Hududlardagi shifokorlarning malakasini oshirish JST tavsiyasi asosida keng yoʻlga qoʻyiladi

    Salomatlik 25 May 2023 2325

    Joriy yil 24-mayda Toshkent shahrida trenerlarga moʻljallangan “Ilmiy isbotlarga asoslangan antenatal parvarish” nomli birinchi trening yakunlandi.

    Tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bazasida oʻtkazildi.

    Treningning oʻziga xosligi — uning birinchi boʻgʻin, yaʼni poliklinika, ambulatoriyalar mutaxassislariga yoʻnaltirilganligidadir.

    Bunda 9 kun davomida shifokorlar nazariy bilimlar oldi, keyin esa yana 4 kun dars berish koʻnikmalarini charxladi. Endi sertifikatga ega boʻlgan mutaxassislar oʻz hududlarida oʻqitiladigan kurslarga trener sifatida dars oʻtishga jalb etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va YUNFPA koʻmagida oʻtkazilayotgan ushbu loyiha 1,5 yilga moʻljallangan.

    Agar avvallari Respublika miqyosidagi markazlar birlamchi boʻgʻin mutaxassislarining malakasini oshirish bilan kam shugʻullangan boʻlsa, bugun ushbu holat keskin oʻzgaradi.

    Respublikaning barcha hududlaridan 37 nafar oilaviy shifokorlar va akusher-ginekolog shifokorlar trenerlar uchun trening (TOT) birinchi ishtirokchilari boʻldi. Ular poliklinikada ishlay turib, tugʻishgacha parvarish ishlarini olib boradi.

    Tayyorlangan trenerlarning 2,5 yil davomida birlamchi tibbiyot-sanitar xizmatlarining 40 ming tibbiyot xodimlarini oʻqitilishini qamrab olishi rejalashtirilgan. Shu tufayli Respublika akusherlik va ginekologiya markazida bu yoʻnalishdagi trenerlarni tayyorlash uchun keyingi treninglarni oʻtkazish rejalashtirilyapti.

    Boʻlajak trenerlar antenatal parvarish (tugʻishgacha yordam) boʻyicha JSTning oxirgi tavsiyalariga muvofiq ilmiy isbotlarga asoslangan bilim oladi va koʻnikmalarini oshiradi. Bu homilador ayol tibbiy xizmatning tashkillashtirilgan tizimidan oladigan butun bir tibbiy xizmatlar majmuasidir.

    Yaxshi tashkil etilgan antenatal parvarish jarayonida homilaning, yangi tugʻilgan chaqaloqning yoki onaning salomatligiga xavf solishi mumkin boʻlgan holatlarni oʻz vaqtida aniqlashi va ularning oldini olish kerak boʻladi. Unda shuningdek, ayolda homiladorlik va tugʻishga nisbatan pozitiv kayfiyat shakllanishiga yordam koʻrsatilishi ham koʻzda tutilgan.        

    Tugʻishgacha boʻlgan parvarishni bajaradigan shifokorlar vazifasiga homiladorlar ayollarga, hamda ularga yordam koʻrsatadiganlarga bilim berish, ularni oʻqitish ham kiradi.  

    Mutaxassislar shuni tushunishlari kerakki, tugʻishgacha parvarishning har qanaqangi yangi elementlari va sxemalari faqat ilmiy baholar asosida qoʻllanilishi kerak. Foydasi isbotlanmagan muolajalar va harakatlarni qoʻllamaslik, tavsiya qilmaslik kerak.

    Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yaxshi tashkil etilgan, ilmiy isbotlarga asoslangan tugʻishgacha parvarish onaning ham, bolaning ham salomatligida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan muammoning oldini olish imkonini beradi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.