Toshkent, Jizzax, Sirdaryoda faoliyat yurituvchi jurnalist va blogerlar uchun navbatdagi treninglar boshlandi

    Mamlakatimizda 16 Noyabr 2021 1985

    “Yuksalish” umummilliy harakati respublikamiz boʻylab jurnalist va blogerlar malakasini oshirishga koʻmaklashishda davom etadi.

    Navbatdagi — uchinchi media maktab treninglari Toshkent viloyatida boshlandi. Unda Toshkent shahri va viloyati hamda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yurituvchi jurnalist va blogerlar ishtirok etyapti.

    Uch kun mobaynida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazining trenerlari Saida Sulaymanova hamda Emil Faxreyev tomonidan multimedia vositalaridan foydalangan holda auditoriya uchun qiziqarli kontent yaratish, mualliflik materialiga keng ommani jalb qilish, SMM-faoliyat va uning bazaviy tushunchalari, vizualizatsiya vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish, infografikalar yaratish va boshqa mavzularda ham oʻquv, ham amaliy mashgʻulotlar oʻtilishi rejalashtirilgan.

    Maqsad — OAV vakillarini qoʻllab-quvvatlash, jurnalist va blogerlarning ijtimoiy tarmoqlar uchun sifatli va qiziqarli kontent yaratish boʻyicha salohiyatini oshirishga, zamonaviy texnologiyalar, dasturiy taʼminot toʻplamlaridan foydalangan holda maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish (infografikalar tayyorlash)ga, materiallarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish borasida bilim va koʻnikmalarini oshirishga koʻmaklashish.

    Bobur Bekmurodov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi:

    — Media maktab loyihasi hududlardagi jamoatchilik faollari, faol fuqarolar, jurnalist va blogerlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Davlat rahbari soʻz erkinligini taʼminlash, erkin va farovon jamiyat qurish – tanlagan hamda ortga qaytmaydigan yoʻlimiz ekanini koʻp taʼkidlaydi. Buning uchun albatta, konstruktiv axborot maydoni kerak. Bu maydon ishtirokchilari esa professional jurnalistlardir. Shuning uchun u qancha keng boʻlsa, qancha professional boʻlsa, yetuk jamiyatni qura olamiz. OAV vakillarining har qanday takliflarini tinglashga, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz. Kelgusida professional faoliyatingizni yanada yuksaltirish uchun xalqaro darajadagi trenerlarni ham jalb qilishni maqsad qilganmiz.

    Ronni Xayne, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi vakili:

    — Keyingi besh yil davomida mintaqa davlatlari orasida Oʻzbekistonda yuz berayotgan jadal islohotlarga hamrohlik qilib kelayotganimizdan xursandmiz. Bunda turli davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelyapmiz. Eng yaqin hamkorimiz “Yuksalish” umummilliy harakatining “Jurnalist va blogerlar media maktabi” loyihasi anʼanaga aylanib ulgurdi. Har qanday jamiyatni rivojlantiruvchi kuch bu – OAVdir. Globallshuv va texnika taraqqiyoti davrida ijtimoiy tarmoqlarning ahamiyati kuchayib boryapti. Odamlar axborotni koʻproq tarmoqlardagi kanallar, sahifalar, bloglar orqali olyapti. Lekin xabarlar oqimi keng, ular orasida toʻgʻri va notoʻgʻri (feyk) xabarlar ham bor. Ularni oddiy oʻquvchilar ajratolmasligi, feyklarga ergashib ketishi mumkin. Shuning uchun oʻz kanali, blogini ochib, faoliyat yuritayotgan jurnalistlar zimmasida katta masʼuliyat yotadi.

    Fikr erkinligi bu – xohlagan gapni gapirish emas, balki zimmasida masʼuliyatni his qilishdir. Yaʼni xabarni har tomonlama tekshirib tarqatish masʼuliyati yotadi. Bugun trenerlar yordamida oʻquvchiga axborotni toʻgʻri yetkazishning interaktiv usullarini oʻzlashtirasiz, degan umiddamiz.

    Eslatib oʻtamiz: Mazkur loyiha “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi koʻmagida tashkil etilmoqda. Yil boshidan Jurnalist va blogerlar maktabi ikkita hududda: mart oyida Fargʻona shahrida, may oyida Urganch shahrida tashkil etildi. Ularda 44 nafar mahalliy jurnalist va blogerlar oʻz bilimlarini oshirdi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.