan tomchilatib sugʻorish tizimlarini koʻzdan kechirishdi.
— Global iqlim oʻzgarishi natijasida soʻnggi yillarda suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelganligi sabab, sugʻoriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashishib bormoqda, — deydi EU-AGRIN loyihasi milliy koordinatori Ulugʻbek Islamov. — Suv tanqisligidan fermer va dehqonlar eng koʻp zarar koʻrib, hosildorlik pasayib ketmoqda. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan EU-AGRIN loyihasi doirasida yuqoridagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, Toshkent, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlaridagi ayrim kichik fermer va dehqon xoʻjaliklarida Yevropa tajribasini qoʻllash rejalashtirilgan. Yaʼni bu orqali iqlim oʻzgarishiga moslashib, yerdan samarali foydalanish va suv resurslarini tejaydigan texnologiyalarni qoʻllagan holda suvsizlikka chidamli ekin turlarini yaratish hamda ularni sinovdan oʻtkazish orqali dehqon va fermer xoʻjaliklariga innovatsiyalarni joriy etishga koʻmaklashiladi.
Seminarda yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligi holati buzilishining oldini olish, sifatli mahsulot yetishtirish borasidagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish xususida atroflicha soʻz yuritildi. Xususan, sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining umumiy barqarorligiga erishishda suvning ahamiyati: Yevropa Ittifoqi va global siyosatining umumiy koʻrinishi”, “Sugʻoriladigan maydonlarda “dala sugʻorish tizimi – SMART” texnologiyasini joriy qilish”, “Yer - suv resurslaridan oqilona foydalanish va shoʻrlangan yerlar melioratsiyasi”, “Suv xoʻjaligi tizimini raqamlashtirishda “Aqlli suv” qurilmalari”, “Qishloq xoʻjaligida suv hisobini yuritish: innovatsion usullar” va “Iqlim oʻzgarishi sharoitida suv tanqisligini yumshatish” mavzularidagi taqdimotlar tinglandi.